Koreya ustozi Robert Moreno: "O'zimizni O'zbekistondan ustun qo'ysak, yutqazamiz"

Sherzod Nurmatov
5 okt 2026, 16:49
Robert Moreno boshchiligidagi Koreya milliy terma jamoasi 6 oktyabr kuni Yonin shahrida “Yongin Mireu” stadionida O'zbekistonga qarshi maydonga tushadi.

Koreyaliklar bosh murabbiyi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida qatnashdi.

- 2 kun davomida yuqori shiddatli mashg'ulotlar va nazariy yig'ilishlar o'tkazib, ertangi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rdik. O'zbekiston so'nggi 2 ta o'yinda ham g'alaba qozonib, ajoyib kayfiyat va sport formasida turibdi. Avvalgi bahsda ko'zga tashlangan xatolarni to'g'rilash va kuchaytirilishi lozim bo'lgan jihatlar ustida ishlashga bor diqqatimizni qaratdik. Muxlislarga quvonch va zavq ulashish uchun ijobiy natija qayd etish niyatidamiz", – dedi Moreno.

- Avvalgi o'yindagi eng katta muammo nima bo'ldi?

- Futbolchilarning taktik tuzilma bo'yicha ham hujumda, ham himoyada birgalikda harakat qilgani ijobiy holat bo'ldi. Faqatgina yakkama-yakka to'qnashuvlar hamda individual pas berishda etarlicha samaradorlik ko'rsata olinmagan jihatlar kuzatildi. Biz aynan shu jihatlar bo'yicha xulosa chiqardik va tahlil qildik. Boshqa muammolar ham bor edi, ammo ertangi o'yin oldidan ularni oshkor qilmayman.

Ushbu yig'in orqali futbolchilar va murabbiylar shtabi o'zaro ishonch hosil qilib, bir-birini yaqindan tanish jarayonini o'tamoqda. Ertaga o'zaro uyg'unlik hosil qilib, birinchi bo'limdanoq yaxshi o'yin ko'rsata olishimizga umid qilaman.

- Sentyabr va oktyabr oylaridagi FIFA kunlari uzoq davom etgan bo'lsa-da, berilgan dam olish kunlarini hisobga olsak, amalda mashg'ulot vaqti qisqa bo'ldi. Vaqt va sharoitga qanday baho berasiz?

- Vaqt bo'yicha cheklovlar bo'lgani va sharoitlar ideal emasligi ayni haqiqat. Ammo umuman bahona qidirish niyatim yo'q. Ayni paytda eng yuqori darajada o'yin ko'rsatishimiz, mavjud sharoitga moslashib, har birimiz o'z vazifamizni bajarishimiz shart. Shu bilan birga, natija ham keltirishimiz kerak.

Yangi murabbiylar shtabi yangi futbolchilar bilan ishlamoqda va biz bir-birimizni o'rganish bosqichidamiz. Bundan ham idealroq tarzda tayyorgarlik ko'rish mumkin edi, albatta, lekin bahonaga hojat yo'q deb hisoblayman. Boshqa milliy terma jamoalar ham xuddi shunday sharoitlarda bahs olib bormoqda. Eng muhimi - muxlislarga quvonch ulashish uchun ijobiy natija ko'rsatish.

- Futbolchilar nafaqat taktika, balki o'zaro muloqot va jipslik bo'yicha ham etirozlarini bildirishdi. Terma jamoadagi jamoaviy muhit joyida deb hisoblaysizmi?

- Bu kasbda men uchun eng muhim qoidalardan biri - jamoa ichidagi muammolar faqat jamoa ichida hal qilinishi kerak. Ilk uchrashuvdagi yig'ilishda ham buni futbolchilarga etkazganman. Bahs tugashi bilan futbolchilarda his-tuyg'ular jo'sh urib turgan bo'ladi, shu sababli har qanday gap chiqib ketishi mumkin. Agar murabbiy sifatida biror muammo tug'ilsa, futbolchilar bilan yuzma-yuz o'tirib, masalani ichki muhitda hal qilaman.

- Ayni paytda jamoaning shakllanganlik darajasi necha foizni tashkil etadi?

- Foizlar bilan aytish qiyin. Futbol bu 0 foizdan boshlanib 100 foizgacha faqat yuqorilab boradigan jarayon emas, balki "Amerika tepaliklari" yoki akciya bozori kabi ko'tarilib-tushib turadigan holatdir. Biz intilishimiz kerak bo'lgan yo'nalish - barqaror o'sish. Albatta, bu oson emas. Futbolchilar o'z klublarida turli xil taktikalarni o'zlashtirib kelishmoqda. Ularni milliy jamoaga olib kelganimizda, g'oyalarimizni qanchalik amalga oshira olishlari muhim ahamiyatga ega. Shu bois bizning g'oyalarimizni tabiiy ravishda maydonda ko'rsata oladigan futbolchilarni jalb qilish asosiy vazifamiz hisoblanadi. Bu oson ish emas, ammo doimo shunga intilishimiz kerak.

- O'zbekiston terma jamoasini qanday tahlil qildingiz? Jahon chempionatidagi o'yinlarini ham ko'rdingizmi?

- O'zbekistonning barcha o'yinlarini ko'rib chiqdim, jumladan, Jahon chempionatidagi bahslarini ham to'liq tomosha qildim. Fabio Kannavaroni juda yaxshi murabbiy deb hisoblayman. U 4-4-2 yoki 4-2-3-1 taktikasidan foydalanadi, ular hujumkor va juda yaxshi pressing qila olishadi. Qarshi hujumlarga ixtisoslashgan ajoyib jamoa. Bazida 4-3-3 sxemasini ham qo'llashadi.

Boshqa raqiblar kabi ularni ham hurmat qilgan holda maydonga tushishimiz kerak. Agar o'zimizni raqibdan sal bo'lsa-da ustun deb hisoblay boshlasak, o'sha lahzaning o'zidayoq yutqazishni boshlashimiz mumkin. Shu kungacha bo'lgani kabi, barcha raqiblarga hurmat bilan qarash va ularga tengma-teng kurash olib borish kayfiyatida maydonga chiqish juda muhim.

Eslatib o'tamiz, Koreya – O'zbekiston bellashuvi ertaga, 6 oktyabr kuni 16:00 da start oladi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: interfootball.co.kr