

- Menimcha, "Buxoro" jamoasining asosiy yutug'i - murabbiylar shtabi. Bosh murabbiy o'z shtabi bilan birgalikda juda yaxshi mutaxassislar jamoasini shakllantirgan va yaxshi futbolchilardan iborat jamoa yaratgan. Bunday raqibga qarshi o'ynash hech bir jamoa uchun oson emas. Bu aniq. Biz uchun ham oson bo'lmadi. Bizga ochkolar kerak edi va shu maqsadda harakat qildik. Bugungi uchrashuvda raqibda ham, bizda ham vaziyatlar bo'ldi. "Buxoro" bir kishi kam bo'lib qolganidan keyin yanada kuchliroq himoyalanishni boshladi va maydonda juda tartibli harakat qildi. Shu sababli bizga o'ynash yanada qiyinlashdi. Bu biz uchun yangilik emas. Chunki raqibning murabbiyi ham, u shakllantirgan jamoa ham himoyada juda yaxshi o'ynaydi. "Buxoro"ning o'ziga yarasha yaxshi tarkibi bor. Har bir futbolchi o'z vazifasini yaxshi biladi: hujumchilar ham, himoyachilar ham. Bunday jamoalarga qarshi o'ynash hech qachon oson bo'lmaydi. Bugun bu yana bir bor o'z isbotini topdi. Shunga qaramay, biz uchun bu durang ancha ishonchli va kurashlarga boy natija bo'ldi, deb o'ylayman.
- Bugungi durangni "Surxon" uchun g'alabaga teng natija, deb aytish mumkinmi?
- Menimcha, yo'q. Agar maydonda 11 nafardan futbolchi qolganida, balki fikringizga qo'shilgan bo'lardim. Shunday bo'lsa-da, futbolchilarga nisbatan hech qanday etirozim yo'q. Ular bor kuchlarini berishdi va vaziyatlardan foydalanishga harakat qilishdi. Lekin nimadir bizga biroz yetishmayapti. Bu bizning gol ura olmayotgan ketma-ket uchinchi o'yinimiz. Bundan oldin OKMK jamoasida ham shunga o'xshash vaziyat kuzatilgan bo'lsa, hozir bizda ham shunday muammo paydo bo'ldi. Buning ustida ishlashimiz kerak. Nima sababdan bunday bo'layotganini aniq ayta olmayman. Nimadir bizga xalaqit beryapti. Balki, bu tasodifiy holatdir. Keyingi o'yinlarda gol urishga harakat qilamiz va bu muammo ustida ishlashda davom etamiz.
- "Surxon"da markaziy hujumchi yo'qmi yoki bugun hujumchilar yaratilgan vaziyatlarni golga aylantira olishmadimi?
- Bizda hujumchi bor. Bugun Kamron Yusupov maydonga tushdi. U yosh va iqtidorli futbolchi, harakatlari ham bor. Unga ham imkoniyat berishimiz kerak, chunki u biz bilan mashg'ulotlarda qatnashyapti va o'yinlarda maydonga tushyapti. Bugun unga asosiy tarkibda o'zini ko'rsatish imkoniyati berildi. U ham gol urishni xohladi, buning uchun intildi va harakat qildi. Ammo hammasi Xudodan. U qo'lidan kelganini qildi, shuning uchun unga nisbatan etirozim yo'q. Umuman, hech bir futbolchiga etirozim yo'q. Har biri bor kuchini berishga harakat qildi. Biz har bir o'yinga g'alaba uchun maydonga tushamiz. O'yin safarda bo'ladimi yoki o'z maydonimizdami - biz uchun farqi yo'q. Futbolchilarga shu ruhiyatni singdirishga harakat qilyapman.



