Portugaliya futbol federatsiyasi prezidenti: "Ronaldu va Jezush o'rtasida yuz bergan holat - shunchaki tushunmovchilik"

Sherzod Nurmatov
5 okt 2026, 17:39
Portugaliya futbol federatsiyasi prezidenti Pedru Proensa milliy terma jamoa qarorgohini muddatidan oldin tark etgan hujumchi Krishtianu Ronaldu bilan bog'liq vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.

"Krishtianu Ronaldu - tarixdagi eng yaxshi futbolchi. U portugal futboliga yigirma yildan ortiq umrini bag'ishladi va portugal o'zligining oliy timsoli hisoblanadi. Uning milliy terma jamoadagi ishtiroki beqiyos sport mahorati tufayli to'liq munosibdir va bu bahs talab qilmaydigan haqiqat. U yaxshi sport formasida va tayyor bo'lgan har bir paytda doimo ushbu jamoaning bir qismi bo'lib qoladi.

U va Jorje Jezush o'rtasida yuz bergan hodisa shunchaki jamoa ichida hal qilinishi lozim bo'lgan tushunmovchilik xolos.

Krishtianu - milliy terma jamoaning bir bo'lagi; u timsolimiz va dastlabki 4 ta o'yinning birinchisida sardorlik qildi.

Krishtianu - Portugaliya ramzi va favqulodda iqtidor sohibi. U faoliyatini Jahon chempionatida yakunlashi mumkin edi, ammo milliy terma jamoasiga bo'lgan cheksiz muhabbati sabab bunday qilmadi. Uning Portugaliya xalqi va milliy jamoamiz bilan bo'lgan mustahkam rishtasiga guvohlik bera olaman.

Endi, dastlabki 4 ta o'yin yakunlangach, bizda birgalikda o'tirib, ushbu tushunmovchilikka barham berish uchun etarlicha vaqt va osoyishtalik mavjud. Krishtianu - bizning merosimizning bir qismi va murabbiy uni ko'rishni istagan har bir damda u doimo shu yerda bo'ladi", – dedi Proensa.

41 yoshli Ronaldu Millatlar Ligasi guruh bosqichi 3-turi doirasida Daniyaga qarshi bahs (3:2) oldidan milliy terma jamoa qarorgohini tark etgandi.

Avvalroq jamoa bosh murabbiyi Jorje Jezush Norvegiyaga qarshi bahsda (2:1) hujumchini tarkibga kiritmagandi. Shu bilan birga, OAVda tarqalgan xabarlarga ko'ra, murabbiy va futbolchi o'rtasida Ronaldu maydonda 30 daqiqa harakat qilishi bo'yicha kelishuv bo'lgan.

"A Bola" nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, Jezush Ronalduni yana o'yinlarga jalb etishni rejalashtirmoqda - u noyabr oyidagi Millatlar Ligasi bahslariga chaqirilishi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The New York Times