

24 sentyabr kuni O'zbekiston va Eron terma jamoalari o'rtasida o'rtoqlik o'yini o'tkaziladi. Shu munosabat bilan ayni damda Toshkentning "Paxtakor" klubini himoya qilayotgan forslar termasining sobiq futbolchisi Murtazo Puraliganji hayot yo'li haqida hikoya qilamiz.
Murtazo Puraliganji 1992 yil 19 aprelda Eronning Mozandaroniga qarashli Babol shahri yaqinidagi Poyin Ganj Afruz qishlog'ida dunyoga keldi. Uning bolaligi og'ir yo'qotish va chuqur qayg'u bilan boshlandi - Murtazo endigina ikki yoshga to'lganida oila ustuni bo'lgan otasidan ayrildi. Bu fojia oilaning butun moliyaviy va manaviy mas'uliyatini uning mushtipar onasi va akasining zimmasiga yukladi.
Sportga bo'lgan ilk qiziqishlar nafaqat futbol, balki voleybol bilan ham bog'liq edi. Bolaligida u bo'yi baland va chaqqon bo'lgani uchun voleybolni sevib o'ynar, hatto ikki sport turi o'rtasida ikkilanib ham qolgandi. Biroq futbol qudrati uni yashil maydon sari etakladi. Agar sportchi bo'lmaganida, u o'zining tirishqoqligi ortidan mutlaqo boshqa sohada ishlashi mumkinligini ham yashirmaydi.
"Otam vafot etganida men endigina ikki yoshda edim va o'sha mudhish kundan to bugungi kungacha onam men uchun tariflab bo'lmas mashaqqatlarni chekdi. Bolaligimdan buyuk maqsadlarim bor edi va ularni daftarimga yozib yurardim; doim milliy terma jamoaning muqaddas libosini kiyishni orzu qilardim. O'sha bolaligimdan, men uchun hamma narsasidan, o'z halovatidan voz kechgan onam uchun katta ishlar qilishni xohlardim, toki u boshini baland ko'tarib, butun dunyoga 'mening o'g'lim muvaffaqiyatli inson bo'ldi' deya olsin. Hayotimda nimagaki erishgan bo'lsam, barchasi onamning duolari va akam men uchun qilgan fidokorona mehnatlaridandir. Agar futbolchi bo'lmaganimda, o'qishim yaxshi bo'lgani uchun, albatta bank xodimi bo'lardim!"
2010 yil "Naft Tehron" klubining asosiy tarkibiga qo'shilgan Puraliganji, dastlab tayanch yarim himoyachisi sifatida shakllandi. U 2011 yilda "Paykon"ga qarshi o'yinda (4:1) ilk professional golini urdi va o'zini maydon markazida ishonchli harakat qiluvchi, to'pni taqsimlaydigan va raqib hujumlarini buzadigan yarim himoyachi sifatida ko'rsata boshladi. "Naft" klubi bosh murabbiyi, sobiq futbolchi Ali Rizo Mansuriyon qo'l ostida u tayanch zonasining eng muhim va barqaror figuralaridan biriga aylandi.
Biroq Eron terma jamoasining o'sha vaqtdagi bosh murabbiyi, dunyoga mashhur portugaliyalik mutaxassis Karlush Keyrush yosh iqtidor egasida mutlaqo boshqa, yanada kattaroq salohiyatni ko'ra oldi. Keyrush Puraliganjining yarim himoyachilarga xos bo'lgan keng maydonni ko'rish qobiliyati, sovuqqonligi va to'p bilan muomala qilish madaniyatini aynan himoya markazida ishlatishni maqsad qildi.
2014 yilning oxirida Portugaliyada o'tgan o'quv-mashg'ulot yig'inida Keyrush uni ilk bor markaziy himoyachi poziciyasiga qo'yib sinab ko'rdi. Bu qaror 22 yoshli futbolchi uchun ham katta tavakkalchilik, ham faoliyatini butunlay o'zgartirib yuboruvchi ulkan imkoniyat edi. Yangi poziciyaga moslashish katta taktik intizom va pozicion xato qilmaslikni talab etardi.
"Mansuriyon 'Naft'da meni tayanch zonasida o'ynatardi. Men terma jamoada bor-yo'g'i 20 daqiqaga yaqin tayanch yarim himoyachisi sifatida harakat qildim, lekin bir kuni Keyrush yonimga kelib, menga yarim himoyadan ko'ra himoyada ko'proq va kuchliroq o'sishimni aytdi. U meni shu poziciyada ko'rayotganini ta'kidladi. Keyrush Portugaliyadagi yig'inda meni himoya chizig'iga o'tkazgan kundan boshlab, bor e'tiborim va xayolimni shu poziciyaga qaratdim. Xudo mening yo'limga shunday insonni uchratgani uchun va 22 yoshli, xalqaro maydonda tajribasi yo'q o'yinchiga shunchalik ishonib, asosiy tarkibni topshirgani uchun yaratganga yuz ming marta shukur qilaman. Bu voqea mening butun taqdirimni o'zgartirib yubordi!"
Murtazoning xalqaro maydondagi haqiqiy kashfiyoti va katta sahnaga chiqishi 2015 yil Avstraliyada bo'lib o'tgan Osiyo Kubogiga to'g'ri keladi. Turnir arafasida terma jamoadagi boshqa tajribali markaziy himoyachilarning jarohat olgani tufayli, Keyrush yosh Puraliganjini Bahraynga qarshi dastlabki o'yindayoq asosiy tarkibga kiritishga majbur bo'ldi. U o'zining favqulodda xotirjamligi, kuchli havodagi kurashlari va pozicion savodxonligi bilan barcha mutaxassislarni hayratda qoldirdi. Biroq turnirning va balki uning butun faoliyatining apogeyi chorak finaldagi Iroqqa qarshi uchrashuv bo'ldi.
2015 yil 23 yanvar. Kanberra stadioni. Futbol tarixiga Osiyo Kubogining eng dramatik, asabiy va tomoshabinpsand o'yinlaridan biri sifatida kirgan bu bahs Murtazo uchun ham qahramonlik, ham anti-qahramonlik lahzalarini taqdim etdi. Uchrashuvning 43-daqiqasida Mehrdod Po'ladiyning bahsli va baxtsiz qizil kartochkasidan so'ng 10 kishi bo'lib qolgan Eron, qo'shimcha bo'limlarda 2:1 hisobida ortda borayotgan edi. Umidlar so'nayotgan bir paytda, 103-daqiqada burchakdan uzatilgan to'pga eng baland sakragan Puraliganji o'ta kuchli va aniq bosh zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. U shu soniyaning o'zidayoq butun millatning najotkori va qahramoniga aylandi.
Lekin futbol o'ta shafqatsiz o'yindir. Oradan bor-yo'g'i 13 daqiqa o'tib, 116-daqiqada aynan Murtazo Puraliganji o'z jarima maydonchasi ichida iroqlik Yosir Qosimga nisbatan qoida buzdi va hakam Benjamin Uilyams ikkilanmasdan penalti belgiladi. Iroq penaltidan yana oldinga chiqib oldi (garchi Eron 119-daqiqada Rizo G'uchannajodning goli bilan yana hisobni tenglashtirib, 3:3 qilgan bo'lsa-da, penaltilar seriyasida 6:7 hisobida alamli mag'lubiyatga uchradi).
"Faoliyatim davomida urgan eng yaxshi va eng qadrli golim Iroqqa urgan golim edi va bu golni hech qachon unutmayman. Yana qanday gol ursam ham, hayotimdagi eng muhim gol Iroq milliy terma jamoasiga urilgan gol bo'lib qoladi. Futbol shunday ayovsiz - bir soniyada butun millatning qahramoni bo'lsang, keyingi soniyada bitta xato bilan hammasini barbod qilishing mumkin. Ammo aynan shu mashaqqatlar, ko'z yoshlar va xatolar bizni toblaydi, bizni kuchliroq insonga aylantiradi!"
2015 yilgi Osiyo Kubogidagi yorqin va murosasiz o'yinidan so'ng, Murtazoga Osiyo va Yevropaning qator klublaridan takliflar tushdi. Eronlik muxlislar o'zlarining yangi himoya chizig'i yulduzini nufuzli Yevropa chempionatlarida ko'rishni istashardi. Biroq, 2015 yilning fevral oyida u kutilmaganda Xitoy Superligasi vakili "Tyanczin Teda" klubi bilan bir yillik shartnoma imzoladi. Bu qaror Eronda katta rezonans va keskin norozilik keltirib chiqardi.

Sport iqtisodiyoti va logikasi nuqtayi nazaridan Xitoy ligasi o'sha paytda astronomik mablag'lar sarflayotgan, yulduzlarni sotib olayotgan, ammo Yevropa darajasidagi sof futbol raqobatidan yiroq liga edi. Ijtimoiy tarmoqlarda eronlik muxlislar futbolchini faqat katta maosh uchun bu tanlovni qilganlikda ayblab, uni va oilasini ayovsiz haqorat qilishdi.
Bu vaziyat futbolchining ruhiyatiga qattiq ta’sir qildi. U xorijda yolg'iz yashash azobini tortdi, ammo uning qarori ortida chuqur pragmatik sabablar bor edi. Xitoyda unga tajribali gollandiyalik mutaxassis Ari Xan ustozlik qildi. Eng muhimi, shartnomasida qachondir Yevropadan taklif tushsa, klub uni to'siqsiz qo'yib yuborishi kerakligi haqida band bor edi. Xitoy uning uchun moliyaviy mustaqillik va Yevropaga o'tish uchun o'ziga xos ko'prik vazifasini o'tashi kerak edi.
"Esimda, Xitoyga ketganimda ko'pchilik Instagram va izohlarda menga va oilamga, yaqinlarimga cheksiz haqoratlar yog'dirishgan edi! Qasam ichamanki, hatto bu haqoratlarni o'qishga uyalardim va yuragim ezilardi. Meni dunyoga keltirgan oilamning nima gunohi bor ediki, ularga shunday munosabatda bo'lishlari kerak edi? Men oson ishni tanlamagandim. O'sha Xitoy o'z ligasi uchun milliardlab sarmoya kiritmoqda edi. Agar sen maydonda o'ynasang, hamma seni yaxshi ko'radi. Agar zaxirada o'tirsang va o'ynamasang, hech kim hatto senga qaramaydi ham va hech qanday Yevropa jamoasiga bora olmaysan. Shuning uchun men xis-tuyg'ularga emas, aqlga tayanib, hamma narsani o'rganib chiqib, keyin qaror qabul qilganman".
Xitoydan so'ng Puraliganji yana bir bor Yevropani emas, Qatarni tanlashga qaror qildi. 2016 yilning yanvarida u Qatarning eng nomdor va boy klubi - "Al-Sadd" safiga qo'shildi. Bu yerda uni nafaqat yuqori maosh va yaxshi sharoitlar, balki futbol tarixidagi eng buyuk yarim himoyachilardan biri, ispaniyalik Xavi Ernandes kutib turardi.
Yoshligida Madridning "Real" klubiga ashaddiy muxlislik qilgan va bolalik daftarlariga dunyoning eng zo'rlari bilan birga o'ynashni orzu qilib yozgan yigit uchun "Barselona" afsonasi va tiki-takaning yuragi bo'lgan inson bilan bir kiyinish xonasida bo'lish syurrealistik holat edi. Murtazo Xavining nafaqat maydondagi daholigidan, balki maydon tashqarisidagi o'ta kamtarligi va odamiyligidan hayratda qoldi. Xavi unga o'z akasidek, maslahatgo'y murabbiyidek munosabatda bo'ldi.

"As-Sadd" va "Al-Arabi" o'rtasidagi markaziy Qatar derbisida Xavining aniq uzatmasidan so'ng Murtazo bosh bilan chiroyli gol urdi. Goldan so'ng u to'g'ri Xavining yoniga yugurib borib, uni mahkam quchoqladi - bu shunchaki gol nishonlash emas, balki bolalik orzusining ro'yobga chiqishi edi. Murtazoning "Real"ga muxlislik qilishi esa jamoa ichida Xavi bilan qiziqarli hazillarga sabab bo'lardi. Shuningdek, Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida BAAning "Al-Jazira" klubiga qarshi kechgan dramatik penaltilar seriyasida (2:2 dan so'ng) ham Xavi, ham Murtazo o'z zarbalarini noto'g'ri amalga oshirishganida, aynan ispaniyalik yulduz va jamoa murabbiyi Jezualdu Ferreyra uni ruhan qo'llab-quvvatladi.
"Xavi bilan birinchi marta ko'rishganimda, qarshimda turgan odam shu qadar oddiy va samimiy ediki, u xuddi mening akamdek tuyuldi. Bir lahza 'Poytaxt' serialidagi Naqi Odatiyning mashhur gapi esimga tushib, ichimda: 'Nahotki shunaqasi ham bo'lishi mumkin, bo'lishi mumkinmi?!' – dedim. Shunchalik buyuk inson shu qadar kamtar! Men 'Real Madrid' muxlisiman va Xavi bilan doim hazillashib tortishardik; unga 'Barselona'ning uslubi boshqa jamoalarning motivaciyasini o'ldirishini aytardim. Bir kuni kiyinish xonasida u menga ingliz tilida: 'Ofarin Murtazo, sen mashg'ulotlardagidek rasmiy o'yinlarda ham gol ura olishingni ko'rsatding,' deganida, men undan qanchalik ko'p narsa o'rganayotganimni his qildim. U maydon ichidagi tirik murabbiy va men uning har bir harakatidan, qanday yashashidan tortib qanday to'p uzatishigacha o'rganishga intilaman".

Karlush Keyrush boshchiligidagi Eron terma jamoasi 2018 yilgi Rossiyada o'tadigan Jahon chempionatiga saralash bosqichida birorta ham gol o'tkazib yubormay (so'nggi turga qadar) mutlaq rekord bilan yo'llanmani qo'lga kiritdi. Bu fenomenal natijaning markazida, mudofaa qo'rg'oni sifatida aynan Puraliganji turardi. Qur'a Eronni haqiqiy "o'lim guruhi"ga - dunyoning yetakchilari bo'lmish Ispaniya, Portugaliya va Marokash bilan bir guruhga tashladi.
Bu turnir Murtazo uchun nafaqat jismoniy, balki faoliyatidagi eng yuqori darajadagi psixologik va ruhiy sinov bo'ldi. Ispaniyaga qarshi o'yinda (0:1) unga dunyoning eng agressiv, provokator hujumchilaridan biri Diego Kostani qo'riqlash vazifasi yuklatilgan edi. Futbolning "qora sanati" ustasi bo'lgan Kosta eronlik himoyachini muvozanatdan chiqarish va qizil kartochka olishiga erishish maqsadida maydonda eng tuban psixologik usullardan foydalandi. Kosta o'yin boshidan oxirigacha Murtazoning ko'ziga qarab, uning onasi va singlisini xunuk so'zlar bilan haqorat qildi. Lekin Puraliganji o'zini yo'qotmadi. U onasiga bo'lgan cheksiz hurmatini va vatani oldidagi mas'uliyatini birinchi o'ringa qo'yib, provokaciyaga uchmadi.

Uchinchi turda Portugaliyaga qarshi dramatik o'yinda (1:1) Murtazo yana bir bor butun dunyo diqqat markaziga tushdi. To'p uchun kurashda dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri Krishtianu Ronaldu tirsagi bilan Puraliganjining yuziga ataylab zarba berdi. Puraliganji maydonga quladi. Hakam VAR orqali vaziyatni ko'rib chiqdi, ammo Ronalduga qizil emas, faqat sariq kartochka ko'rsatdi. Karlush Keyrush bu adolatsiz qarordan g'azabga mindi va futbol qoidalari Messi yoki Ronaldu uchun boshqacha ishlamasligi kerakligini, tirsak bilan zarba berish so'zsiz qizil kartochka ekanligini ta'kidladi.
"Menimcha, Diego Kosta mutlaqo axloqsizlik qildi va men unga faqat achinaman. U o'yin boshidan oxirigacha ko'zimga qarab, onam, singlim va oilamning boshqa a'zolari haqida juda xunuk so'zlarni ishlatdi. U meni aqldan ozdirmoqchi edi va tajribasizlik qilib, o'yindan chetlatilishimga sabab bo'ladigan xatti-harakatni amalga oshirishimni kutgandi. Hakam yaqinlashsa, u darrov jimib qolardi. Lekin men maydonda Eron va Vatanim haqida o'ylab, g'azabimni yutdim va o'zimni qattiq nazorat qildim".
Jahon chempionatidan so'ng, Murtazo nihoyat o'zining azaliy orzusini amalga oshirdi va Yevropaga - Belgiyaning yuqori divizioni vakili "KAS Eypen" klubiga yo'l oldi (2018 yil avgust). Qatarning "Aspire Zone" fondiga qarashli bu klub yosh iqtidorlar uchun o'ziga xos Yevropaga ochilgan darvoza vazifasini o'tardi. Ammo Yevropadagi hayot u o'ylagandek davom etmadi. 2019 yilgi Osiyo Kubogi tufayli u jamoani mavsum o'rtasida tark etishga majbur bo'ldi va terma jamoadan (yarim finalgacha yetib borib) qaytgach, Belgiya klubidagi asosiy tarkibdagi o'rnini yo'qotdi.
Futbolda vaqt va o'yin amaliyoti eng qimmatli valyutadir. Zaxirada o'tirish terma jamoadagi joyni yo'qotishga va faoliyatning pasayishiga olib kelishini tushungan pragmatik Puraliganji xis-tuyg'ularni chetga surib, o'yin amaliyotini birinchi o'ringa qo'ydi. U yana Qatarga ("Al-Arabi"), so'ngra Xitoyning "Shenchjen" klubiga yo'l oldi.
"Yevropada o'ynash har doim mening maqsadim va orzuim bo'lgan. Lekin men havoda uchmayman, sharoit va reallikka qarab ish tutaman. Men hech qachon faqatgina nom uchun zaxira o'rindig'ida o'tiradigan joyga bormayman. Futbol bu bir soniya, bir daqiqa va bir o'yin; tugadi va ketdi. Agar sen maydonda o'ynasang hamma seni yaxshi ko'radi. Agar o'ynamasang, hech kim hatto senga qayrilib qaramaydi ham. Hayoting va futboling uchun yaxshi bo'lgan joyda, o'zingni ko'rsata oladigan joyda bo'lishing shart".
Har bir professional sportchi faoliyatidagi eng qo'rqinchli, uning karerasiga nuqta qo'yishi mumkin bo'lgan so'z bu - Xochsimon payning uzilishi. 2021 yil iyul oyida Xitoy chempionati doirasida "Shenchjen" va "Cindao" o'rtasidagi o'yinda 29 yoshli Puraliganji chap oyog'idan aynan shu mudhish jarohatni oldi. Tibbiy statistika va sport fiziologiyasiga ko'ra, ACL jarohati sportchini kamida 9-12 oyga safdan chiqaradi va operaciyadan so'ng avvalgi sport formasiga qaytish o'ta mashaqqatli, bazida esa imkonsiz jarayondir.
Xitoyning qatiy va cheklangan Kovid karantinlari davrida, oilasi va vatanidan uzoqda bunday og'ir jarohat bilan yolg'iz yuzma-yuz kelish insonni ruhan sindirishi, tushkunlikka tushirishi hech gap emasdi. U roppa-rosa 426 kun rasmiy futbol o'ynamadi. Lekin Murtazo jismoniy og'riqni va ruhiy bo'shliqni kitoblar yordamida engishga qaror qildi. U doimo kitob o'qishni xush ko'radigan kamsonli intellekt egasi bo'lgan futbolchilardan edi, jarohat davrida esa motivacion va psixologik adabiyotlar uning asosiy quroliga aylandi.
"Roppa-rosa 426 kun rasmiy ravishda o'ynamagan edim. Juda og'ir jarohatdan so'ng, ko'pchilik menga salbiy energiya yuborib, faoliyatim tugaganini aytib, meni futbolga qaytishdan sovutmoqchi bo'lishdi. Lekin men hayotimni kitob bilan qurdim. Doim ishlatadigan bir gapim bor: 'O'z hayotingning qahramoni bo'l'. Men tanamga mashg'ulot yoki oshqozonimga ovqat berganim kabi, miyamga ham ozuqa berishim kerak. Men raqobatlashadigan yagona inson – bu faqatgina o'zimdir. Ertalab uyg'onganimda ibodatdan so'ng albatta kitob o'qiyman. Kuchli iroda, o'z ustimda ishlash va Xudoning marhamati bilan maydonga qaytishga muvaffaq bo'ldim".
426 kunlik sukunat va tiklanish jarayonidan so'ng, 2022 yilning yozida Murtazo Eronga, mamlakatning eng kuchli va mashhur klublaridan biri - "Persepolis"ga erkin agent sifatida qo'shildi. Bu ko'pchilik kutmagan, mo'jizaviy qaytish edi. U jamoaning asosiy ustuniga aylandi, Eron ligasida yuqori saviyada o'ynadi va eng muhimi - Qatarda bo'lib o'tgan 2022 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qaytarib oldi.

Qatardagi mundialda u Angliya, Uels va AQSH terma jamoalariga qarshi mardonavor harakat qildi. Biroq uning qarashlari faqat maydon bilan cheklanmadi. Erondagi ijtimoiy muammolar, xususan, ayollarning stadionlarga kirishi bilan bog'liq masalalar uni doim o'ylantirib kelardi. U onasini qanchalik yaxshi ko'rsa, uning o'yinlarini stadiondan ko'ra olmasligi unga shunchalik alam qilardi. Shuningdek, u so'zning kuchi va ijobiy energiya haqidagi qarashlari bilan terma jamoa kiyinish xonasidagi muhitni o'zgartirishga urindi.
"Oilalarimiz, onalarimiz stadionga kelishi barchamizning eng buyuk orzuimiz. Onam Ozodiy stadioniga kelib o'yinimni ko'rishni orzu qiladi. U Erondan tashqaridagi BAA va Qatardagi o'yinlarimga kelgandi, lekin o'z uyimizda emas... Men doim aytaman, inson faqat to'g'ri va ijobiy energiyaga ega so'zlarni ishlatishi kerak. Oldinlari kiyim almashtirish xonasida 2:0 yutayotganimizda bazilar 'Yigitlar, gol o'tkazib yubormaylik!' derdi va biz maydonga tushib gol o'tkazib yuborardik! Lekin keyin biz buni o'zgartirib, 'Gol o'tkazib yubormaylik' deyish o'rniga, 'Keyingisini ham uraylik, oldinga boraylik' deydigan bo'ldik. Miyangizni cheklamang, doim oldinga intiling!"
Murtazo Puraliganji va O'zbekiston milliy terma jamoasi o'rtasidagi tarix alohida bir sahifaga jo bo'lgulik dramadir. Taqdir hazilini qarangki, bugun Toshkentning "Paxtakor" klubi sharafini himoya qilayotgan eronlik himoyachi, vaqtida o'zbek hujumchilari uchun eng o'tib bo'lmas va shafqatsiz to'siq vazifasini o'tagan. Uning faoliyatida O'zbekistonga qarshi o'tkazilgan asosiy to'rtta katta o'yin bor va ularning har biri maydondagi murosasiz janglar bilan yodda qolgan.
Ilk bor u O'zbekistonga qarshi 2015 yili Toshkentda kechgan o'rtoqlik bahsida maydonga tushgan edi. Yosh va g'ayratga to'la Murtazo o'sha kuni himoyada qattiqqo'llik bilan o'ynab, jamoasining 1:0 hisobidagi g'alabasiga hissa qo'shdi. Bu uning Toshkent maydonlaridagi ilk sinovi edi.
Oradan ko'p o'tmay, 2016 yilda Jahon chempionati saralashi doirasida u yana Toshkentga keldi. Juda og'ir va asabiy kechgan o'sha bahs ham Eronning kichik hisobdagi g'alabasi bilan tugadi va Puraliganji mudofaa markazida o'zining haqiqiy yetakchilik xususiyatlarini namoyon etdi.
Eng esda qolarli to'qnashuvlardan biri esa 2017 yilning iyunida Tehrondagi "Ozodiy" stadionida ro'y berdi. O'zbekiston terma jamoasi uchun hayot-mamot masalasi bo'lgan o'yinda Eron 2:0 hisobida zafar quchib, mundial yo'llanmasini naqd qildi. O'sha oqshom Murtazo eng kuchli o'yinlaridan birini o'tkazib, raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
"O'zbekistonliklar uchun yagona imkoniyat shu o'yinda g'alaba qozonish edi, ammo bizning himoya buzib bo'lmas qalaga aylandi", – deya eslaydi u o'sha dramatik kechani.
Uning O'zbekiston bilan to'rtinchi bor yuzma-yuz kelishi yana Toshkentda, 2023 yilgi tarixiy "CAFA Nations Cup" musobaqasining finalida yuz berdi. O'sha oqshom "Milliy" stadionida o'n minglab muxlislar ko'z o'ngida Murtazo Eron mudofaasini mustahkam ushlab, O'zbekiston terma jamoasining ketma-ket qilgan hujumlarini yo'qqa chiqardi. Yakunda Eron 1:0 hisobida g'alaba qozonib, kubokni boshi uzra ko'tardi.

34 yoshga to'lgan, ko'pni ko'rgan faxriy Murtazo Puraliganji o'zining ulkan tajribasini Toshkentning "Paxtakor" klubiga olib keldi. 2026 yilning avgustida Toshkent klubi u bilan yil oxirigacha mo'ljallangan shartnoma imzoladi.

Uning Toshkentdagi starti voqealarga va ziddiyatlarga boy bo'ldi. Superligadagi debyutini Qarshining "Nasaf" klubiga qarshi (2:1 g'alaba) muvaffaqiyatli o'tkazgan bo'lsa, OCHL Elit doirasida 2026 yil 14 sentyabr kuni Saudiya Arabistonining qudratli "Al-Ahli" klubiga qarshi safarda kechgan qiyin uchrashuvda (1:1, Flamarion va Firas Al-Buraykan gollari) tajribasi bilan jamoaga katta yordam berdi. Shuningdek, ichki ligada "Mashal"ga qarshi o'yinning 10-daqiqasidayoq qo'polligi uchun qizil kartochka olib maydonni erta tark etganiga qaramay, "Paxtakor" 10 kishi bo'lib 2:1 hisobida irodali g'alabani qo'lga kiritdi. Bu futbolning kutilmagan burilishlari va uning faoliyatidagi dramalar hali ham davom etayotganidan dalolatdir.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



