Ilyos Zeytullaev: "Tarkibni o'zim tuzaman, natijaga ham o'zib javob beraman"

3 may 2026, 21:16
Superliga 11-turidan o'rin olgan "Qo'qon-1912" – "Bunyodkor" uchrashuvi 1:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Hammaga xayrli kech. Qo'qonga kelish men uchun doim yoqimli. Chunki bu yerda onam o'sib ulg'aygan. Qolaversa yosh payti o'zim ham ko'p kelganman. Qo'qondan har doim boshqacha xotiralar qolgan. O'yinga keladigan bo'lsak, raqibni g'alaba bilan tabriklayman. Albatta, biz bu o'yinni tahlil qilamiz va mag'lubiyatdan dars olamiz. Ikkinchi taymda shogirdlarim ancha yaxshi harakat qilishdi. Maqsadimiz hisobni tenglashtirish edi, lekin to'p kirita olmadik. Bunga birinchi navbatda aybdor o'zimman. Chunki tarkibni o'zim tuzaman, natijaga ham o'zib javob beraman. Biz qiyin vaziyatda ham bosh egmaslikni o'rganishimiz kerak. Afsuski, bugun imkoniyatni boy berdik.

- Raqib bir kishi kam qolgach, jamoangiz ko'proq hujumga o'tdi. Bu holat "Qo'qon-1912" himoyaga o'tib olganidanmi yo boshqa sababmi?

- Uyda o'ynar ekansan, maydonda necha kishi qolganiga ahamiyat bermaysan. Maqsad yutish va muxlislar qarshisida g'alabani nishonlash bo'ladi. Buni juda yaxshi tushunaman. Biz ozroq sovuqqon bo'lib harakat qilishimiz kerak edi. Qo'qon esa himoyada yaxshi o'ynab hisobni saqlab qoldi. Aytib o'tganimdek, asosiy aybdor o'zimman, hamma mas'uliyatni o'z bo'ynimga olaman.

- Bunyodkorning asosiy yetakchilari klubdan ketishi haqida gap-so'zlar chiqdi. Bu gaplar rostmi?

- Biz yigitlar bilan yaqinda boshlanadigan Kubok uchrashuvlarini birgalikda o'tkazishga kelishib oldik. Biz "Bunyodkor" libosi va klub ramzi uchun o'ynaymiz. Hozir futbolchilarga dam beramiz. Siz haqsiz, 5 oy maoshsiz o'tirish juda og'ir. Menimcha, Kubok o'yinlariga qadar rahbariyat o'yinchilar bilan gaplashadi. Futbolchilarimiz juda kuchli va hurmatga loyiq, ularning har birida takliflar bor. "Bunyodkor" mening jamoam emas, ammo futbolchilar jamoada qolishi uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman. Lekin ertaga nima bo'lishini bilmayman.

- Kubok musobaqasida yoshlar o'ynaydimi yoki asosiy tarkibmi?

- Akademiyamizdan chiqayotgan yoshlar ko'p. Biz Kubok bahslarini hurmat qilamiz va har bir o'yinda o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz. Albatta, yoshlarga ham imkon beramiz.


Manba: championat.asia