

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv tomoshabop hamda chiroyli kechdi. Birinchi navbatda futbolchilarimizga rahmat aytmoqchiman. Avvalgi uchrashuvda O'zbekiston Kubogi doirasida "Navbahor"ga qarshi bahs olib bordik va o'yinchilarimiz ko'p kuch yo'qotdi. Tezda tiklanib oldik va bugungi o'yinda ham yaxshi harakat qildik. Uchrashuv 2:2 hisobida tugadi. Baribir xato va kamchiliklar ko'rindi. Hali ishlaydigan jihatlarimiz ko'p. O'yinni tahlil qilib xatolarni o'rganamiz. Nasib qilsa keyingi bellashuvlarga ham yaxshi kayfiyatda hozirlik ko'ramiz.
- "Navbahor" bilan o'yindan keyin futbolchilar bazi jihatlar bo'yicha "Navbahor"dan ustun o'ynadi deb aytgan edingiz. Bugungi uchrashuv borasida nima deya olasiz?
- Bugun ko'p marta hushyorlikni yo'qotib qo'ydik. Lekin buni to'g'ri tushunish kerak deb o'ylayman, chunki futbolchilarimiz haliyam o'rganish yoshida. Shu orqali yoshlar o'sib boradi.
- Bugun "G'azalkent" ikki ochko yo'qotdimi yoki bir ochkoga ega bo'ldimi?
- To'g'risi, biz bu erga yutuqni ko'zlab kelgandik. G'alaba qozonishimiz ham mumkin edi, faqat hushyorlikni yo'qotib qo'yganimiz sabab durang o'ynadik. Lekin durangdan xafa emasmiz, muhimi jamoamiz ko'rsatgan o'yindan ko'nglim to'ldi. Mashg'ulotlarda ishlangan narsalarni o'yinda ko'rsata oldik. Muhimi shu. Bu - futbol, bugun yutasan, ertaga yutqazasan. Avvalambor ishga munosabat o'zgarmasa bo'lgani.



