Ilyos Zeytullaev: "Mavsumni faqat yosh futbolchilar bilan yakunlashimiz ehtimoli ham yo'q emas"

Абдулвосит Бектемиров
12 may 2026, 00:53
O'zbekiston Kubogi 1-turdan o'rin olgan "Bunyodkor" - "TerDu" uchrashuvidan so'ng mezbonlar ustozi Ilyos Zeytullaev o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Avvalo stadiondagi ajoyib muhitni va o'yinning juda yaxshi ritm ostida o'tganini alohida ta'kidlab o'tmoqchiman. Ochig'ini aytsam, bunday shiddatli o'yinni kutmagandim va yigitlar uchun juda xursandman. Ularning ko'pchiligi jarohatlar tufayli chempionatda ancha vaqt maydonga tushmadi va bugun ular uchun sport formasini tiklab olish uchun ajoyib imkoniyat bo'ldi. Formani faqat o'yin amaliyoti orqaligina tiklash mumkin.

Raqib ham juda yosh va yaxshi shakllangan jamoa", – dedi Ilyos Zeytullaev.

- Jamoangizning bugungi himoyadagi ishonchsiz harakatlari nima bilan bog'liq? Raqib ancha xavfli vaziyatlar yaratdi.

- O'ylaymanki, bu yerda fiziologiyaning ham o'rni bor. Bunday jamoalarga qarshi o'ynaganingizda, bazan beixtiyor ochilib ketasiz, ustunlik qilishni xohlaysiz va shu sababli raqibga katta bo'shliq qoldirdik. Ayrim vaziyatlarda yigitlar shunchaki koncentraciyani yo'qotib qo'yishdi.

Ammo bunday o'yinlar orqali biz tajriba orttiramiz. Nima uchun buncha ko'p vaziyatlar yuzaga keldi? Bugun maydonga ko'plab yosh futbolchilarimiz tushdi. Ularda hali o'yin intizomini shakllantirishimiz kerak: nafaqat hujum qila olish, balki sifatli himoyalanish ham zarurligini tushunish muhim. O'yinlarda g'alaba qozonish uchun oldinga borish kerak, ammo ularda mag'lub bo'lmaslik uchun ishonchli himoya zarur. Bu borada ish olib boramiz.

Boshqa tomondan, yosh yigitlar jasorat ko'rsata olishdi. Hozir oson o'yinning o'zi yo'q. Kecha Oliy liganing birdaniga bir nechta klubi mag'lubiyatga uchradi. Pro Liga juda kuchli jamoalarga ega. Bu jamoa bilan ikki yil avval ancha qiynalgandik. Ularda ajoyib murabbiy va yaxshi tarkib bor.

- Bugun qaydnomaga asosiy tarkibning ko'plab o'yinchilari kiritilmabdi. Bunga nima sabab bo'ldi?

- Biz yetakchilarga shunchaki dam berdik. Qanday ahvoldaligimiz hech kimga sir emas. Mana besh oydirki maosh olmayapmiz, moliyaviy muammolar hamon hal etilmagan. Asosiy tarkib yigitlari chempionatda ruhiy va asabiy imkoniyatlarining eng yuqori chegarasida o'ynab, yakunda beshinchi o'rinni egallashdi. Hozir ular haqli tatilda, biz esa ayni paytda klubdagi vaziyat rivojini kuzatib boryapmiz.

“Qizilqum”ga qarshi o'yingacha ularning ko'pchiligi umumiy guruhga qaytadi. Bu tanaffus bizga yoshlarni sinovdan o'tkazish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi. Ikkinchi davra startiga qadar biz har qanday holatga tayyor turishimiz kerak. Mavsumni faqat yosh futbolchilar bilan yakunlashimiz ehtimoli ham yo'q emas, shuning uchun ularni hozirdanoq tayyorlab borish lozim. Ha, biz o'ta murakkab davrni boshdan kechiryapmiz. Lekin oxirigacha kurashamiz. Kemamiz suvda ekan, biz kurashamiz. Yoshlarimiz esa bu imkoniyatga munosib.

zeytilla.jpg


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: