Kongo DR bosh murabbiyi: "Ertaga bizni final kutib turibdi" (to'liq matbuot anjumani)

Оқил Абдубарноев
27 iyun 2026, 01:36
Kongo DR bosh murabbiyi Sebasten Desabr O'zbekistonga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Turnir va hattoki sizning boshqaruvingiz boshlanganidan beri jamoangizning hujum chizig'idagi barqarorligi va jipsligi maqtalmoqda. Kolumbiyaga qarshi o'yindan so'ng bazi o'yinchilar bundan afsuslanishdi ham. Ehtimol, hujumda xavf etarli emasdir. Sizningcha, yanada xavfliroq va keskinroq bo'lish uchun nima yetishmayapti? Hujum chizig'idagi o'yinchilardan nimalarni kutyapsiz?

– Ha, haqiqatan ham, biz ikkita kuchli jamoaga qarshi o'ynadik: jahon reytingida 5-o'rindagi Portugaliya va 12-o'rindagi Kolumbiya. Shu bois, bu ikki o'yinda kuchlar nisbati bizga o'z ta’sirini o'tkazdi. O'tgan Afrika Millatlar Kubogida bunday emasdi, esimda, u yerda uchta o'yinda 5 ta gol urgandik. Demak, hujum borasida o'zimizni ko'rsata olamiz. Ertaga boshqa raqibga qarshi mutlaqo boshqacha o'yin bo'ladi va umid qilamanki, bizga gol urish imkonini beradigan o'yin rejasini ishlab chiqamiz. Har holda, biz uchun hammasi juda aniq. Ikki o'yindan so'ng bir ochko oldik, taqdirimiz o'z qo'limizda bo'lishi uchun uchinchi o'yin hal qiluvchi bo'ladi. Yamaykaga qarshi saralash o'yinidanoq Jahon chempionatidagi yo'limiz va tariximiz qanday bo'lishini bilardik. Shuning uchun ertaga guruhdan chiqish uchun g'alaba qozonishimiz shart. Albatta, buning uchun tavakkal qilishga to'g'ri keladi.

– Gol urish haqida gapirdingiz. Ertangi O'zbekistonga qarshi o'yinda jamoangiz aynan nimalar ustida ishlashini yoki nimalarni ko'rsatishini xohlardingiz?

– Bunday yuqori darajadagi va muhim o'yinlarda, albatta, ertaga g'alaba qozonish shart, maqsad esa raqibdan bitta ko'p gol urishdir. Ertaga biz o'ziga xos o'yin tizimiga ega bo'lgan, tasodifan yo'llanmani qo'lga kiritmagan, juda yaxshi shakllangan O'zbekiston terma jamoasi bilan to'qnash kelamiz. Demak, bu murakkab o'yin bo'ladi, ustunlikka erishish kalitini topish o'zimizga bog'liq.

1782499577893.jpg

– Bu Jahon chempionatida Afrika jamoalari hozirgacha yaxshi natijalar ko'rsatmoqda. Ertaga siz buni yanada yaxshilashingiz mumkin. Sizningcha, Afrika jamoalariga etarlicha baho berilmayaptimi? Ular chempionlikka qanchalik yaqin?

– Men ko'p yillardan beri ta'kidlab kelayotganimdek, Afrika qitasida 15 yildan ortiq vaqtdan beri ishlayapman. Barcha federatsiyalar, mamlakatlar tizimli ravishda rivojlanayotganini, murabbiylar va futbolchilar o'sayotganini ko'ryapman. Afrika rivojlanishdan to'xtamayapti va menimcha, bu davom etadi, chunki hali o'sish uchun katta imkoniyatlar bor. Umid qilamanki, shu yil yoki yaqin yillar ichida Afrika jamoasi Jahon chempionatida g'olib chiqadi, bu faqat vaqt masalasi.

– Murabbiy, hamkasbimning savoliga qo'shimcha qilmoqchiman. Jahon chempionatida ko'proq Afrika jamoalari bo'lishi haqida nima deysiz?

– Qoidalarni unchalik yaxshi tushunmayman. Ammo qita haqida bilganim shuki, Jahon chempionatida iloji boricha ko'proq Afrika jamoalari qatnashishga munosib, chunki futbol bu qitaning ajralmas qismi hisoblanadi. Bunga yaqqol misol tariqasida, o'z mehnati, fidoyiligi va yuqori sifatli o'yini evaziga qiyin vaziyatlardan chiqib, muvaffaqiyatga erishgan afrikalik futbolchilarning ajoyib faoliyatini ko'rsatish mumkin. Albatta, Jahon chempionatida xuddi boshqa qitalar kabi ko'plab Afrika jamoalari bo'lishi kerak. Hozircha ular iloji boricha uzoqroqqa borishi uchun hamma ularni qo'llab-quvvatlashi zarur.

1782499698371.jpg1782499879818.jpg

– Fabio Kannavaro Toshkentda Jahon chempionatiga kelishdan oldingi so'nggi intervyusida guruhimizdagi eng qiyin o'yin Kongo DRga qarshi bo'lishini aytgandi. U jamoangizni "90 daqiqa tinmay yuguradigan otlar"ga o'xshatib, yigitlarning jismoniy holati va o'yin intensivligidan hayratda qolganini ta'kidladi. Kannavaroning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston sizni yutishi uchun maydonda 90 daqiqa jonini berib yugurishi kerak. Xo'sh, Kongo ertaga O'zbekistonni mag'lub etish uchun nima qilishi kerak?

– Biz ham xuddi O'zbekiston kabi FIFA reytingida u qadar yuqori emasmiz va bu Jahon chempionatining eng kuchli jamoalari qatoriga kirmaymiz. Shunday ekan, juda yuqori darajadagi o'yinda munosib qatnashish uchun jismoniy, taktik va texnik tomondan imkoniyatlarimizni 100 foiz ishga solishimiz kerak. Biz bunga o'rganganmiz va o'ylaymanki, futbolchilarimiz bu chaqiriqqa tayyor. O'zbekiston ham o'z o'yin tizimini mukammal o'zlashtirgan, juda yaxshi tashkillashtirilgan va maydonda borini beradigan jamoa. Birinchi navbatda texnik jihatdan yaxshi o'yin ko'rsatish o'zimizga bog'liq. Bundan tashqari, bizda hujumkor salohiyat va faoliyati davomida doimiy gol urib kelgan futbolchilar bor. Ertaga ular o'z so'zini aytishi kerak.

– Murabbiy, ertaga zaxira o'rindig'ining o'rni qanday bo'ladi? Shu paytgacha maydonga tushmagan, ayniqsa, hujum chizig'idagi o'yinchilarni ko'rishimiz mumkinmi?

– Bizda 26 ta o'yinchi bor, demak, tizimni o'zgartirish, uni saqlab qolib yanada kuchaytirish, biroz yangi qon olib kirish yoki dastlabki ikki o'yinda qatnashgan asosiy tarkibni qoldirish kabi ko'plab imkoniyatlarimiz mavjud. Ertaga bir qancha variantlarimiz bor. Bittasini tanlaymiz va o'yin davomida uni o'zgartirishimiz ham mumkin. Har holda bunday tanlovning borligi guruhimizning juda shakllangan ekanligidan dalolat beradi. Asosiy va zaxira o'yinchilari orasida katta farq yo'q, bu esa murabbiy uchun juda yaxshi holat.

– Kolumbiyaga qarshi o'yinda 5-3-2 sxemasi unchalik yaxshi ish bermadi. Daniyaga qarshi avvalgi o'yinda bu jamoaning ancha hujumkor ekanligini ko'rgan edik. Ertaga O'zbekistonga qarshi, ayniqsa, qanotlarda yanada hujumkorroq, aytaylik, 5-3-2 o'rniga 3-5-2 sxemasini kutishimiz mumkinmi?

– To'g'ri, Portugaliyaga qarshi o'yinda bo'lgani kabi, bu uchrashuvda ham biroz bosim ostida qoldik, lekin bu o'zimiz ongli ravishda qilgan tanlov edi. Chunki Kolumbiyaga qarshi 3-5-2 tizimida juda yaxshi o'ynadik, deb o'ylayman. Faqat gol o'tkazib yuborgan vaziyatimizda chap qanotda xatoga yo'l qo'ydik. Portugaliyaga qarshi o'yinga qaraganda hujumga o'tishda biroz imkoniyatlarimiz kamlik qildi, chunki Kolumbiya shunchaki juda yaxshi o'yin o'tkazdi. O'yin oxirida uchta hujumchi va ularning ortida bitta 10-raqamli o'yinchi bilan harakat qildik. Bu bizga hujumda ko'proq naf keltirdi, hisobni tenglashtirish uchun qilgan bosimlarimizni eslasak, bu yaqqol ko'rinadi. Xullas, oldingi savolda aytganimdek, bu tizim o'zini oqladi. Endi yanada xavfli va hujumkor bo'lish ustida bosh qotirishimiz kerak. Bu ham bizning ambiciyalarimizga, ham jamoalar o'rtasidagi kuchlar nisbatiga bog'liq. Unutmaslik kerakki, bu bizning birinchi Jahon chempionatimiz, biz dunyoning 5- va 12-o'rindagi termalariga qarshi o'ynadik. Ularda ham, bizda ham ajoyib futbolchilar bor. Lekin bu turnir barcha uchun birinchisi ekanligini inobatga olsak, Kongo DR tarixidagi birinchi ochkoni qo'lga kiritganimiz va birinchi golni urganimizdan juda xursandmiz. Ertaga bizni o'zimizning "final"imiz kutib turibdi. Biz Kamerun, Nigeriya, Yamayka kabi jamoalarga qarshi muntazam ravishda finalga teng o'yinlar o'tkazishga odatlanganmiz. Yo'limiz hamisha mashaqqatli bo'lgan, lekin har safar qiyinchilikdan chiqib keta olganmiz. Umid qilamanki, ertaga ham shunday bo'ladi va kongoliklarning orzusi va tarixi davom etadi. Biz shuni istaymiz.

– Yamaykaga qarshi o'yin haqida eslab o'tdingiz, ertaga g'alaba qozonishingiz shart bo'lganidek, o'shanda ham shunday edi va penaltilar seriyasidan oldinroq gol urib, ko'proq vaziyatlar yaratgandingiz. O'sha o'yin futbolchilar uchun o'rnak va saboq bo'la oladimi?

– Ha, ertaga yutishimiz kerak, lekin guruh bosqichidagi yoki AMKdagi barcha o'yinlarda bo'lgani kabi, doim g'alaba uchun maydonga tushamiz. Oxirgi 4 yil ichida turli xil hujum va himoya tashkil etishga mo'ljallangan 3 xil o'yin sxemasi ustida ishladik. Biz har xil tizimlarda o'ynashga tayyormiz. Endi asosiysi ertaga yigitlarning jismoniy holati joyida bo'lishi kerak. O'yinlarda g'alaba qozonish uchun turli xil omillar kerak bo'ladi. Eng asosiysi, gol yoki gollar urish uchun kuchli motivaciya va qatiyatga ega bo'lish lozim. Futbolda, ayniqsa, O'zbekiston kabi juda yaxshi shakllangan jamoaga qarshi o'yinda bu hamisha qiyin bo'lgan. Ammo biz g'alaba qozonish uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Bilamizki, oxirgi 4 yil ichida gol urish ko'rsatkichimiz juda yaxshi bo'lgan va ertaga buni yana bir bor isbotlaymiz deb umid qilaman.

1782499821670.jpg

– Murabbiy, yana taktika va o'yin tizimiga qaytmoqchiman. Kolumbiyaga qarshi qo'llangan 5-3-2 sxemasi yaxshi ishlayotganini aytdingiz. Ammo bu tizim O'zbekiston kabi kuchli, himoyaga yotib olib, qarshi hujumda o'ynaydigan jamoaga mosmi? Ularning Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o'yinlarini ko'rib shunday xulosaga keldim. Bu sxema ushbu raqibga to'g'ri keladimi?

– Aslida tizim himoya nuqtayi nazaridan qog'ozda shunday ko'rinadi. Lekin 3-5-2 tizimida qanot himoyachilari (laterallar) yuqoriroq joylashsa, hujumda 4 kishi bo'lib harakat qilishingiz mumkin. Bu endi maydondagi vazifalar taqsimoti (animaciya) bilan bog'liq boshqa masala. Ertaga hujumkor salohiyatimizni namoyish etishimiz kerakligini bilamiz. Shuning uchun o'yinga nisbatan ambiciyali, lekin o'ylangan reja ishlab chiqamiz, chunki O'zbekiston juda yaxshi jamoa va bu Jahon chempionati bahsi. Agar ertaga g'alaba qozonsak, bu juda og'ir va hattoki o'yinning so'nggi soniyalarida hal bo'ladigan g'alaba bo'lishi mumkin. Har holda, hujumkorroq o'ynash uchun qandaydir o'zgarishlar qilamiz. Bu albatta o'yin sxemasini o'zgartirish degani emas, balki hujumga o'tish fazalarini yoki hujumkor ko'rsatmalarni o'zgartirishni anglatishi mumkin va o'ylaymanki, ertaga mutlaqo boshqacha o'yin bo'ladi.

– Musobaqa davomida mezbon davlatlar – Meksika va AQSH haqida fikringiz qanday? Ulardan nima kutyapsiz?

– Biz bu erga kecha, yani o'yindan 2 kun oldin yetib keldik, Meksikada esa unday bo'lmagandi. U yerda o'yindan oldingi kuni juda kech yetib borgandik. Xyustonda 4 kun qolib kyetib, o'yin arafasida yetib kelganimizdan biroz afsusdamiz. Tashkiliy masalalar va boshqa barcha sharoitlar haqida gapirsam, bu yerda ekanligimizdan juda xursandmiz. Jamoa atrofidagi barcha xodimlar xizmatimizda. Ajoyib mashg'ulot maydonlarimiz bor va muhtasham stadionlarda o'ynayapmiz. Bu biz uchun juda yaxshi lahzalar, agar turnirdagi ishtirokimizni davom ettirsak, bundan ham zo'r damlarni boshdan o'tkazamiz.

– Vissa haqida so'ramoqchi edim. U Portugaliyaga qarshi ajoyib gol urdi, lekin mavsumni unchalik yaxshi o'tkaza olmaganini, jarohat olganini, AMKni o'tkazib yuborganini va "Nyukasl"ga o'tishi ko'ngildagidek bo'lmaganini bilamiz. Ushbu turnirda uning salohiyatini qanday baholaysiz? Oldingi Vissa qaytmoqdami?

– Biz uni tayyorgarlik jarayoni boshidanoq o'z holatida ko'rdik. U haqiqatan ham yaxshi formada va buni birinchi o'yindayoq isbotladi. Menimcha, uning "Nyukasl"dagi transferiga hali baho berishga erta, chunki u mavsumni jarohat bilan boshladi. Senegalga qarshi o'yinda jarohat olgandi, bilasizmi, bunday yuqori darajada 100% tayyor bo'lmagan o'yinchiga juda qiyin bo'ladi. Lekin men futbolchini, uning ishtiyoqini va "Nyukasl" klubi u uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini bilaman. Ishonchim komilki, u bu mavsumda o'zini ko'rsatadi va buni bizga har kuni mashg'ulotlarda isbotlamoqda. U o'zining eng yaxshi sport formasiga qaytdi.

– Bunday yirik musobaqada birinchi marta ishtirok etayotgan jamoalar Jahon chempionati muhitini his qilishi va o'ziga bo'lgan ishonchni orttirishi kerak bo'ladi. Siz aytib o'tganingizdek, Portugaliya va Kolumbiya kabi yuqori saviyadagi raqiblarga qarshi o'ynash jamoada ertangi o'yinda g'alaba qozonish uchun kerak bo'ladigan ishonch muhitini yaratishga yordam berdi deb o'ylaysizmi?

– Ertaga nima bo'lishini bilmaymiz. Anig'i shuki, shu ikki o'yin davomida biz katta tajriba to'pladik va bu futbolchilar, ayniqsa yosh o'yinchilarim uchun juda muhim. Biz bunday o'yinlarni, yani dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi ketma-ket o'ynashga o'rganmaganmiz. Demak, bu yaxshi tajriba bo'ldi. Lekin biz ham Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o'ynagan O'zbekiston bilan bir xil vaziyatdamiz va ertaga bu Jahon chempionati o'yini bo'ladi, g'alaba qozonish uchun baribir yaxshi o'yin ko'rsatish talab etiladi.

– Jahon chempionatida debyut qilayotgan terma jamoa tarkibida Yevropaning kuchli klublarida o'ynaydigan futbolchilar, xususan, Bakambu kabi katta klublarda tajriba orttirgan futbolchining bo'lishi qanchalik muhim? Dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi o'ynayotganingizni hisobga olsak, bunday o'yinchining borligi jamoa sifatini oshiradimi?

– Biz uchun dastlabki ikki o'yinda o'zimizdan kuchliroq bo'lgan jamoalarga qarshi o'ynash haqiqiy motivaciya manbai bo'ldi. Biz mana shunday o'yinlar orqali o'rganamiz. O'ylaymanki, ushbu jamoalarga qarshi munosib harakat qildik. Balki bazi vaziyatlarda bundan ham yaxshiroq o'ynashimiz mumkin edi, lekin bu futbol. Ertaga esa mutlaqo boshqacha o'yin bo'ladi. Biz musobaqani davom ettirish uchun faqat bitta natija qoniqtiradigan vaziyatdamiz. Buni xoh o'yin rejasi nuqtayi nazaridan bo'lsin, xoh futbolchilarning motivaciyasi bo'lsin, oldindan yaxshi bilib turibmiz. Shuning uchun birinchi ochkoni qo'lga kiritganimiz biz uchun yaxshi bo'ldi, endi faqat g'alaba uchun hisob-kitob qilmasdan maydonga tusha olamiz.

– Statistika tahlilchisi sifatida barchamiz bitta jihatga e'tibor qaratdik – zarbalar, aniq yoki noaniq zarbalar soni juda kam. Savolim oddiy: mutaxassis sifatida bundan xabaringiz bormi? Bu detal ustida ishlanyaptimi yoki bu shunchaki o'yin tempi va xarakteriga bog'liqmi?

– Yana qaytaraman, o'tgan AMKda uchta, bitta, bittadan gollar urdik. Demak, biz zarba bera olamiz, gol ham ura olamiz. Shuningdek, yana eslatib o'tamanki, biz dunyoning 5- va 12-jamoalariga qarshi o'ynadik, o'zimiz esa 47-o'rindamiz. Shunday ekan, tabiiyki, maydonda kuchlar muvozanati paydo bo'ladi. Bizda yirik klublarda o'ynaydigan, gol urishga qodir juda yaxshi hujumchilar bor. Lekin Jahon chempionatida top jamoalarga qarshi o'ynaganda o'yin ssenariylari oson kechmaydi. O'zingiz to'g'ri takidlaganingizdek, Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi o'yinda vaziyatlarimiz bo'ldi. Vaziyatlar ko'p bo'lmasa-da, tan olish kerak, ular bizdan ustunroq edi. Shunga qaramay, Portugaliya bilan 1:1 o'ynab, Kolumbiyaga 1:0 hisobida alamli mag'lubiyatga uchragan bo'lsak-da, mening jamoam shunday top darajadagi jamoalarga qarshi 1-daqiqadan 90-daqiqagacha o'yindan chiqib kyetmadi. Endi barchamiz ertangi o'yinda g'alaba qozonishni istaymiz va buning uchun tavakkal qilishga to'g'ri keladi. Biz shunchaki o'z ishimizni xotirjamlik bilan bajaramiz. Musobaqa boshidanoq nima qilish kerakligini juda yaxshi bilardik. Daniyaga qarshi dastlabki o'yinlarda ko'rganingizdek, ma'lum bir o'yin tizimi orqali juda yaxshi o'yin namoyish qilgandik. Bu yerda ma'lum bir izchil mehnat yotibdi. Nima qilmoqchi ekanligimizni, ertaga qanday o'ynashimizni juda yaxshi bilamiz va ertangi o'yin biz uchun muvaffaqiyatli bo'lishiga umid qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: FIFA