

"Hammaga xayrli kech. Nazarimda, bugun chiroyli o'yin guvohi bo'ldik. Futbolchilar o'zlarini ajoyib ko'rsatishdi, ular maydonda kutilmagan harakatlar namoyish etishdi. Yigitlarning qanchalik harakat qilganini, qanday kurashganini hamma ko'rdi.
Muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Menimcha, bugun stadionda ular odatdagidan ham ko'proq edi. Bizning muxlislar bazamiz unchalik katta emas, lekin bizni ilgari qo'llab-quvvatlagan insonlar - keksalar, buvilar, bolalar, onalar va otalar stadionga kelishlarini juda istaymiz. Bugun ko'plab odamlarni ko'rdim va bu juda yoqimli. Og'ir damlarda ham bizni qo'llab-quvvatlayotgan muxlislar harakatiga katta rahmat", – dedi Ilyos Zeytullaev.
- Raqib bosh murabbiyi o'z jamoasining o'yinidan qoniqmaganini va ular o'yinga epizodlarda kirishganini ta'kidladi. O'yin borishi haqida nima deya olasiz? Kapadzening fikriga qo'shilasizmi?
- Biz butun 95–97 daqiqa davomida o'yinda edik. Yigitlar diqqatini jamlagan holda o'ynashdi. To'g'ri, faqat dastlabki ikki daqiqada e'tiborni yo'qotib, gol o'tkazib yubordik, ammo tanaffusda bu holatni muhokama qildik va jamoa o'ziga kelib oldi. Raqibda hududiy ustunlik bor edi, biroq buni fiziologik jihatdan tushunsa bo'ladi: ularning dam olishga bir kun ko'proq vaqti va zaxira o'rindig'ida yangi kuchlar bor edi. Ularning juda kuchli, tajribali murabbiyi bor. Qiyin bo'lishini bilardik, ammo yigitlar ulkan hajmdagi ishni uddalashdi.
- Federiko Botti ketma-ket ettinchi o'yinni asosiy tarkibda boshlamoqda. Shu bilan birga, siz tez-tez ikki nafar teng kuchli darvozaboningiz - Abdujalilov va Botti borligini aytasiz. Bu tanlovingizni nima bilan izohlaysiz?
- Bizda ikkita kuchli darvozabon bor, desam mubolag'a qilmagan bo'laman. Hozir o'ynayotgan darvozabon ham jismoniy, ham taktik, ham strategik jihatdan ancha o'sdi. Men italyan darvozabonlar maktabi qanday ishlashini ko'rganman va biz o'sha tamoyillarni joriy qilyapmiz. U nafaqat maydondagi muhim o'yinchi, balki kiyinish xonasida ham yetakchi. Keyingi o'yin oldidan murabbiylar shtabi bilan maslahatlashamiz, lekin u o'z o'rniga munosib.
- Jamoa kuchli uchlikka kirib oldi. Klub rahbariyatidan qandaydir munosabat bo'ldimi?
- Yo'q, rahbariyatdan hech qanday xabar yo'q. Mag'lubiyatlardan keyin ham, g'alabalardan so'ng ham hech kim kelmaydi, hech kim hech narsa demaydi. Yigitlar psixologik va manan juda charchagan: besh oy maoshsiz yurish juda qiyin. Takrorlashni istamayman-u, lekin to'g'risini aytaman: agar hozir bu vaziyatga aralashilmasa, futbolchilar qarzlar sababli erkin agentga aylanib, boshqa klublarga o'tib ketadi, Bunyodkorning esa FIFA oldida bundan ham katta qarzlari qolib ketadi. Bunday futbolchilarni qanday yo'qotish mumkin? To'lqinbekov, To'raqulov va boshqalarni qanday qilib shunchaki qo'ldan chiqarish mumkin? Axir bu ulkan mehnat, ular bizning akademiyamizda voyaga etgan, ularning narxi baland. Ularni yo'qotish - pulni havoga sovurish degani.
- Uzoq vaqt davolanib, yaqindagina o'ynay boshlagan Shahboz Umarovning hozirgi holatini qanday baholaysiz?
- U jamoaning yuragi. Ijobiy va iqtidorli o'yinchi. Hozir u jarohatidan so'ng sport formasini tiklayapti. Chempionatimiz juda shiddatli, u optimal formaga kirgach, nimalarga qodirligini ko'rasiz - mashg'ulotlarda Yevropa darajasidagi o'yin namoyish etadi. Shunchaki sabr qilish va bunday futbolchilarni asrash kerak.
- O'zbekistondagi “Boxing Day” o'z yakuniga etmoqda. Bu davr uchun jamoangiz oldiga qanday vazifalar va rejalar qo'yilgan edi va ular qanchalik amalga oshirildi?
- Ha, bu mening yordamchilarimning xizmati. Jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy Aleks Spinlio, Angliyada ishlagan Andres De Mauro - ular to'g'ri uslublardan foydalanishadi. Ular menga yuklamalarni to'g'ri taqsimlashda yordam berishadi, qachon kuchni oshirish, qachon esa tejash kerakligini aytib turishadi. Jamoaning hozirgi holati - aynan ularning xizmati.
- O'yindan so'ng noxush hodisa yuz berdi. Maydonga bir bola yugurib chiqdi. Shu haqda izoh bera olasizmi?
- Rostini aytsam, bu voqea yuz berganda, o'zimning ham shunday bola bo'lganim yodimga tushdi. U shunchaki dastxat yoki futbolka olmoqchi edi. Xavfsizlik xodimi o'z vazifasini bajarayotgandi, men esa undan bolaga tegmaslikni so'radim va unga tribunaga qaytishiga yordam berdim. Hech qanday qo'rqinchli voqea sodir bo'lmadi.
- Jamoangizdan kimni jahon chempionati oldidan Fabio Kannavaroga tavsiya qilgan bo'lardingiz?
- Bunday qiyin savollar bermang (kuladi). Legionerlardan tashqari hamma futbolchilarni tavsiya qilgan bo'lardim. Hatto Kannavaroga biz bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishni taklif qilmoqchi ham bo'ldim (hazillashib).
Men yigitlarga doim aytaman: futbolni aldab bo'lmaydi. Hammasi statistikada, videolarda ko'rinib turadi. Bizni kuzatishadi va mutaxassislar o'yinchilarimizning saviyasini ko'rib turishibdi. Kuchli uchlikda ekanimizdan faxrlanaman, lekin bu futbolchilarning o'z xizmati. Bu mening murabbiylik g'alabam emas, bu ularning g'alabasi. Bizda ajoyib futbolchilar bor va ular buni o'z o'yinlari bilan isbotlashmoqda. Sizlarga katta rahmat.



