

Jahon chempionati ko'plab xulosalarni berdi. Keling, oldimizdagi eng yaqin turnirdan boshlasak.
Osiyo Kubogi-2027 da bahonalar o'tmaydi!
Janob Fabio Kannavaro Jahon chempionatidagi ishtirokimizni Osiyo Kubogiga tayyorgarlik va tajriba to'plash jarayoni deb atadi. “Natija talab qilmanglar”, dedi. Xo'p, muxlislar ham, ekspertlar ham o'zbekona bag'rikenglik bilan bunga ko'ndi, mayli.
Ammo oldinda bizni 2027 yil Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan Osiyo Kubogi kutmoqda. Demak, o'zbek futbol jamoatchiligining italiyalik mutaxassisdan eng yuqori natijani talab qilishga to'la manaviy haqqi bor. Chunki u butun boshli Jahon chempionati aynan shu turnir uchun tayyorgarlik sifatida ko'rildi.
Biroq, bu yerda juda jiddiy bir savol tug'iladi:
Osiyo Kubogi start olgan paytda futbolchilarimizning jismoniy holati qanday bo'ladi?
Keling, shafqatsiz raqamlar va taqvimga nazar solamiz. Terma jamoaning o'zagini tashkil etuvchi “Paxtakor”, “Nasaf” va “Neftchi” kabi yetakchi klublarimiz futbolchilarini yil yakuniga qadar dahshatli taqvim kutyapti.
Superliga bahslari: ~20 ta o'yin
O'zbekiston Kubogi: ~4 ta o'yin
Elita OCHL (Osiyo Chempionlar Ligasi-2): 5 ta o'yin
Jami: Klublar miqyosida kamida 29 ta rasmiy uchrashuv!
Klublarimiz uchun ichki va xalqaro mavsum faqatgina dekabr oyining oxiriga kelib yakunlanadi. Osiyo Kubogi esa qishda bo'lib o'tadi. Kannavaro o'zining sevimli taktikasini qo'llab, futbolchilarni yana bir oy oldin terma jamoa yig'iniga chaqirib, klublarning rejasini buzadimi? To'liq kuch bilan o'ynab, mavsum oxirida charchagan yigitlarni yana o'sha jismoniy yuklamalar bilan qiynab, musobaqagacha mayib qilib qo'ymaydimi?
Biz qachon rasmiy musobaqalarda, nihoyat, o'zimizning eng optimal va ideal holatimizda yetib boramiz? Klublar va terma jamoa taqvimi o'rtasidagi bu balanssizlik qachon barham topadi?
Bu savollar hozircha ochiq. Lekin fakt shuki - Fabio Kannavaro Saudiya Arabistonidagi qita birinchiligida shunchaki chorak final yoki yarim final bilan qutula olmaydi. Undan faqat va faqat yuqori natija, yani chempionlik talab qilinadi. Bahonalar limiti JCHdayoq tugagan!

O'yin falsafasi: milliy DNKmi yoki "avtobus"?
Keling, faktlarga qaraymiz. Biz Fabio Kannavaro bilan pragmatik, yani himoyaviy futbolni tanladik ham deylik. Ammo yirik musobaqadagi bor-yo'g'i 3 ta o'yinda darvozamizdan o'rin olgan 11 ta gol - mudofaa tizimimiz qay ahvolda ekanini shafqatsizlarcha ko'rsatib qo'ydi. Dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri bo'lgan murabbiy bizga himoyalanishni o'rgata olmadi.
Xo'sh, qo'rquvni engib, o'yinni o'z qo'limizga olganimizda va oldinga intilganimizda nimadir qila oldikmi? Albatta! Kolumbiya bilan kechgan ikkinchi bo'limdagi shiddat va Kongo DRga qarshi uchrashuvning dastlabki 45 daqiqaligi buning yaqqol isbotidir. Biz to'p bilan, tashabbus bilan o'ynashga qodirmiz!
Nega aynan Temur Kapadze? Gap faqat natijada emas. Kapadze bilan ham katta sahnada mo'jiza yarata olmas edik. Lekin bu yerda masala - milliy o'yin falsafamizda! Kapadze kela zahoti Katanets merosini inqilob qilib, buzib tashlagani yo'q. U 3 ta markaziy himoyachidan iborat tartibli taktikani saqlab qolgan holda, futbolchilardan faqat bir narsani: to'p bilan ko'proq oldinga o'ynashni, ijodkorlikni va pozicion hujumni talab qildi.
Ha, biz tarixan to'p bilan muomala qilishni, kombinacion futbolni qoyillatgan xalqmiz - bu bizning DNKmizda bor. Biroq so'nggi yillarda terma jamoamiz to'psiz harakat qilishni, poziciyani yopishni ham o'rgandi.
Endigi eng oliy vazifa - mana shu ikki kuchli jihat o'rtasida "oltin balans"ni topa olishdir. Vaziyatga qarab ham hujumda ijod qilish, ham orqa chiziqda tartibni saqlash - zamonaviy futbol talabi shu. Murabbiylar shtabi futbolchilarning bor imkoniyatini bo'g'ishi emas, balki ularning kuchli tomonlaridan maksimal darajada foydalanishi lozim.
Biz bugun, ayni shu daqiqalarda katta arenalarda bizni tarsaki eyishdan qutqaradigan va eng muhimi, o'zimizga xos va mos bo'lgan o'yin uslubini uzil-kesil tanlab olishimiz shart!

Jismoniy tayyorgarlikdagi yuklamalar
Oxirgi ikkita yirik musobaqa - 2024 yilgi Osiyo Kubogi va Qatardagi Jahon Chempionati bizga bir xil achchiq saboqni berdi: jamoamiz jarohatlar girdobida qoldi. Eng alamlisi, futbolchilarimiz maydondagi kurashlarda emas, aynan mashg'ulot jarayonida - o'yinga tayyorgarlik paytida safdan chiqmoqda. Bu borada Srechko Katanets davrida ham, Fabio Kannavaro shtabida ham bir xil tizimli xato takrorlandi. Murabbiylar mashg'ulotlardagi yuklamalar balansini to'g'ri taqsimlay olishmayapti.
Aslida, jismoniy tayyorgarlik va funkcional poydevor futbolchiga yil davomida, asosan klublardagi mavsumlar oralig'ida (yig'inlarda) beriladi. Bu muammo zanjirsimon tarzda mahalliy klublarimizga ham borib taqaladi. Terma jamoa ixtiyoriga kelgan futbolchini atigi bir oy ichida "daxshatli" jismoniy darajaga chiqarib qo'yishning iloji yo'q. Aksincha, bazasi kuchsiz o'yinchiga qisqa vaqtda katta yuklama berilsa, uning mushaklari dosh bermaydi va mashg'ulotning o'zidayoq jarohat oladi. Murabbiylar shtabi va tibbiy personal mana shu nozik chegarani his qila olishi shart edi.
Avlodlar almashinuviga o'tish pallasi yaqin, ertaga kech bo'ladi!
Jahon chempionati yakunlandi, demak, biz kelajak sari nigoh tashlashimiz shart. Oldimizda turgan eng og'riqli va strategik masala - bu terma jamoadagi avlodlar almashinuvidir. Va bu jarayonni ertaga emas, aynan bugundan boshlash kerak.
Keling, oddiy matematikaga va shafqatsiz vaqt omiliga nazar solamiz. Navbatdagi Jahon Chempionati (JCH-2030) saralash ciklining hal qiluvchi pallarida bugungi yetakchilarimizning yoshi quyidagicha ko'rinish oladi:
O'tkir Yusupov - 39 yosh
Farruh Sayfiev - 39 yosh
Igor Sergeev - 37 yosh
Jamshid Iskanderov - 37 yosh
Jaloliddin Masharipov - 37 yosh
Botirali Ergashev - 35 yosh
Eldor Shomurodov - 35 yosh
Odiljon Hamrobekov - 34 yosh
Otabek Shukurov - 34 yosh
Rustam Ashurmatov - 34 yosh
Dostonbek Hamdamov - 34 yosh
Bu raqamlar nimadan dalolat? Ularning ayrimlari o'sha paytga kelib futbolchilik faoliyatini yakunlagan bo'lsa, maydondagilari ham jismoniy imkoniyatlarining cho'qqisida bo'lmaydi. Bu - tabiiy jarayon. Yillar o'z so'zini aytadi.

Asosiy maqsad qanday bo'lishi kerak? Biz terma jamoani birdaniga, majburiy tarzda yangilay olmaymiz - bu falokatga olib keladi. Maqsad - tizimli, bosqichma-bosqich va sekinlik bilan tarkibni yoshartirib borishdir.
O'tgan olimpiya terma jamoasida toblangan, mahalliy chempionatda ko'zga ko'rinayotgan iqtidorlarni hozirdanoq milliy jamoaning o'yin tizimiga integraciya qilish (singdirish) lozim. Bugungi yetakchilarimiz maydonda ekan, ularning yonida yangi avlod yetakchilari yetishib chiqishi, tajriba almashinuvi ro'y berishi shart. Shukurov, Shomurodovlar bir paytlar Jeparov, Xaydarov, Geynrixlarni oldida terma jamoada o'ynardi. Agar bu ish bugundan boshlanmasa, keyingi saralashda katta bir "avlodlar bo'shlig'i" (krizis) ga uchrashimiz aniq.
Jahon chempionati bizga nafaqat unutilmas his-tuyg'ularni taqdim etdi, balki o'zbek futbolining bugungi kundagi asl qiyofasini, kuchli va zaif tomonlarini ko'rsatib bergan haqiqiy ko'zgu bo'ldi. Emociyalar ortda qoldi, endi sovuq aql bilan oldinga qadam tashlash vaqti keldi.




