Katanets yordamchisi: "Yevropacha intizom bilan Osiyoda muvaffaqiyatga erishib bo'lmaydi" (katta intervyu)

Оқил Абдубарноев
18 sen 2026, 18:05
O'zbekiston terma jamoasi sobiq yordamchi murabbiyi, sloveniyalik mutaxassis, Srechko Katanetsning uzoq yillik yordamchisi Alesh Chex Osiyo futbolidagi tajribalari bilan o'rtoqlashdi.

2013 yil Sloveniya terma jamoasiga qo'shildingiz va bosh murabbiy yordamchisiga aylandingiz. Srechko Katanetsning 2017 yilgacha davom etgan terma jamoadagi ikkinchi davri, birinchisidan farqli o'laroq, yirik turnirlarga yo'llanma bera olmadi.

Bunday bo'lganidan afsusdaman. Biz juda yaqin edik, ayniqsa Evro–2016 yo'llanmasi uchun kurashda (Sloveniya pley-off bosqichida Ukrainaga yutqazgan, tahr.). Ammo boshqa davlatlar ham qanchalik harakat qilayotganini anglash kerak. Boshqalar ham rivojlanmoqda. Hamma futbolga sarmoya kirityapti, shuning uchun doim ham muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Yaxshiyamki, Sloveniyaga, turli avlodlarimizga buni to'rt marta uddalash nasib qilgan (Evro–2000, JCH–2002, JCH–2010 va Evro–2024, tahr.). Agar shunday davom etsa, biz bundan faqat mamnun bo'lamiz. Yani, har ikkinchi yoki uchinchi yirik musobaqaga chiqishni nazarda tutyapman. Albatta, har biriga chiqishni xohlardik, lekin, afsuski, buning iloji yo'q.

Ammo siz Srechko Katanetsning yordamchisi sifatida (keyinchalik saralashda uning o'rnini Timur Kapadze egallagan) baribir yirik turnirga yo'llanma oldingiz. Bu quvonch va sharafni O'zbekiston bilan birga his qildingiz. Biroq, O'zbekiston bilan bog'liq hikoya qandaydir achchiq taassurot qoldirmaydimi? Chunki Srechko Katanets ketganidan so'ng, siz uning o'rinbosari Timur Kapadzening yordamchisi sifatida jahon chempionatida ishtirok etishingiz kutilayotgandi. Ammo keyin o'zbekistonliklar yangi murabbiylar shtabini olib kelishdi va mashhur italiyalik Fabio Kannavaroni bosh murabbiy qilib tayinlashdi.

Bu biroz achchiq tajriba bo'ldi, lekin insoniy nuqtayi nazardan buni kutish ham mumkin edi. Ularning bu ishidan jahlimiz chiqmadi. O'zbekiston birinchi marta jahon chempionatiga chiqqan edi, Srechko esa orada yo'q edi. U, afsuski, ketishga majbur bo'ldi, biz esa futbolchilar bilan qoldik. Keyinchalik bildikki, O'zbekiston hukumati jahon chempionatidagi ilk ishtirok uchun bosh murabbiylik lavozimiga katta nomdagi mutaxassis kelishini, shu orqali dunyoga ko'proq tanilishlarini belgilab bergan ekan. Ularni ham tushunish kerak. Shuning uchun hech kimdan gina saqlamayman. O'zbekistondagi to'rt yil eng go'zal xotira bo'lib qoldi.

Ayniqsa, saralashning so'nggi o'yinidagi marosim juda shov-shuvli bo'ldi, o'shanda stadionning o'zida sizlarga hatto avtomobillar sovg'a qilishgan edi.

Ha. Buning ortidan ular katta jarimalar to'lashdi, chunki bungacha ruxsat so'rashmagan edi. Stadionga shunchaki avtomobillarni olib kirib, ularni reklama qilish mumkin emas. Ammo ularning ishtiyoqi juda baland edi. Qanday bo'lmasin, buni ko'rsatishni xohlashdi. Boshqa tomondan qaraganda, ular bizga ham, futbolchilarga ham to'g'ri va halol munosabatda bo'lishdi. Bu birinchi jahon chempionatiga chiqish edi, hammayoqni eyforiya egallab olgandi.

O'zbekiston JCH–2026 yo'llanmasini BAAdagi o'yindan oldingi turdayoq naqd qilib ulgurgandi. Shu sababli uydagi so'nggi o'yin ko'rgazmali ahamiyatga ega bo'ldi. Bu muxlislar kelib, tarixiy yutuqni nishonlashi uchun tashkil qilingandi. Stadionga olib kelingan mashinalar ularni biroz hayajonga solib yubordi. Jarimaga tortilishdi, mayli. Ammo Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) keyinchalik JCHdagi ishtirok uchun ularga ancha ko'proq pul ajratdi.

O'shanda Srechko Katanets o'ziga sovg'a qilingan avtomobilni tarjimonga hadya qilgan edi. Bu olijanob ish Sloveniyada ham katta rezonans keltirib chiqardi.

Davron Ahmedov to'rt yil davomida bizning tarjimonimiz bo'ldi. U bizning o'ng qo'limiz edi. U bizni O'zbekistonda sodir bo'layotgan barcha voqealardan va o'zimiz bilmagan hamma narsadan xabardor qilib turardi. U juda halol inson edi va bizga yordam berishni yaxshi ko'rardi. Minnatdorchilik sifatida Srechko o'ziga berilgan mashinani unga sovg'a qildi. Bu haqiqatan ham juda go'zal ish bo'ldi. Men ham avtomobil oldim. Murabbiylar biroz oddiyrog'ini, futbolchilar esa yaxshirog'ini olishdi (kuladi, tahr.).

Hali ham undan foydalanyapsizmi?

Yo'q, qayoqda. Uni Sloveniyaga olib kelmadik-ku.

O'zbekiston yo'llarida haqiqatan ham Xitoydan keltirilgan elektromobillar ko'pmi?

To'liq shunday desa ham bo'ladi. Davlat Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan kelishuv tuzgan. Agar o'zbekistonlik Yevropada ishlab chiqarilgan mashina sotib olsa, yuz foizlik soliq to'laydi, lekin xitoyliklarning mashinasini olsa, davlatlararo kelishuv sababli faqat 30 foiz soliq to'laydi. Shuning uchun bunday mashinalar juda ko'p. Asosan Xitoyning elektromobillari ko'p, shuningdek, qizig'i shundaki, Chevrolet rusumidagi mashinalar ham ko'p. Sababi u yerda ularning zavodi bor. Hozir Xitoy mashinalari eng ko'p. O'zbekistonda, xususan, elektromobillar borasidagi avtopark Lyublyanadagidan deyarli yaxshiroq. U yerda mashhur avtomobillarning turli xil nusxalarini ko'rasiz, bu esa ko'zni quvnatadi. Yevropada umuman yo'q bo'lgan modellarni ko'rasiz.

Umuman olganda, O'zbekistonda yashash qanday bo'ldi? Bir paytlar Sobiq Ittifoq tarkibida bo'lgan olis Osiyo davlatida hayot sifati qanday?

Ajoyib edi. Biz doim ham O'zbekistonda yashamaganmiz. To'g'ri, ishimizning boshlanishida ko'proq o'sha yerda bo'ldik, keyinchalik esa terma jamoa yig'inlaridan faqat bir oy oldin O'zbekistonga borib, yig'indan so'ng uyga qaytadigan bo'ldik. Yig'inlar ko'p bo'lgani uchun hammasi yana shunday takrorlanardi. Hayotimiz mana shunday edi. Mehmonxonada yashardik, hech narsadan kamchiligimiz yo'q edi.

Eng katta muammo transport bilan bog'liq edi, chunki O'zbekistonda yo'llar yomon. Ularda juda chiroyli va ajralib turadigan tezyurar poezd bor, ammo yo'llarda avtomobilda sayohat qilmaslikni maslahat bergan bo'lardim. Yirik shaharlarda buning iloji bor, lekin boshqa barcha yo'nalishlar… Yozda eng issiq to'rt oy kelganda va havo harorati 40–50 darajagacha ko'tarilganda asfalt erib ketadi. Shunday vaziyatlarda qandaydir o'yinlarga borganimizda, 100 kilometrlik yo'lni bosib o'tish uchun ikki-uch soatlab vaqtimiz ketardi. Avtomagistrallar yo'q. Faqat asfalti yomon bo'lgan tezkor yo'llar bor. Shuning uchun, agar iloji bo'lsa, biz ko'pincha tezyurar poezdda sayohat qilishni afzal ko'rardik.

Davlat go'zalliklari bilan tanishishga vaqtingiz bo'ldimi?

Bo'ldi. Buxoro, Samarqand… Biz doim faqat futbol bilan cheklanib qolmadik, bazan sayyoh sifatida ham bo'lib, u-bu narsalarni ko'rishga muvaffaq bo'ldik. Buxoro men uchun eng go'zal shahar. Uning markazida ulkan qala devori bor. Ular sayyohlik markazi sifatida rivojlanishga ko'p mablag' sarflamoqda va eski binolarni qayta tiklamoqda. Agar kimdir tarixga qiziqsa va Buyuk Ipak yo'li qayerdan o'tgani hamda undan nimalar qolgani haqida o'ylasa, u holda O'zbekiston – tashrif buyurish uchun ideal joy. U yerda juda ko'plab qadimiy yodgorliklarni ko'rish mumkin. Ularning aksariyati Samarqand va Buxoroda joylashgan, poytaxt Toshkentda esa bunday joylar kamroq. Bu to'rt million aholisi bor shahar. U yerda masjid va ibodatxonalar ko'p, ammo boshqa tarixiy joylarni ko'p ham ko'rmaysiz.

Dunyoning eng yirik musobaqasiga tarixiy yo'llanmani qo'lga kiritish orqali siz ko'targan futbol eyforiyasidan so'ng, odamlar sizni O'zbekiston ko'chalarida taniy boshlashdimi?

Ha, albatta. Odamlar orasiga chiqqanimizda, atrofdagilarning bir-biriga "Qaranglar, bular bizni jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiylarimiz", degan gaplarini tez-tez eshitardik. Bizni hamma joyda tanishdi, chunki televidenieda ko'p chiqardik. Qaerga bormaylik, kimdir bizni tanir edi. Juda yoqimli tuyg'u.

O'zbekistonda tinch muhit hukm surgan. Ehtimol, bundan oldinroq shiddatli va qonli o'tmishga ega, to'qnashuvlarga to'la Iroqda vaziyat yanada notinch va mavhumroq bo'lgandir?

Shuni takidlash kerakki, biz Iroqning juda rivojlangan va tinch qismida yashadik. Biz Kurdistonning poytaxti Arbilda (Iroqning bir yarim million aholisi bor to'rtinchi yirik shahri, tahr.) joylashgan edik. Iroqning bu qismi eng rivojlangan hudud hisoblanadi. Go'yoki Sloveniyaning sobiq Yugoslaviya davridagi holatiga o'xshaydi. Arbilga kelganingizda Osiyoda ekanligingizni his qilasiz, ammo shu bilan birga, aholisi Yevropa modeliga yaqinlashishga qanchalik harakat qilayotganini ham ko'rasiz. Unchalik katta farq yo'q edi va bu bizga maqul kelardi. Sloveniyaga parvoz ham O'zbekistondagidan ko'ra qisqaroq edi. Samolyotda Istanbulgacha ikki soat, keyin esa Lyublyanagacha yana shuncha. Hammasi xavfsiz edi, shuning uchun hech qanday muammoga duch kelmadik.

So'nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida Iroq va Yaqin Sharqdagi qo'shni davlatlarda xavfsizlik masalasiga ko'p e'tibor qaratilmoqda.

Shunday. Iroqdagi eng katta tartibsizliklar Bog'dodda kuzatilgan. Ayniqsa davlatlarning elchixonalari joylashgan "yashil hudud"da. U yerda, hatto biz Iroqda ishlagan davrimizda ham bir necha bor portlashlar sodir bo'lgan. Bog'dodga borganimizda har 300 yoki 400 metrda nazorat-o'tkazish punktlari turardi, u yerda tekshiruvdan o'tish uchun to'xtashga majbur edik. Atrofimizda faqat avtomat ko'targan askarlar bo'lardi. Bunday muhitga tushib qolganda odamning biroz yuragi siqiladi, ammo baxtimizga biror marta yoqimsiz vaziyatga tushib qolmadik. Bundan tashqari, biz Bog'dodda juda ko'p bo'lmaganmiz. Asosan biror safarga chiqish oldidan to'planganda bordik. Qolgan vaqtda esa tinch va tashvishsiz Arbilda yashadik.

Madaniy farqlarga ko'nika oldingizmi?

Boshida madaniy shokni boshdan kechirdim, shuning uchun yevropacha fikrlash tarzidan tezda voz kechib, ularning turmush tarziga moslashishga to'g'ri keldi. Agar bunday qilmasangiz, farqlar juda katta bo'lib ketadi. Masalan, u yerda harorat juda baland, shuning uchun futbolchilar kechasi uxlamaydilar. Ular bunga o'rganib qolishgan, chunki kunduzi harorat yuqori bo'lganda tashqarida yurishning iloji yo'q. O'sha paytda ular ko'proq uxlashadi, haqiqiy hayot esa tushlikdan keyin boshlanadi. Ular shuningdek kuniga besh mahal ibodat qilishadi, birinchisi ertalab soat to'rt yoki beshlarda boshlanadi. Ko'pincha ular bomdodgacha kutishadi, shuning uchun tunda umuman uxlashga yotmaydilar. Chunki shu paytda ular faol bo'la oladilar, havo harorati esa chidash mumkin bo'lgan darajada bo'ladi, birinchi namozdan keyin esa uxlashga yotishadi. Agar murabbiy sifatida mashg'ulotlarni ertalabga belgilasangiz, futbolchilar sizni darhol lavozimingizdan "olib tashlashadi". Ularni birinchi marta soat birlarda tushlikda ko'rasiz. Shuning uchun ularni uxlashga qo'yib bergan maqul. Biz bu xulosaga juda tez keldik.

Agar Osiyoning unchalik issiq bo'lmagan boshqa biror davlatiga safarga borsangiz, mashg'ulotlarning vaqt jadvali o'zgararmidi?

Boshqa joylarda ham deyarli shunday. Bu faqat O'zbekiston yoki Iroqqa xos emas. To'qqiz oy davomida harorat yuqori bo'ladi, shuning uchun odamlar faqat tunda faol bo'lishadi. Oxir-oqibat, bu ritmni saqlab qolish uchun ularga nonushtaga chiqishlari shart emasligini, faqat tushlikda ko'rishishimizni aytdik. Chunki ularni o'zgartirib bo'lmaydi. Agar yevropacha ritmni, futbol olamida normal hisoblangan qadriyatlarni kiritmoqchi bo'lsangiz, muvaffaqiyat qozona olmaysiz, chunki futbolchilar sizdan yuz o'girishadi. Srechko buni oldindan bilardi, chunki bungacha BAAda ham ishlagan edi. U yevropacha intizom bilan muvaffaqiyatga erishib bo'lmasligini bilardi.

Iroq bilan xayrlashuvingiz unchalik do'stona ruhda kechmadi. Bosh murabbiy Srechko Katanets ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotlari orqali federatsiya barcha to'lovlarni amalga oshirmaganini va Iroqni hafsalasi pir bo'lgan holda tark etayotganini ma'lum qildi.

Qatarda bo'lib o'tgan JCH–2022 saralashida Iroq bilan so'nggi 16 ta terma jamoa qatoriga kirganimizda, bundan biroz oldin federatsiya prezidenti almashgan edi. Bizni Iroqqa olib kelgan prezident o'z lavozimini tark etgandi. Srechko esa har doim shunday insonki, u futbolchilar uchun kurashadi. O'shanda ham u yigitlar kamida qandaydir mukofot pullarini olishlari uchun kurashdi. Nega ular mukofot pullarini olishmagani unga tinchlik bermas edi. U prezidentga futbolchilar uchun vada qilingan mukofot pullarini to'lashni ochiqchasiga talab qildi. Prezident bundan ranjidi, keyin esa biz shunchaki xayrlashdik.

Terma jamoada darvozabonlar murabbiyi vazifasini bajargan Srechko Katanets va Nihad Peykovich bilan hali ham aloqadamisiz?

Srechko bilan haftasiga ikki marta qahva ichib turamiz. Peyko (Nihad Peykovich, tahr.) bilan ham aloqani uzmaganmiz, barchasi joyida.

Bu uchlik yildan-yilga yanada g'alaba qozonadigan kombinaciyani namoyon etib bordi. Siz Sloveniyada, keyin Iroqda va O'zbekistonda birga ishladingiz. Kelajakda yana qachondir kuchlaringizni birlashtirasizlarmi?

Menimcha, Srechko endi futbolda ishlamaydi. U murabbiylik faoliyatini O'zbekiston bilan yakunladi. Biz uni futbolchi va bosh murabbiy sifatida ko'rdik. Bazi jurnalistlar uchun, ayniqsa Sloveniyadagi ikkinchi davri haqida gapiradigan bo'lsak, bu biroz yomonroq bo'lgandir, ammo mayli… Srechko – o'z principlariga ega inson. O'z principlari bilan u katta natijalarga erishmoqda va butun dunyoda qadrlanmoqda. U hech qachon narsalarni bezab ko'rsatmaydi, balki jurnalist buni eshitishni istamasa yoki qarama-qarshi fikrda bo'lsa ham, nimani o'ylasa shuni gapiradi. U o'z principlariga sodiq. Jamoaga nisbatan ham shunday munosabatda, shuning uchun futbolchilar uni doimo hurmat qilishadi. Ular ish mana shu principlar asosida olib borilishini va Srechko ularga nisbatan halol ekanligini bilishadi. Shuning uchun ham O'zbekistondagi futbolchilar unga qo'ng'iroq qilib, qaytishning biron iloji bor-yo'qligini so'rashdi. Afsuski, buning imkoni yo'q edi. Barcha jamoalarda unga nisbatan katta hurmat hukm surar edi. Chunki futbolchilar ham uning ularni maksimal darajada hurmat qilishini ko'rishardi. Iroq va O'zbekistonda hech qachon bo'lmaganlar ehtimol u yerda demokratiya bor deb o'ylashar, lekin unday emas. U yerda hamon ierarxiya hukmron. U yerda xuddi Yugoslaviya yoki Rossiyadagidek bir partiyaviy tizim saqlanib qolgan. Kim kimligi aniq ma'lum. Federatsiyadagilar va futbolchilardan yuqori turuvchi odamlar bu davlatlarda futbolchilarga unchalik hurmat bilan qarashmaydi. Futbolchilarni keraklicha qadrlashmaydi. Xo'sh, biz kelganimizda esa bu yigitlarga hurmat ko'rsatdik. Futbolchilar bu haqda ko'p o'ylashadi. Ular farqni sezishdi va bizga ham hurmat bilan javob qaytara boshlashdi. Mustahkam rishtalar paydo bo'ldi. Shu tarzda Iroq va O'zbekistonda tezda jipslashgan jamoa tuza oldik. Futbolchilar bilan hech qachon muammo tug'ilmagan. Iroqda ham, O'zbekistonda ham Srechko ketganida barcha yigitlarning qalbida og'ir his qoldi.

O'zbekistondagi faoliyatingiz davomida shov-shuvli transferlar borasida ham darajani ancha ko'tardingiz. O'tgan yili yosh himoyachi Abduqodir Husanov 20 yoshida "Manchester Siti"ga aql bovar qilmas 40 million evro evaziga o'tdi! Bu Srechko Katanetsning xizmatimidi?

Ha, albatta. Biz kelishimizdan oldin O'zbekistonda hamma terma jamoa ishlariga aralashardi. Menejerlardan tortib federatsiyagacha. Har kimning o'z odami bor edi. Yosh futbolchilar biz kelishimizdan oldin o'ynash uchun umuman imkoniyat olishmas edi. Ular uchun bu qiyin edi, chunki yoshi katta futbolchilar turli xil tanish-bilishchiliklar orqali albatta o'ynashlari kerak edi. O'zbekistonning yoshlar toifasidagi futbol jamoalarida ajoyib natijalar bor. Ular Osiyo chempionatlarida doim kuchli to'rtlikka kirishadi. 20 yoshgacha bo'lgan terma jamoa Osiyo chempioni bo'ldi. O'shanda biz ikki yosh futbolchini asosiy terma jamoaga chaqirdik. Odamlar bunga hayron qolishdi, bunday narsaga o'rganishmagan edi. Biz ularga imkoniyat bergan birinchi murabbiylar bo'ldik. Ilgari buning iloji yo'q edi. Biz bazi yosh futbolchilar qanchalik yaxshi ekanligini ko'rganimizda, ularga imkoniyat berish kerak qaroriga keldik. Shunday qilib, Husanov va Fayzullayev yuzaga chiqishdi. Biri "Siti"da o'ynaydi, ikkinchisi esa "Istanbul Bashakshexir"da. Biz ularga imkoniyat berdik, endi ular A terma jamoasining almashtirib bo'lmas o'yinchilaridir.

O'zbekiston JCH–2026 da birorta ham ochko ololmadi. Ular Kolumbiya (1:3), Portugaliya (0:5) va Kongo DR (1:3) termalariga mag'lub bo'lishdi, ammo Fabio Kannavaro muvaffaqiyatsizlikka qaramay, bosh murabbiy sifatida qoldi. Bu natija O'zbekistonda qanday aks-sado berdi?

Muxlislar norozi edi. Men O'zbekistondagi bir qancha odamlar bilan aloqadaman va ma'lum ma'lumotlarni olib turaman. Jumladan, kelasi yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida bo'lib o'tadigan Osiyo kubogi oldidan Kannavaroga gap-so'zlar etarli bo'lganini, endi esa amaliy ishlar kerakligini aytishdi. Buni federatsiya aytayotgani yo'q, muxlislar shunday fikrda. Jurnalistlarda ham xuddi shunday. Ular shunday katta maosh oladigan murabbiydan natija talab qilishmoqda. Har bir murabbiy natijalarga bog'liq. Hatto puli kamroq bo'lgan kichik futbol mamlakati – O'zbekistonga kelgan murabbiy ham.

O'zbekiston o'zi boy davlat hisoblanadimi?

Ha. Futbolga ko'p mablag' sarflaydi. U boy mamlakat, paxta va oltini ko'p, lekin shunga qaramay xalqi kamtarona yashaydi. O'rtacha oylik maosh 500–600 dollarni tashkil qiladi. Aholining 90 foizi oddiy yashaydi, ammo davlat sifatida boy. Sayyohlar ko'p, O'zbekiston paxtaning asosiy eksportchisi, sabzavotlar borasida esa umuman muammo yo'q. U yerda yil bo'yi sabzavotlar o'sadi. Oziq-ovqat jihatidan bu o'zini o'zi taminlaydigan davlat, yangi uzilgan mevalar va pomidorlarni hatto dekabr oyida ham topish mumkin. Afsuski, aksariyat mamlakatlarda bo'lgani kabi, asosiy boylik odamlarning faqat o'ndan bir qismida mujassam. Aholining o'n foizi juda boy. Ammo O'zbekistonda ishsizlar yo'qligi meni hayratda qoldirdi. Agar ishingiz bo'lmasa, qo'lingizga supurgi berib, sizni parkka yuborishadi, u yerda atrofni supurib, tozalab yurasiz. Siz uchun albatta qandaydir ish topib berishadi va 300 dollar maosh to'lashadi. Juda katta pul ishlab topmasangiz ham, oy davomida yashashga etadigan mablag' olasiz.

Toshkentda buning ko'p guvohi bo'ldim. U yerda parklar juda ko'p. Umuman olganda, bu juda yashil va obod shahar. Odamlarni parklarga yuborishadi, ularga sariq nimchalar kiygizishadi. Ular orasida ayniqsa qariya momolar ko'p edi. Xullas, davlat ishsiz qolganlar uchun har kuni sakkiz soat qandaydir yumush bilan shug'ullanishlarini taminlaydi. Shuning uchun ularning ko'pchiligi parklarni tozalaydi. Toshkent juda toza shahar, Lyublyanadan ancha tozaroq. U yerda jinoyatchilik ham yo'q. Har bir burchakda, har bir chorrahada policiyachi turadi. O'zingizni xavf ostida his qilishingizga hech qanday sabab yo'q. O'zbekistonda vaqtim juda yaxshi o'tdi. Biroq, uyda doim eng yaxshi ekanligi ham haqiqat. Men buni doimo takidlashni yaxshi ko'raman. Sloveniya – mening uyim. Iroq va O'zbekistondagi etti yildan so'ng, mana o'n oydirki uydaman. Xorijdagi shunday uzoq muddatdan so'ng, ochig'ini aytsam, uyda bo'lish menga juda yoqyapti. Oilam ham bundan xursand. Barchamiz bu dam olishga haqli edik, deb ayta olaman.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Sio1NET