Islom Ismoilov: "Bugun ochko yo'qotishga haqqimiz yo'q edi. "Lokomotiv"ga qarshi o'yindagi mag'lubiyat biz uchun katta saboq bo'ldi"

23 okt 2026, 22:46
Superliganing 25-turi doirasida "Paxtakor" - "Neftchi" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "Neftchi" ustozi Islom Ismoilov fikrlarini bildirdi.

- G'alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. "Paxtakor" maydonida g'alaba qozonish, albatta, juda-juda yoqimli holat. Buning uchun ko'p mehnat qildik. Bugun maydonda haqiqiy "Neftchi"ni ko'rdik. Futbolchilar xarakter ko'rsatishdi va o'ylaymanki, ishonchli hamda munosib g'alabani qo'lga kiritdik. Ushbu g'alaba bilan Farg'onadan kelib, stadionda bizni qo'llab-quvvatlagan barcha muxlislarimizni, shuningdek, bizga befarq bo'lmagan barcha insonlarni tabriklayman.

- Birinchi taymda "Neftchi"ning harakatlari unchalik o'xshamadi, desa ham bo'ladi. "Paxtakor"ga gol urishi uchun imkoniyatlar berildi. Buning sababi nimada? Tanaffusda nimani o'zgartirdingizki, ikkinchi taymda "Neftchi" qanotlarda ham, umuman, boshqacha harakat qildi?

- Birinchi taymda ehtiyotkorroq futbol ko'rsatishga harakat qildik. Sababi, bunday uchrashuvlarda natija birinchi o'ringa chiqadi. Birinchi davrada, juda chiroyli o'yinlar o'tkazdik, hujumkor futbol namoyish etdik. Afsuski, futbolda bunday jihatlar har doim ham qadrlanavermaydi. Lobanovskiy ancha yillar oldin aytganidek, o'yin unutiladi, natija esa tarixda qoladi. Shuning uchun har doim hujumkor o'ynab, g'alaba qozonib bo'lmaydi. Oxirgi paytlarda bu borada juda ko'p tanqidlar bo'ldi, etirozlar bildirildi. Jamoa himoyada ko'p gol o'tkazib yuborayotgani, himoyani to'g'rilash kerakligi haqida ko'p gapirildi. Bunday fikrlar, xohlaymizmi-yo'qmi, insonga ta’sir qiladi. Bu omillarni hisobga oldik. Ushbu o'yinda ochko yo'qotishga haqqimiz yo'q edi. Hech bo'lmasa, bir ochko olishimiz kerak edi, chunki "Paxtakor"ning bizni ortda qoldirib ketishiga yo'l qo'ymasligimiz lozim edi. Bu ruhiyat va psixologiya bilan ham bog'liq. O'yindan oldin futbolchilarga 3-4-3 sxemasi himoyaviy emas, aslida hujumkor sxema ekanini tushuntirdik. Shunga qaramay, o'yin boshida raqibda ham, bizda ham imkoniyatlar bo'ldi. Penaltidan keyin esa o'yin o'zgarib ketdi. Shundan so'ng sxemani o'zgartirib, 4-3-3 tizimiga o'tdik. Ikkinchi taymda rejamizga muvofiq qanotlarni kuchaytirishni maqsad qilgandik. Chunki "Paxtakor" hisob durang bo'lib turganida, odatda, 60-daqiqalar atrofida o'zgarishlar qiladi va oldinga ko'proq o'ta boshlaydi. Shuni hisobga olib, Alisher Odilov va Abror Ismoilovni ikkinchi taymda maydonga tushirishni rejalashtirgandik. Ular maydonga tushishdi va biz o'zimiz ko'nikib qolgan 4-3-3 sxemasiga qaytdik. O'ylaymanki, ikkinchi taymda raqibga deyarli hech qanday imkoniyat qoldirmadik.

- Islom aka, g'alaba bilan tabriklayman. Gaplaringizdan kelib chiqib, bugungi uchrashuvni chempionlik uchun hal qiluvchi, markaziy o'yin deb hisoblash mumkinmi? Bunday muhim bahsda Islom Ismoilov o'zining futbol falsafasidan voz kechib, o'tgan yili "Neftchi" qo'llagan taktikaga qaytdi, degan fikrga qo'shilasizmi? Chunki uch himoyachi bilan o'ynaganda jamoa butunlay boshqacha futbol namoyish etadi.

- Yo'q. Masalan, 3-4-3, 4-3-3 yoki 5-3-2 - bular futbolchilarning maydonda qanday joylashuvini anglatadigan sxemalar, xolos. Jamoaning futbol falsafasi esa bitta o'yin bilan o'zgarib qolmaydi. Hatto futbolchilarga himoyaviy o'ynashni aytgan taqdirimizda ham, biz to'qqiz oydan beri hujumkor futbol o'ynayapmiz va raqib maydonida yuqori pressing qilishga harakat qilyapmiz. Bu falsafadan bir o'yin bilan voz kechmaymiz. Qolaversa, ushbu uchrashuvga etarlicha tayyorgarlik ko'rishga ham vaqtimiz bo'lmadi. O'yinlar oralig'i juda qisqa: safardan qaytamiz, kubokda o'ynaymiz, undan keyin esa ikki kun o'tib "Paxtakor"ga qarshi maydonga tushamiz. Principlarimdan qaytganim yo'q, lekin himoyani mustahkamlashga ko'proq e'tibor qaratdik. Sababi, oxirgi paytlarda ko'p gollarni qarshi hujumlardan o'tkazib yuborayotganimizni o'zingiz ham ko'rdingiz. "Nega birinchi davrada bunday bo'lmagan?" deb so'rashingiz mumkin. Birinchi davrada jamoaning jismoniy holati ancha yaxshi edi. Raqibning uchinchi zonasida to'pni yo'qotganimizdan keyin kontrpressingni juda faol amalga oshirardik va raqibning qarshi hujumga chiqib ketishiga yo'l qo'ymasdik. Ikkinchi davrada esa mavsum yakuniga yaqinlashgani sababli futbolchilarda charchoq alomatlari sezilmoqda. Oldinga ko'tarilamiz, ammo o'sha hududda to'pni yo'qotganimizda raqibga qarshi hujumga o'tish imkoniyatini berib qo'yapmiz. Buning oldini olish uchun tezlik va tezkor reakciya kerak. Mavsum oxiriga kelib, futbolchilarda bu ko'rsatkichlar pasayishi mumkin. Shuning uchun to'liq himoyaviy taktikaga o'tib olmaymiz. Biroq oldimizda mas'uliyatli o'yinlar turganini hisobga olib, ehtiyotkorroq harakat qilishga majburmiz. Hali chempionlik hal bo'lgani yo'q. Oldinda yana beshta tur bor. Shuning uchun chempion bo'ldik, deyishga erta. Oldimizdagi barcha o'yinlarda g'alaba qozonish uchun harakat qilishimiz kerak.

- Avvalo, muhim g'alaba bilan tabriklayman. "Paxtakor"ga qarshi bahsda chempionlik uchun juda muhim uch ochko qo'lga kiritildi. Oldinda beshta tur qoldi va "Neftchi" "Paxtakor"dan besh ochko oldinda. Muxlislar bu ustunlikdan tashqari yana qaysi omillarni hisobga olib, chempionlikka ishonch bilan qarashlari mumkin?

- Hech kim xotirjam bo'lishga haqli emas. Futbolchilar ham, biz ham bo'shashishimiz mumkin emas. Chempionatning o'zi kutilmagan natijalar ko'p bo'layotganini ko'rsatmoqda. Masalan, o'z maydonimizda "Xorazm" bilan o'yinda ochko yo'qotdik. Hammasi ruhiyatga bog'liq. Futbolchilarga ham aytganman: agar jamoa o'yinga to'g'ri tayyorlansa, ruhan shay bo'lsa, bu futbolchilar istalgan raqibni mag'lub eta oladi. Faqat bazi vaziyatlarda hissiyotlarga berilib, biroz bo'shashib qolyapmiz. Futbol esa bunday xatolarni darhol jazolaydi. U bunday narsalarni kechirmaydi. "Lokomotiv"ga qarshi o'yindagi mag'lubiyat biz uchun katta saboq bo'ldi. Shu o'rinda rahbariyatga ham minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular jamoani ruhiy jihatdan juda qiyin vaziyatdan olib chiqishdi va qo'llab-quvvatlashdi. Xudo xohlasa, mavsum oxirigacha shu tarzda davom etamiz. Ammo yana bir bor takidlayman: chempionlik hali hal bo'lgani yo'q.

- Oldinda hali beshta tur bor. "Qizilqum" va "Dinamo" ham jiddiy raqiblar, deb o'ylayman. Meni ko'proq Osiyo Chempionlar ligasi qiziqtiryapti. Bugun turli sxemalarni ko'rdik: birinchi taymda 3-4-3, ammo to'p nazorati asosan "Paxtakor"da bo'lgani sababli shaxsan men 5-4-1 sxemasini ham ko'rdim. Shunga qaramay, "Paxtakor"da to'rt-beshta yaqqol golli vaziyat yuzaga keldi. Bu esa himoyadagi koncentraciya masalasi bo'yicha xavotir uyg'otadi. Besh nafar himoyachi bilan o'ynaganimizda ham, Kuoao hujumlarga ko'p qo'shilmadi, Farrux Sayfiev pressingda unchalik muvaffaqiyatli bo'lmadi. Tayanch zonasida ham futbolchilarning sheriklarini sug'urtalashi va raqib harakatlariga o'z vaqtida javob qaytarishi bilan bog'liq muammolar ko'rindi. Shuningdek, Zoran Marushichning holatiga ham izoh bersangiz. Uni birinchi taymda almashtirdingiz, keyin esa kiyimini almashtirgan holda ko'rindi. Umuman, himoyadagi koncentraciya va tarkibga qo'shilishi kutilayotgan ikki futbolchining holati haqida gapirib bersangiz.

- Koncentraciyaning yo'qolishiga bir nechta omil sabab bo'ladi. Birinchisi - ruhiy charchoq, ikkinchisi - jismoniy charchoq, uchinchisi esa o'yin intizomi. Koncentraciya pasayganidan keyin gol o'tkazib yuborishimiz yoki raqibda xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Avvalo, oxirgi o'yinlar nega biz uchun qiyin kechayotganiga to'xtalmoqchiman. O'tgan mavsumni eslasangiz, jamoamiz oxirigacha uchinchi o'rinda borayotgan edi. Futbolda uchinchi o'rinda turib o'ynash bilan birinchi o'rinda turib o'ynash o'rtasida katta farq bor. Agar jadvalda uchinchi o'rinda bo'lsangiz, yo'qotadigan narsangiz kamroq bo'ladi. Oldinga intilasiz, chunki ko'p narsani yo'qotish xavfi yo'q. Birinchi o'rinda bo'lsangiz esa, yo'qotadigan narsangiz borligini his qilasiz. Bitta xato sizni pastga tushirib yuborishi mumkin. Biz mavsum boshidan beri deyarli birinchi o'rinda kelyapmiz. Oddiy misol: "Paxtakor" o'zaro o'yinlar natijasi hisobiga "Navbahor" bilan uchrashuvdan oldin birinchi o'ringa ko'tarildi. Ammo Namanganda ochko yo'qotdi. Bunday holatlar ham ruhiyatga ta’sir qiladi. Jamoa birinchi o'ringa chiqqach, uni saqlab qolish uchun o'ynay boshlaydi. Mavsum yakuniga yaqinlashyapmiz. Biz futbolchilardan ko'p narsa talab qilamiz, ammo maydonda bu talablarni bajaradiganlar - futbolchilarning o'zlari. Hozir ularda birinchi o'rinni yo'qotib qo'yishdan qo'rqish hissi kuchayib borayotganini sezish mumkin. Bu, albatta, psixologiya bilan bog'liq. Shuning ta’sirida qarorlarimiz noto'g'ri bo'lyapti, himoyada qo'pol xatolarga yo'l qo'yyapmiz. Har bir qaror va pasni xato qilib qo'ymaslik, bu xato golga olib kelmasligi haqidagi xavotir bilan amalga oshiryapmiz.

Birinchi davrada markaziy himoyachilarimiz maydon markazi orqali juda ko'p paslar berishardi. Biz ulardan birinchi pas bilan hujumchini topishni talab qilardik va ular buni muvaffaqiyatli bajarishardi. Hozir esa besh metrlik paslarda ham xatoga yo'l qo'yyapmiz. O'sha futbolchilar, o'sha maydon - hech narsa o'zgarmagan. Faqat ruhiy holat o'zgargan. Shuning uchun koncentraciya bilan bog'liq muammolarni jamoaning uzoq vaqtdan beri birinchi o'rinda kelayotgani va uni yo'qotib qo'yish xavfini his qilayotgani bilan izohlayman. Mening taxminim shu. Zoran Marushichga keladigan bo'lsak, bugun ko'plab futbolchilarimizda sonning orqa qismi mushaklarida muammolar kuzatildi. Jamoamizda 30 yoshdan oshgan futbolchilar ko'p bo'lishiga qaramay, ular yuqori intensivlikda o'ynashga harakat qilishyapti. Bugun o'yin surati juda yuqori bo'ldi. Ikkala jamoa ham hujum qilishga intildi, har bir epizodda futbolchilar maksimal tezlanishga harakat qilishdi. GPS ma'lumotlarini ko'rganimizdan keyin sprintlar soni qanchalik ko'p bo'lganini bilib olamiz. Bunday yuqori yuklama sonning orqa qismi mushaklarida tortishishlarga sabab bo'lishi mumkin. Hozir ularni imkoni boricha tezroq tiklashimiz kerak. Chunki ikki kundan keyin "Al-Ittihod"ga qarshi o'yin bor. Jokich haqidagi savolingizga kelsak, bu haqda ko'p intervyularda gapirganman. Hatto "Manchester Siti" ham Rodri jarohat olganidan keyin ko'plab o'yinlarda mag'lub bo'ldi. Jokich ham jamoamiz uchun juda muhim futbolchilardan biri edi. Mavsum boshida har qanday murabbiy o'z o'yinini muayyan futbolchi atrofida qurishi mumkin. Zamonaviy futbolda ko'pincha o'yin tayanch yarim himoyachisi atrofida quriladi. Shuning uchun Jokichning jarohati o'yinimizga katta ta’sir ko'rsatdi. Hozir bu vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz. Futbolda shunday o'yinchilar borki, ularning yo'qligi jamoaga juda katta ta’sir qiladi. Shunga qaramay, mavsumning ikkinchi qismida qolgan futbolchilarimiz ham o'zlarining yuqori mahoratini namoyish etishyapti va jamoa uchun bor kuchlarini berishyapti.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia