Amir To'raqulov: "Pley-offni o'ylayotganimiz yo'q, o'z kuchimizga ishonamiz"

Iskandarov Abdulaziz
29 okt 2026, 16:25
Joriy mavsum "Bunyodkor" klubi uchun murakkab va sinovli kechmoqda.

So'nggi o'yinlarda "qaldirg'ochlar" muhim ochkolarni qo'lga kiritish uchun astoydil harakat qilmoqda. Bu borada jamoa yetakchilaridan biri Amir To'raqulovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Mavsum jamoa uchun juda og'ir kechmoqda. Ayting-chi, startdagi yaxshi natijalardan keyin yuzaga kelgan bunday keskin o'zgarishlar, oxirgi o'yinlardan so'ng kayfiyat qanday?

- Ha, to'g'ri, mavsum biz uchun oson kechmayapti. Mavsum boshida yaxshi natijalarga erishdik, yuqori o'rinlarda ham bo'ldik. Afsuski, keyinchalik vaziyat o'zgardi. Lekin futbolda bunday holatlar bo'lib turadi. Hozir eng muhimi - birdamlikni saqlab qolish, har bir o'yinga finaldek qarash va jamoa bilan oldimizga qo'yilgan vazifani bajarish. "Bunyodkor" katta tarixga ega klub, shuning uchun Superligada qolish uchun bor kuchimiz bilan oxirigacha kurashamiz.

- Maydondagi turli poziciyalarda harakat qilyapsiz. O'yinni tashkil qilishda asosiy figura bo'lyapsiz...

- Albatta, bu yerda murabbiylarning ishonchi katta ahamiyatga ega. Maydonda qaysi poziciyada o'ynamay, jamoaga foyda keltirishga harakat qilaman. O'yinni tashkil qilish va hujumlarni rivojlantirish - mening vazifalarimdan biri. Murabbiylar ishonch bildirsa, bu futbolchiga qo'shimcha mas'uliyat va motivaciya beradi. Men ham shu ishonchni oqlashga harakat qilaman.

- Mutaxassislar bilan ishlash jarayonida orttirilgan tajriba faoliyatingizda qanday o'rin tutadi? Xususan, Ilyos Zeytullaevdan qanday muhim saboqlarni oldingiz?

- Ilyos Zeytullaevdan ko'p narsa o'rgandim. Eng katta saboqlardan biri - intizom, mehnat va doimiy ravishda o'z ustida ishlash qanchalik muhimligini tushunish bo'ldi. Shuningdek, u kishi natijalar va vaziyat qanday bo'lishidan qati nazar, kamtar bo'lib qolishni ham o'rgatdi. Futbolda faqat iqtidorning o'zi etarli emas, balki o'z ishiga to'g'ri munosabatda bo'lish, atrofdagilarni hurmat qilish va doimo rivojlanishga intilish ham muhim. U kishi bilan ishlash men uchun yaxshi tajriba bo'ldi va hozir ham olgan saboqlarimni faoliyatimda qo'llashga harakat qilaman.

- "Bunyodkor"ning ayni paytda egallab turgan o'rnidan kelib chiqsak, ayni paytda Proligaga ham e'tibor qaratyapsizlarmi?

- Rostini aytsam, Proliga jamoalarini kuzatmayapman, chunki butun e'tiborimiz hozir o'z o'yinlarimizga qaratilgan. Klub va muxlislar oldida qanday mas'uliyat turganini yaxshi tushunamiz. Bizning maqsadimiz - pley-offsiz, to'g'ridan-to'g'ri Superligadagi o'rnimizni saqlab qolish. Buning uchun bor kuchimizni ishga solamiz. O'z kuchimizga ishonamiz va mavsumni munosib tarzda yakunlash uchun oxirigacha kurashamiz.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia