Bir oy ichida "Eyr Fors" va "Al Ahli"ga jarima zarbalaridan gol urgan futbolchini bilasizmi?

Оқил Абдубарноев
14 sen 2026, 13:01
"Al Ahli" va "Eyr Fors" jamoalarini o'zbek futboli bilan bog'lovchi voqealar doirasida Marat Bikmaevning o'ziga xos natijasi mavjud.

Hujumchi 2019 yilda "Paxtakor" tarkibida har ikki klub darvozasini jarima zarbasi orqali ishg'ol qilgan. Roppa-rosa 28 kunlik farq bilan kiritilgan mazkur gollarning har ikkisi jamoaga g'alaba keltirgan.

Marat Bikmaev uchun mazkur mavsum sobiq jamoasiga qaytish bilan boshlandi. 2004 yilda "Paxtakor"ni tark etgan futbolchi Rossiya va Qozog'istondagi faoliyati, shuningdek, Toshkentning "Lokomotiv" klubidagi harakatlaridan so'ng yana "Paxtakor" tarkibiga kelib qo'shildi. Uning qaytishdan keyingi ilk rasmiy uchrashuvi hal qiluvchi gol bilan ahamiyatli bo'ldi.

2019 yilning 12 fevral kuni "Paxtakor" Osiyo Chempionlar ligasining ikkinchi saralash bosqichi doirasida Iroqning "Eyr Fors" klubini qabul qildi. Mehmonlar Toshkentga OFK kubogini ketma-ket uch marta – 2016, 2017 va 2018 yillarda qo'lga kiritgan jamoa maqomida tashrif buyurgan hamda qitaning asosiy klub turnirida ishtirok etish maqsadida edi.

Uchrashuvning asosiy voqealari ikkinchi bo'lim yakunida sodir bo'ldi. Dastlab Jaloliddin Masharipov hisobni ochdi. 84-daqiqada esa Bikmaev jarima zarbasini amalga oshirdi: uning zarbasidan so'ng to'p darvoza ustuniga tegib, to'rga joylandi – 2:0.

Uch daqiqadan so'ng, Hammadi Ahmad javob golini kiritdi. Shu tariqa, mazkur bahsda aynan Bikmaevning zarbasi yakuniy natijani belgilab berdi. "Paxtakor" 2:1 hisobida g'alaba qozonib, saralashning navbatdagi bosqichiga yo'llanma oldi.

Oradan to'rt hafta o'tgach, "Paxtakor" stadionida shunga o'xshash holat yana takrorlandi. Bu galgi raqib Saudiya Arabistonining "Al Ahli" klubi bo'lib, uchrashuv OCHL guruh bosqichi doirasida o'tkazildi.

12 mart kuni bo'lib o'tgan uchrashuvda mezbonlar hisobni ochish uchun bir nechta imkoniyat yaratdi. Jumladan, Bikmaevning bosh bilan yo'llagan zarbasi noaniq chiqdi, Odil Hamrobekovning urinishini darvozabon qaytardi, Dragan Cheran yo'llagan to'p esa ustunga tegdi.

Natijaga yana jarima zarbasi orqali erishildi. 62-daqiqada Bikmaev taxminan 30 metr masofadan to'pni erlatib darvozaga yo'lladi. Raqib darvozaboni Muhammad al-Uvays bu zarbani qaytara olmadi. Uchrashuvda boshqa gol kiritilmadi va bahs 1:0 hisobida yakunlandi. Bu "Paxtakor"ning mazkur mavsum guruh bosqichidagi dastlabki g'alabasi edi.

"Eyr Fors"ga qarshi bahsda Bikmaev jamoasining ikkinchi golini kiritib, raqibning javob to'piga qaramay, ustunlikni saqlab qolishga hissa qo'shgan edi. "Al Ahli" bilan kechgan o'yinda esa uning zarbasi uchrashuvdagi yagona va hal qiluvchi gol bo'ldi. Ikki turli bahs, ammo natija bir xil: jarima zarbasini amalga oshirgan Bikmaev "Paxtakor"ga g'alaba keltirdi.

Shu sababli, "Al Ahli" va "Eyr Fors" klublarining O'zbekiston jamoalari bilan uchrashuvlari tarixida Bikmaevning natijasi alohida ahamiyatga ega. 2019 yilning 12 fevral va 12 mart sanalari – "Paxtakor" hujumchisi ikki raqibga o'z mahoratini bir xil usulda namoyish etgan kunlar sifatida tarixda qoldi.

Bugun – 2026 yilning 14 sentyabr kuni Osiyo Chempionlar ligasi Elita musobaqasi doirasida aynan ushbu ikki jamoa yana o'zbek klublariga qarshi maydonga tushmoqda. Xususan, Iroqning "Eyr Fors" jamoasi Farg'onadagi "Istiqlol" stadionida "Neftchi" mehmoni bo'lsa, Saudiya Arabistonining "Al Ahli" klubi Jidda shahridagi Qirol Abdulloh sport majmuasi stadionida Toshkentning "Paxtakor" jamoasini qabul qiladi.

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia