Kerrik matbuot anjumanini olti daqiqalik nutq bilan boshladi: "Manchester Yunayted" mendan ham, har qanday futbolchidan ham buyuk"

23 okt 2026, 20:15
"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Maykl Kerrik APL 8-turi doirasida "Bornmut"ga qarshi uchrashuv oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanini olti daqiqalik nutq bilan boshladi. Uchrashuv 25 oktyabr kuni bo'lib o'tadi.

Joriy mavsumda mankunianliklar 11 ta o'yinda atigi ikki marta g'alaba qozonishgan. Kerrik jamoaning so'nggi natijalari va "Komo"ga qarshi 1:4 hisobidagi mag'lubiyat haqida ochiq gapirdi.

"Menimcha, so'nggi paytlarda ishlarimiz unchalik yaxshi ketmayapti. Bu ayon.

Hozir boshimizdan kechirayotgan vaziyatni to'liq tushunaman. Bungacha esa nisbatan muvaffaqiyatli besh oylik davrni o'tkazgan edik va o'sha paytda meni ko'p narsa quvontirardi.

So'nggi vaqtlarda etarlicha yaxshi o'ynamayapmiz. “Komo”ga qarshi uchrashuv (1:4) omadsiz o'tdi. Ko'plab sabablarga ko'ra, bu juda yomon o'yin bo'ldi. Bu biz uchun og'ir zarba edi. Jamoamizning qanday o'ynaganini va uchrashuv qanday kechganini ko'rish menga ham og'ir botdi.

O'sha o'yinda qanday harakat qilganimiz va o'zimizni qanday tutganimiz mutlaqo qabul qilib bo'lmaydigan holat. Muxlislar klubning eng muhim qismidir. Odamlar bizga yordam berish uchun vaqt va kuch sarflab, mablag' ajratib, bizni qo'llab-quvvatlashga kelishadi. Ammo yakunda ular ham xuddi biz kabi og'riqli hislarni boshdan kechirishdi. Bu juda og'ir vaziyat.

Mening vazifam - maydonga klub va uning muxlislarini o'zida aks ettiradigan jamoani olib chiqish. Biz ko'rsatayotgan futbol uslubi bilan muxlislar faxrlanishi kerak.

So'nggi paytlarda ayrim o'yinlarda bu tamoyildan chekindik. Men buni juda yaxshi anglayapman va vaziyatni tuzatish uchun, albatta, choralar ko'ryapman. Buni barchamiz tushunishimiz muhim.

Muxlislarimiz men va butun klub uchun nihoyatda qadrli. Mavsumning dastlabki besh oyidagi holatimizga qaytishimiz kerak. O'sha paytdagi muhit, o'zaro yaqinlik, beqiyos energiya, yuqori shiddat, quvonch va futbolga bo'lgan ishtiyoqni qayta tiklashimiz zarur. Biz bu holatga albatta qaytamiz, bunga qatiy ishonaman. Ammo so'nggi vaqtlarda buni uddalay olmaganimizni ham tan olishimiz kerak.

Klubning poydevori va qadriyatlari ko'p yillar avval shakllangan va mustahkamlangan. Men buni juda yaxshi tushunaman va ushbu tamoyillarning har birini to'liq qo'llab-quvvatlayman.

Bularning barchasi kamtarlik, o'zini katta tutmaslik va mehnatsevarlik bilan bog'liq. Qattiq mehnatimiz bilan haqiqatan faxrlanishimiz va o'z qadriyatlarimizga mos yashashimiz kerak.

Bu klub uzoq yillar davomida o'zining matonatini namoyon etib kelgan. Qiyinchiliklarni engib o'tish, irodali g'alabalar, so'nggi daqiqalardagi gollar, muvaffaqiyatga erishish yoki uni saqlab qolish - bularning barchasi "Manchester Yunayted"ning ajralmas xususiyatidir.

Men buni o'z ko'zim bilan ko'rganman va o'zim ham his qilganman. Klub tarixida muhim o'rin tutgan insonlarni shaxsan taniyman, ularning ayrimlari bilan yaqindan tanishman.

"Manchester Yunayted" har doim har qanday alohida insondan buyuk bo'lgan, hozir ham shunday va kelajakda ham shunday bo'lib qoladi. Bu klub mendan ham, har qanday futbolchidan ham buyuk", - dedi Maykl Kerrik.

O'xshash yangiliklar


Manba: Sky Sports