"Al Ayn" sobiq ustozi Sarokko: "Tan olish kerak, O'zbekistonning Jahon chempionatidagi guruhi juda qiyin edi"

Iskandarov Abdulaziz
9 iyul 2026, 10:57
"Kattaqo'rg'on" jamoasining jismoniy tayyorgarlik bo'yicha italiyalik mutaxassisi bilan eksklyuziv intervyu.

Alessandro Sarokko kim, deb savol berishingiz tabiiy. Balki uning nomi keng jamoatchilikka u qadar tanish emasdir. Chunki u faoliyati davomida ko'proq soyada ishlagan, katta futbolning ko'rinmas, ammo eng muhim bo'g'inlaridan biri hisoblangan jismoniy tayyorgarlik yo'nalishida mehnat qilgan.

Biroq uning bosib o'tgan yo'liga nazar tashlasangiz, Sarokko futbol olamida katta maktab ko'rgan inson ekanini anglash qiyin emas. 64 yoshli mutaxassisning professional faoliyati 1985 yilda Neapolda boshlangan. Bu esa Italiya futboli uchun o'ziga xos romantik va afsonaviy davr edi - aynan o'sha yillarda Diego Armando Maradona “Napoli”ni butun Yevropaga tanitayotgandi. Keyinchalik Sarokko "Al Jazira", "Vaduc", "Askoli", "Frozinone" kabi jamoalarda ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi.

Bugungi kunda O'zbekistonda mehnat qilayotgan italiyalik tajribali mutaxassis bilan suhbatimiz Jahon chempionati, milliy terma jamoamizning ishtiroki va mahalliy futboldagi holat xususida bo'ldi.

- Alessandro, O'zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi debyut ishtiroki sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Men O'zbekiston ishtirokidagi bitta o'yinni bevosita kuzatdim. Fikrimcha, bu turnir mamlakatingiz terma jamoasi uchun katta tajriba maktabi vazifasini bajarib berdi. Futbol assotsiatsiyasi, futbolchilar va murabbiylar - barcha-barcha yangi ko'nikmalarga ega bo'lishdi. Bu albatta keyingi o'sish uchun xizmat qiladi.
Tan olish kerak, O'zbekiston joy olgan guruh umuman oson emasdi. U yerda Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR kabi jiddiy raqiblar bor edi. Ko'rdingiz, Kongo DR hatto Angliya bilan tengma-teng jang qildi. Umuman olganda, jamoangiz haqidagi taassurotlarim ijobiy.

- Ayni paytda o'zbek futbolida bo'layotgan o'zgarishlar, infratuzilmaga oid islohotlarga munosabatingiz qanday?

- O'zbekistonda infratuzilmaga juda katta e'tibor qaratilayotgani quvonarli. Bunga hukumat darajasida sarmoya kiritilmoqda.

- Mundialdagi o'yinlardan kelib chiqib aytganda, terma jamoamizning eng katta kamchiligi nimada ko'rindi? Jahon darajasiga chiqish uchun nima yetishmayapti?

- Men O'zbekiston terma jamoasining muammolarini ochiqchasiga gapirishni istamayman. Faqat bir narsani ayta olaman: agar futbolchi faqat o'z mamlakatining ichki chempionatida o'ynab, keyin to'g'ridan-to'g'ri Jahon chempionatiga borsa, unga juda qiyin bo'ladi. Chunki mundialdagi hissiyot, tezlik va muhit butunlay boshqacha. Futbolchilar tajriba orttirgan sari, umumiy rivojlanish ham oshib boradi. Xatolarga kelsak, xato hammada bo'ladi - sizda ham, menda ham.

photo_2026-07-09_10-52-11.jpg



- Terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaroni yaxshi taniysiz. Uning murabbiylik salohiyatiga qanday baho berasiz?

- Men Fabioni hali u 19 yoshgacha bo'lgan futbolchilar jamoasida o'ynab yurgan paytlaridan beri bilaman. Futbolchi sifatida uning qanday afsona bo'lganini butun dunyo biladi. Murabbiy sifatida ham u ayni paytda juda yaxshi va mazmunli faoliyat olib boryapti.

- Bu yilgi Jahon chempionatida qaysi terma jamoa chempionlikka asosiy da'vogar deb o'ylaysiz? Osiyo grandlarining ishtiroki haqida nima deya olasiz?

- Mundialda faqat eng kuchli jamoalar qolishmoqda. Fransiya, Marokash, Argentina... Menimcha, aynan mana shu terma jamoalardan biri chempionlikni qo'lga kiritishi mumkin.

Osiyo vakillariga kelsak, Yaponiya juda katta o'sishga erishgani yaqqol ko'rindi. Eronda esa mamlakat ichidagi muayyan vaziyatlar bilan bog'liq muammolar bor. Shu sababli ular Jahon chempionatiga xotirjam va oson tayyorgarlik ko'ra olishmadi. Shunga qaramay, ular ham baribir rivojlanishda davom etyapti, futbolchilarining individual saviyasi ancha yuqori.

- Hozirda Proligada ishtirok etayotgan "Kattaqo'rg'on" klubidagi faoliyatingiz qanday ketmoqda? U yerdagi sharoitlar sizni qoniqtiryaptimi?

- "Kattaqo'rg'on" - ajoyib klub. Sharoitlar borasida aytadigan bo'lsam, bu yerda ishlash uchun hamma narsa etarli. Albatta, uni Osiyo grandlari bo'lmish "Al Ayn" kabi kuchli va boy klublar bilan solishtirib bo'lmaydi - bu mutlaqo boshqa daraja.
Biroq "Kattaqo'rg'on" endi shakllanayotgan yangi loyiha. Klub uchun yangi stadion qurilmoqda, zamonaviy baza barpo etilyapti. Bu juda jiddiy maqsadlarni ko'zlagan jamoa. Rahbariyat hamma narsani eng yaxshi, professional tarzda yo'lga qo'yishga harakat qilyapti. Asosiy va bosh maqsadimiz - Superligaga yo'llanma olish. Bunga qay darajada tayyorligimizni vaqt ko'rsatadi. Biz esa o'z navbatida maqsadga erishish uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia