Yakobs 27 yoshida Senegal terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi

Sherzod Nurmatov
29 okt 2026, 19:55
"Galatasaroy" himoyachisi Ismoil Yakobs ijtimoiy tarmoqlarda Senegal terma jamoasidagi xalqaro faoliyatiga nuqta qo'yganini ma'lum qildi.

Avgust oyida futbolchi 27 yoshga to'lgandi.

"Milliy terma jamoaga go'daklikda kelib, endi uni etuk erkak sifatida tark etmoqdaman. Unutilmas xotiralar, umrbod davom etadigan do'stlik va qalbimda abadiy muhrlanib qoluvchi minnatdorlik tuyg'usi bilan ketyapman.

Germaniyada ulg'aygan bo'lsam-da, Senegal meni quchoq ochib, cheksiz mehr bilan qabul qildi. Bu mamlakat, muxlislar, jamoadoshlarim va madaniyat juda tez orada o'zimni o'z uyimdagidek his qilishimga imkon yaratdi.

Senegal tufayli bolalikdagi orzularimni ro'yobga chiqara oldim va qalbimda abadiy saqlanib qoluvchi lahzalarni boshdan kechirdim. Senegallik otaning farzandi sifatida men uchun nafaqat shaxsiy orzumni, balki otamning orzusini ham ro'yobga chiqarish beqiyos baxt bo'ldi.

Bugun yangi sahifani ochish vaqti keldi. E'tiborimni klubdagi faoliyatimga qaratmoqchiman hamda o'zim va oilam uchun ko'proq vaqt ajratmoqchiman. Zero, vaqt bebaho, bazi lahzalar esa hech qachon takrorlanmaydi. Senegal terma jamoasi libosidagi maydondagi sarguzashtim o'z nihoyasiga etmoqda, ammo ushbu mamlakat bilan bog'liq rishtalarim hech qachon uzilmaydi", – dedi Yakobs.

Yakobs Senegal terma jamoasida 2022 yilda debyut qilgan edi. U 33 ta o'yinda maydonga tushib, 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. JCH-2026 da u jamoasi bilan 1/16 finalga qadar yetib bordi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: foot-africa.com