

Chorak finalda to'rtta qiziqarli juftlik bor. Fransiya Marokashga qarshi maydonga tushsa, Ispaniya Belgiya bilan kuch sinashadi. Angliyani sensacion tarzda Braziliyani musobaqadan chiqargan Norvegiya kutib turibdi. Argentina esa intizomli o'yini bilan ajralib turgan Shveytsariyaga qarshi bahs olib boradi.
Fransiya - Marokash (9 iyul, 01:00)
Fransiya I guruhida birinchi o'rinni egallab, pley-offga yo'l oldi. Francuzlar 1/16 finalda Shvetsiyani 3:0 hisobida ishonchli tarzda mag'lub etdi, nimchorak finalda esa Germaniyani musobaqadan chiqargan Paragvayni ortda qoldirib, chorak finalga chiqdi.
Marokash S guruhida ikkinchi o'rinni olgan bo'lsa, pley-offda avval Niderlandiyani penaltilar seriyasida engdi, keyin esa Kanadani mag'lub etib, yana bir bor o'zining kuchli jamoa ekanini isbotladi.

Fransiya hozircha musobaqada eng barqaror o'yin ko'rsatayotgan terma jamoalardan biri. Hujumda imkoniyatlarni yaxshi yaratayotgan bo'lsa, himoyada ham raqiblarga deyarli imkoniyat bermayapti. Marokash esa avvalgi mundialdagi uslubidan voz kechmagan. Afrikaliklar to'pni raqibga berishdan qo'rqmaydi va o'z imkoniyatini qarshi hujumlarda qidiradi. Bu taktika Niderlandiya va Kanadaga qarshi o'zini oqladi.

Bu bahsda birinchi gol katta ahamiyatga ega bo'lishi mumkin. Agar Fransiya hisobni erta ochsa, Marokash oldinga chiqishga majbur bo'ladi. Aksincha, hisob uzoq vaqt ochilmasa, bosim francuzlarga o'ta boshlaydi. Marokash bugungacha ikki kuchli raqibni musobaqadan chiqardi va endi yana bir favoritni to'xtatishga harakat qiladi.
Ispaniya - Belgiya (10 iyul, 00:00)
Ispaniya H guruhida birinchi o'rinni egalladi. 1/16 finalda Avstriyani 3:0 hisobida mag'lub etgan ispanlar nimchorak finalda Portugaliyani ortda qoldirib, chorak finalga chiqdi.
Belgiya esa G guruhida birinchi bo'ldi. Pley-offda Senegalni 3:2 hisobida enggan belgiyaliklar keyingi bosqichda AQSHni mag'lub etib, musobaqani davom ettirmoqda.

Bu juftlikda o'yin uslublari keskin farq qiladi. Ispaniya to'pni nazorat qilishga va raqibni o'z yarim maydonida ushlab turishga harakat qiladi. Belgiya esa imkoniyat tug'ilganda tez hujumga o'tishni yaxshi biladi. Shuning uchun ispanlar to'pga ko'proq egalik qilsa ham, xavfli vaziyatlar har ikki darvoza oldida yuzaga kelishi mumkin.

Ispaniyaning asosiy ustunligi jamoaviy harakatda. Belgiya esa tajribali futbolchilariga tayanadi. Agar o'yin yuqori suratda kechsa, bu belgiyaliklarga qo'l kelishi mumkin. Ispaniya esa bahsni o'z tempida o'tkazishga harakat qiladi.
Norvegiya - Angliya (11 iyul, 02:00)
Norvegiya I guruhida ikkinchi o'rin bilan pley-offga chiqdi. Avval Kot-d'Ivuarni 2:1 hisobida mag'lub etgan yevropaliklar nimchorak finalda esa musobaqaning asosiy favoritlaridan biri Braziliyani ortda qoldirib, chorak finalga chiqdi.
Angliya L guruhida birinchi o'rinni egalladi. Pley-offda DR Kongoni, keyin esa Meksikani mag'lub etib, o'z oldiga qo'yilgan vazifani bajarib kelmoqda.

Norvegiya bu mundialda juda tartibli o'yin ko'rsatmoqda. Jamoa himoyada ortiqcha tavakkal qilmaydi va har bir imkoniyatdan foydalanishga harakat qiladi. Braziliyaga qarshi bahs buning yaqqol isboti bo'ldi. Angliya esa raqibga bosim o'tkazishni yaxshi ko'radi va hujumda ancha faol harakat qiladi.

Bu o'yinda Angliya ko'proq tashabbus bilan harakat qilishi mumkin. Ammo Norvegiyaning sensatsiya qilish qobiliyatini endi hech kim inkor eta olmaydi. Agar angliyaliklar imkoniyatlaridan foydalana olmasa, bahs yana qo'shimcha vaqtgacha cho'zilishi ehtimoldan xoli emas.
Argentina - Shveytsariya (11 iyul, 06:00)
Argentina J guruhida birinchi o'rinni egalladi. Pley-offda avval Kabo-Verdeni 3:2 hisobida mag'lub etdi, nimchorak finalda esa Misr to'sig'idan o'tib, chorak finalga chiqdi.
Shveytsariya V guruhida ikkinchi bo'ldi. Keyin Jazoirni 2:0 hisobida engdi va nimchorak finalda Kolumbiyani musobaqadan chiqarib, sakkizlikka kirdi.

Argentina hozircha har bir o'yinda hujumda o'z imkoniyatlarini yarata olmoqda. Biroq himoyada bazi muammolar ham ko'zga tashlandi. Shveytsariya esa aksincha, himoyada juda ishonchli o'ynamoqda va raqibga bo'sh hudud qoldirmaslikka harakat qilyapti. Shu sababli Argentiya uchun bu o'yin avvalgilariga nisbatan ancha qiyin kechishi mumkin.

Argentina favorit hisoblanadi, ammo Shveytsariya pley-offda osonlikcha taslim bo'lmaydigan jamoa ekanini ko'rsatdi. Agar shveytsariyaliklar himoyadagi tartibni saqlab qolsa, uchrashuvning taqdiri bitta epizod bilan hal bo'lishi ham mumkin.
JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul
Promokodni faollashtirish HAVOLASI



