"Butun bir avlod JCH ko'rmay ulg'aymoqda": Italiya sport vaziri futbol rahbariyatini iste'foga chiqishga chaqirdi

Aslanov Jasurbek
1 apr 2026
Italiya sport vaziri Andrea Abodi milliy terma jamoaning JCH-2026 saralashidagi muvaffaqiyatsizligidan so'ng keskin bayonot bilan chiqdi.

Eslatib o'tamiz, Jennaro Gattuzo shogirdlari hal qiluvchi bahsda Bosniya va Gertsegovinaga imkoniyatni boy berib, ketma-ket uchinchi bor mundialsiz qolishdi.

"Italiya futboli tubdan qayta qurilishga muhtoj va bu jarayon FIGC (Italiya futbol federatsiyasi) rahbariyatidagi kadrlar almashinuvidan boshlanishi kerak. Futbol - bu shunchaki sport emas, ayniqsa Italiyada u madaniyatimizning bir qismi va xalqaro obro'yimiz belgisidir. Butun bir avlod bolalar va yoshlar hali biror marta Jahon chempionatida o'z terma jamoasi o'yinini ko'rmay ulg'ayayotganini o'ylash juda mahzun", - dedi Abodi.

Vazir kechagi o'yindagi harakatlari uchun murabbiy va futbolchilarga minnatdorchilik bildirgan bo'lsa-da, asosiy muammo tizimda ekanligini ta'kidladi. Uning fikricha, iqtisodiy va harbiy inqirozlar davrida futbol odamlar uchun muhim ijtimoiy ritual va quvonch manbai bo'lishi kerak edi, ammo ketma-ket mag'lubiyatlar bu imkoniyatni yo'qqa chiqarmoqda.

Shu tariqa, Italiya futbol federatsiyasi rahbariyatiga bo'layotgan bosim davlat darajasiga chiqdi. Endilikda federatsiya prezidenti Gabriele Gravinaning taqdiri qanday bo'lishi katta so'roq ostida qolmoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Adnkronos