

Bu uchrashuvni faqat ikki kuchli terma jamoa bahsi sifatida qabul qilish to'g'ri bo'lmaydi. Bu so'nggi yillarda Yevropa futbolining eng katta raqobatlaridan biriga aylangan qarama-qarshilikdir. Bir tomonda Dide Desham qurgan pragmatik, ammo har qanday vaziyatda natija chiqara oladigan Fransiya bo'lsa, ikkinchi tomonda Luis de la Fuente boshchiligida yana to'p nazoratiga asoslangan, biroq avvalgi avlodga nisbatan ancha vertikal o'ynaydigan Ispaniya turibdi.
Yaqin tarixda ustunlik Ispaniya tomonida
Yaqin o'tmishga nazar tashlasak, bu raqobatda psixologik ustunlik ayni paytda Ispaniya tomonida. Fransiya 2021 yilgi Millatlar ligasi finalida raqibini 2:1 hisobida mag'lub etgan bo'lsa-da, keyingi ikki muhim bahsda ispanlar g'alaba qozondi.

Avvalo, Evro-2024 yarim finalida Ispaniya 2:1 hisobida ustun keldi. Ortidan 2025 yilgi Millatlar ligasi yarim finalida tomoshabop o'yinda 5:4 hisobida yana g'alaba qozondi. Bu ikki natija Ispaniyaning hozirgi avlodi Fransiyaga qarshi qanday o'ynashni yaxshi bilishini ko'rsatdi.
Biroq mundial boshqa musobaqa. Jahon chempionati final bosqichida bu ikki jamoa shu vaqtgacha faqat bir marta to'qnash kelgan. 2006 yil Germaniyada o'tgan mundialning 1/8 finalida Ispaniya tezda hisobni ochgan bo'lsa-da, Fransiya keyinchalik o'yinni butunlay o'zgartira olgan va 3:1 hisobida g'alaba qozongan.

O'sha jamoa keyin finalgacha yetib borgan edi. Bu tarix bugungi futbolchilar uchun hal qiluvchi omil bo'lmasa-da, Fransiya uchun Ispaniyaga qarshi mundialdagi yagona bahs yaxshi xotira bilan bog'langan.
Yarim finalgacha bo'lgan yo'l
Fransiya musobaqani I guruhida boshladi va uchala uchrashuvda ham g'alaba qozonib, to'qqiz ochko bilan birinchi o'rinni egalladi. Senegal, Iroq va Norvegiyaga qarshi bahslarda jamoa nafaqat natija, balki barqarorlik ham namoyish etdi. Pley-offda esa Desham jamoasi Shvetsiyani 3:0 hisobida ishonchli mag'lub etdi. Germaniyani musobaqadan chiqargan Paragvayga qarshi bahsda bitta gol etarli bo'ldi. Chorak finalda Marokash ham francuzlar himoyasini yora olmadi va Fransiya yana ishonchli g'alaba bilan yarim finalga chiqdi.

E'tiborli jihati shundaki, Fransiya pley-offning uchta o'yinida ham gol o'tkazmadi. Jamoa har doim ham hujumda yorqin ko'rinmagan bo'lishi mumkin, ammo raqiblarga imkoniyat berishni deyarli to'xtatib qo'ydi. Bu Deshamning eng katta yutug'i hisoblanadi. Fransiya har xil ssenariyda o'ynay oladi: tez gol urib hisobni saqlab qolishi ham, raqib tashabbusini qabul qilib qarshi hujumda jazolashi ham mumkin.
Ispaniyaning yo'li biroz murakkabroq kechdi. Jamoa H guruhida musobaqani Kabo-Verde bilan durangdan boshladi. Keyin Saudiya Arabistoni va Urugvay ustidan g'alaba qozonib, birinchi o'rinni saqlab qoldi. Pley-offda esa Avstriyani 3:0 hisobida enggan ispanlar keyingi bosqichlarda ancha jiddiy raqiblarga qarshi o'ynadi. Avval Portugaliyani minimal hisobda mag'lub etdi, chorak finalda esa Belgiyaga qarshi qiyin kechgan bahsda 2:1 hisobida g'alaba qozonib, yarim finalga chiqdi.

Shuning uchun yarim finalgacha bo'lgan yo'lga qarasak, Fransiya raqiblariga nisbatan ko'proq nazorat o'rnatgan jamoa bo'lsa, Ispaniya qiyin vaziyatlarda ham o'yindan chiqish yo'lini topa olganini ko'rsatdi. Bu esa yarim final oldidan ikki jamoaning psixologik holati ham yaxshi ekanini anglatadi.
Bu o'yinning asosiy taktik savoli
Yarim finalning eng katta savoli - o'yin qaysi jamoa tempida kechadi?
Agar bahs Ispaniya xohlagan suratda o'tsa, to'p asosan ispanlarda bo'ladi. Luis de la Fuente jamoasi hujumni ortdan boshlab, qisqa uzatmalar bilan raqibni harakatlantirishga harakat qiladi. Bu faqat to'pni ushlab turish uchun emas. Asosiy maqsad - Fransiya himoyasini bir tomonga siljitish va boshqa hududda bo'shliq paydo qilish. Shu sababli Ispaniyaning to'p nazorati statistika uchun emas, vaziyat yaratish uchun xizmat qiladi.
Fransiya esa aksincha, to'psiz ham o'zini qulay his qiladi. Desham jamoasi raqibga tashabbusni berishdan qo'rqmaydi. Chunki Ispaniya qancha ko'p futbolchi bilan oldinga chiqsa, orqada shuncha ko'p bo'sh hudud qoladi. Bu esa Kilian Mbappe, Usmon Dembele yoki Maykl Olise kabi tezkor futbolchilar uchun eng qulay ssenariy hisoblanadi.

Shu jihatdan qaraganda, bu yarim finalda to'pga ko'proq egalik qilgan jamoa emas, balki to'pni yo'qotganidan keyin kim tezroq qaror qabul qilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkin.
Ispaniya qarshi pressingni o'z vaqtida amalga oshirmasa, Fransiya ikki-uch uzatma bilan xavfli vaziyat yaratishi mumkin. Agar francuzlar markazda to'pni yuta olmasa, aksincha, Ispaniya o'yinni o'z nazoratiga oladi.
Shuning uchun bu bahsni "Mbappe Yamalga qarshi" deb emas, balki "qaysi jamoa o'z uslubini raqibga qabul qildirishi mumkin?" degan nuqtayi nazardan kuzatish qiziqroq bo'ladi.
Nimalarga e'tibor berish kerak?
Bu o'yinda birinchi navbatda Ispaniya Fransiyaning tezkor qarshi hujumlarini qanday to'xtatishiga e'tibor qaratish kerak. Agar ispanlar to'p yo'qotganidan keyin darhol bosim o'rnata olmasa, Mbappe va uning sheriklari katta hududga ega bo'ladi.
Ikkinchi muhim jihat - Lamin Yamalga qarshi himoya. Fransiya uni qanday to'xtatishi va Ispaniya boshqa qanotdan qanchalik samarali foydalanishi bahs taqdiriga ta’sir qilishi mumkin.
Markazdagi kurash ham katta ahamiyatga ega. Rodriga erkinlik berish Ispaniyaning o'yinni nazorat qilishiga yordam beradi. Fransiya esa markazdagi bosim orqali raqibni noqulay qarorlar qabul qilishga majbur qilishga intiladi.

Shuningdek, standart vaziyatlarni ham unutmaslik kerak. Bunday bosqichlarda burchak to'pi yoki jarima zarbasidan kiritilgan bitta gol butun uchrashuv taqdirini hal qilib yuborishi mumkin.
Fransiya - Ispaniya yarim finali ikki katta terma jamoa o'rtasidagi navbatdagi bahs, xolos emas. Bu so'nggi yillarda Yevropa futbolida shakllangan eng qiziq raqobatlardan birining yana bir bobi hisoblanadi. Ikki jamoa ham finalga chiqish uchun etarli salohiyatga ega. Qaysi jamoa o'z uslubini raqibga qabul qildira olsa, final yo'llanmasiga ham o'sha yaqinroq bo'ladi.
JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul
Promokodni faollashtirish HAVOLASI



