

Folklend urushi soyasi va "Xudoning qo'li"
Angliya va Argentina o'rtasidagi adovatni tushunish uchun avvalo 1982 yilga qaytish kerak. O'sha yilning 2 aprelida Argentina harbiylari Janubiy Atlantikadagi Folklend (argentinaliklar uchun - Malvin) orollarini bosib oldi. Buenos-Ayres bu hududlarni azaldan o'ziniki deb hisoblar, London esa ularni 1833 yildan beri boshqarib kelardi. 74 kun davom etgan urushda Argentina mag'lub bo'ldi, yuzlab yosh askarlar halok bo'ldi, mamlakatdagi harbiy xunta esa tez orada quladi. Argentina jamiyati uchun bu shunchaki harbiy mag'lubiyat emas, milliy jarohat edi.
Oradan roppa-rosa to'rt yil o'tib, 1986 yil 22 iyunda Mexikoning "Acteka" stadionida ikki mamlakat jahon chempionati chorak finalida to'qnashdi. O'yin oldidan hamma faqat bir narsa haqida gapirardi: bu o'yin futbol emas, urushning davomi bo'ladi. Diego Maradonaning o'zi keyinchalik shunday eslagan: argentinaliklarga harbiylar urushda g'alaba qozonayotganliklarini aytishgan, aslida esa Angliya katta ustunlik bilan engayotgan ekan. Shov-shuv shu darajaga etdiki, go'yo maydonda yana bir urush bo'ladigandek edi.
Ikkinchi bo'limning oltinchi daqiqasida futbol tarixidagi eng mashhur va eng bahsli lahza yuz berdi. Angliya yarim himoyachisi Stiv Xoj to'pni o'z darvozasi tomon qaytarmoqchi bo'ldi, to'p havoga ko'tarildi va jarima maydonchasida Maradona darvozabon Piter Shilton bilan havoda to'qnashdi. Bo'yi 1,65 metrlik Maradona o'zidan ancha novcha darvozabondan balandroq sakrashi mumkin emasdi - u to'pni qo'li yordamida to'rga yo'lladi. Hakam Ali Bin Nosir ham, yordamchisi ham qo'l o'yinini ko'rmadi. Gol hisobga olindi.
Maradona keyinchalik jamoadoshlariga "Kelinglar, meni quchoqlanglar, aks holda hakam golni bekor qiladi" degani, o'yindan so'ng esa golni "Yaratganning qo'li bilan" urganini aytgani tarixga kirdi. Yillar o'tib u ochiq tan oldi: bu gol Folklend urushidagi mag'lubiyat uchun "ramziy qasos" edi. Eng hayratlanarlisi, oradan to'rt daqiqa o'tib aynan shu inson butunlay boshqa qiyofada namoyon bo'ldi - o'z maydonida to'pni qabul qilib, beshta ingliz himoyachisi va darvozabonni ortda qoldirib, keyinchalik FIFAning rasmiy so'rovida "Asr goli" deb tan olingan shoh asarni yaratdi. Bir o'yinda, to'rt daqiqa ichida futboldagi eng katta aldov va eng buyuk sanat yaratildi. Argentina 2:1 hisobida g'alaba qozondi va o'sha mundialda chempion bo'ldi.
Qizig'i, ingliz matbuoti ham o'yin atrofidagi vaziyatga e'tibor qaratgan: The Times gazetasi tribunalarda mushtlashuvlar va Folklend haqidagi qo'shiqlar bo'lmaganini qayd etib, buni ikki mamlakat munosabatlaridagi "jiddiy iliqlik" deb baholagan edi. Maradonaning o'zi ham ingliz futbolchilari o'yinni qo'pollikka aylantirmaganini alohida takidlagan.
Tarixdagi eng qimmat libos
"Xudoning qo'li" tarixining yana bir ajoyib davomi bor va u aynan o'sha Stiv Xoj bilan bog'liq. Taqdirning hazilini qarangki, Maradonaga "Xudoning qo'li" golini sovg'a qilgan uzatma aynan Xojga tegishli edi. O'yindan so'ng Xoj o'ziga shunday degan: "Men bu erga boshqa qaytmasam kerak, futbolka olishga harakat qilay". Avvaliga Maradona jamoadoshlari qurshovida bo'lgani uchun bu niyatidan qaytgan, ammo echinish xonasiga ketayotganda ikkinchi imkoniyat tug'ilgan va ikki futbolchi libos almashgan.
Bu futbolkaning o'zi ham alohida hikoya. Argentinaning asosiy paxta formalari Mexikoning jazirama issig'iga mutlaqo to'g'ri kelmasdi. Shunda bosh murabbiy Karlos Bilardo va uning yordamchisi Ruben Moskelya shahar bo'ylab engilroq futbolka izlab darbadar bo'lishgan. Topilgan liboslarga mahalliy tikuvchilar Argentina gerbini qo'lda tikib chiqishgan, raqamlar esa amerika futboli formalari uchun mo'ljallangan kumushrang, yaltiroq raqamlardan dazmolda yopishtirilgan. Maradona o'z kitobida hazil aralash yozganidek, maydonga chiqishganda bazi futbolchilarning yuziga ham yaltiroq yuqib qolgan, yomg'ir yog'sa, kim qaysi raqamda o'ynayotganini bilib bo'lmay qolardi.
Xoj bu futbolkani yigirma yil davomida Manchestyerdagi Milliy futbol muzeyiga omonatga berib turdi, sotish haqidagi ko'plab takliflarni rad etdi. Nihoyat, 2022 yilda, Maradona vafotidan ikki yil o'tib, u libosni Sotheby's aukcioniga qo'ydi. Dastlabki baho 4–6 million funt etib belgilangandi. 2022 yil 4 mayda futbolka 7,1 million funt sterlingga (taxminan 9,3 million dollar) sotildi - bu sport yodgorliklari tarixidagi mutlaq jahon rekordi edi. Oddiy do'kondan sotib olingan, gerbini tikuvchi ayollar qo'lda tikkan futbolka dunyodagi eng qimmat sport buyumiga aylandi. Chunki xaridor mato emas, o'tmishni sotib olgandi.

"Hayvonlar" mojarosi
Aslida bu raqobatdagi birinchi katta janjal Folklend urushidan ancha avval, 1966 yilda yuz bergan. O'z uyida o'tgan mundialda Angliya chorak finalda Argentina bilan "Uembli"da uchrashdi va bu o'yin futbol tarixidagi eng shov-shuvli mojarolardan biriga aylandi.
O'yin boshdan-oyoq qo'pol va asabiy kechdi. Asosiy portlash esa birinchi bo'limning oxirlarida sodir bo'ldi: nemis hakam Rudolf Kraytlyayn Argentina sardori Antonio Rattinni maydondan chetlatdi. Rasmiy sabab - hakamga nisbatan "og'zaki hujum". Ammo bu yerda absurd holat bor edi: Kraytlyayn ispanchani, Rattin nemischani bilmasdi. Rattin keyinchalik umrining oxirigacha faqat tarjimon talab qilganini aytib keldi. Sardor maydonni tark etishdan bosh tortdi - qariyb o'n daqiqa davomida maydonda turib oldi, policiya aralashishiga to'g'ri keldi. Ketar chog'ida esa u inglizlar uchun muqaddas sanalgan holatga jurat etdi: qirolicha uchun to'shalgan gilam ustidan yurib o'tdi va bazi guvohlarning aytishicha, Britaniya bayrog'i tushirilgan burchak bayroqchasini g'ijimlab tashladi. Stadion uni qarsaklar emas, g'azab bilan kuzatdi.
O'n kishi qolgan Argentina Jeff Xyorstning yagona goli tufayli 0:1 hisobida mag'lub bo'ldi. Ammo asl janjal o'yindan keyin boshlandi. Angliya bosh murabbiyi Alf Remsi himoyachisi Jorj Koenning argentinalik raqib bilan futbolka almashishiga to'sqinlik qildi - bu lahza suratga muhrlanib qolgan. Matbuot anjumanida esa Remsi tarixga kirgan o'sha so'zlarni aytdi: uning fikricha, Angliya o'zini "hayvonlar kabi tutmaydigan" jamoalarga qarshi o'ynaganda yaxshiroq namoyon bo'lardi. "Hayvonlar" so'zi Argentinada milliy haqorat sifatida qabul qilindi va bugungacha unutilgani yo'q. Ko'pchilik tarixchilar 1986 yildagi "Xudoning qo'li" atrofidagi ruhiy keskinlikning ildizini aynan shu kundan izlaydi. Argentinada esa o'sha o'yin boshqacha nom bilan eslanadi: "Asr o'g'irligi".
Bekxem fojiasi
1998 yil, Fransiyadagi mundial, 1/8 final, Sent-Eten. Angliya - Argentina o'yinining 47-daqiqasida Diego Simeone yosh Devid Bekxemni yiqitdi. Yerda yotgan Bekxem asabiylashib oyog'ini siltadi va Simeonega tegib ketdi. Argentinalik yarim himoyachi xuddi og'ir zarba qabul qilgandek o'zini erga tashladi va hakam Kim Milton Nilsen Bekxemga qizil kartochka ko'rsatdi. Simeone yillar o'tib o'zi ham vaziyatni ataylab bo'rttirganini tan oldi.
O'n kishi qolgan Angliya jasorat bilan kurashdi, ammo penaltilar seriyasida mag'lub bo'lib, musobaqani tark etdi. Shu zahoti butun mamlakatning g'azabi 23 yoshli Bekxemga qaratildi. Ertasi kuni tabloidlar uni millat xoini sifatida taqdim etdi: gazetalardan biri uning surati tushirilgan darts nishonini chop etdi, sarlavhalar "10 ta mard sher va bitta ahmoq bola" ruhida edi. Londondagi pablarning biridan tashqarida Bekxemning qo'g'irchoq haykali osib qo'yildi. Futbolchi va uning oilasi o'lim tahdidlarini oldi, hatto pochta orqali o'q ham yuborilgani xabar qilingan. Butun bir mavsum davomida Angliyaning barcha stadionlarida uni yoppasiga hushtak va haqoratlar kutib olardi. Bekxem keyinchalik bu davrni hayotidagi eng og'ir sinov, ruhiy jihatdan uni sindirishiga oz qolgan davr sifatida eslagan.
Ammo bu hikoyaning davomi ham bor va u futboldagi eng go'zal "qasos" syujetlaridan biri. 2002 yilgi mundialda, Sapporodagi guruh bosqichi o'yinida Angliya foydasi uchun Argentina darvozasiga penalti tayinlandi. To'p oldiga aynan Bekxem yaqinlashdi. U penaltini aniq amalga oshirdi, Angliya 1:0 g'alaba qozondi, Argentina esa o'sha mundialda guruhdan chiqa olmadi. To'rt yil avval millat dushmaniga aylantirilgan yigit endi milliy qahramon edi. Bekxemning o'zi o'sha golni elkasidan ulkan yuk tushgan lahza deb atagan.
Xotima o'rnida
1966 yildagi "hayvonlar", 1986 yildagi "Xudoning qo'li", 1998 yildagi qizil kartochka, 2002 yildagi penalti... Mana, 2026 yil - endi maydonga ushbu tarixning biror sahifasida qatnashmagan, ammo uning butun yukini elkasida ko'tarib chiqadigan avlod tushadi. Ajablanarlisi, 200 dan ortiq xalqaro o'yin o'tkazgan Lionel Messi karerasida hali biror marta Angliyaga qarshi maydonga tushmagan. Bugun Atlantada bu raqobatning yangi bobi yoziladi va tarixdan ayon bo'lishicha, Angliya - Argentina o'yinlari hech qachon shunchaki futbol o'yini bo'lib qolmaydi.



