Zayniddin Tojiev: "Faqatgina bir futbolchiga imkoniyat bera olmadik. U ham tajribaga ega bo'ladi"

8 okt 2026, 21:51
Proliganing 21-turi doirasidagi "G'azalkent" - "Paxtakor-Farm" jamoalari ishtirokidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev o'z fikrlarini bildirdi.

- O'yinga keladigan bo'lsak, bu ikki jamoa tengdosh. Chunki ularning taxminan 80 foizi yoshligidan birga katta bo'lgan futbolchilar. Hozir kimdir "Paxtakor"da, kimdir boshqa jamoalarda. Ular o'rtasida raqobat yoshligidan shakllangan. Bugungi o'yinga keladigan bo'lsak, baribir "Paxtakor"da qandaydir xohish yuqoriroq ekani ko'zga tashlandi. Nima uchun? Chunki yakkakurashlarning taxminan 75 foizida ular g'olib chiqdi. Hozirgi futbolda xohish va ruhiy tayyorgarlik juda katta ahamiyatga ega. Maydonga chiqqanda xohish bo'lsa, texnik va taktik jihatlar ham bir-biriga uyg'unlashadi.

O'yindan oldin bu haqda juda ko'p gapirdik. Bu futbolchilar yosh. Bugun uch ochkoni qo'lga kiritdik. Bolalarga, nima bo'lganda ham, rahmat aytaman. Chunki yutqazib turgan holatda yana oldinga chiqish, yana hisobni tenglashtirish va keyin yana oldinga chiqib ketish uchun katta kuch sarflandi. Ular o'zlaridagi bor resursni ishlatib, bugun uch ochkoni qo'lga kiritishdi. Bolalarga rahmat, lekin "Paxtakor" jamoasiga faqat omad tilab qolaman. Chunki bugun ularning bizga nisbatan g'alabaga bo'lgan xohishi juda yuqori ekani ko'rinib turdi.

- Hozirgi savolni bundan oldin ham bergan edim. Jamoaning darvozabonlari yaxshi, lekin bo'yi pastligi sababli bugun havodagi to'plarga chiqishda bir qancha xatolarga yo'l qo'yishdi. Keyingi yilgi selekciyada bo'yi baland darvozabonlarni ko'rib chiqasizmi?

- Selekciya bizda yil davomida to'xtamaydi. Masalan, yilni yakunlaganimizdan keyin ham qo'limizda ma'lum ro'yxatlar bor. Qaysi poziciyalarda kamchiliklarimiz borligi, qaysi futbolchilarni jamoaga jalb qilishimiz mumkinligi bo'yicha nomzodlarimiz mavjud. Endi bu rahbariyatga bog'liq. Tegishli muloqotlarni olib borib, asta-sekin o'sha futbolchilarni jamoaga qo'shib olishga harakat qilamiz. Hamma narsa reja asosida amalga oshiriladi. Selekciya to'xtab qoladigan jarayon emas. Yil davomida doimiy ravishda futbolchilarni kuzatib boramiz. Biz kuzatayotgan yosh futbolchilar ham bor. Xudo xohlasa, yil yakuniga etganimizdan so'ng ular bilan muzokaralar olib borib, jamoaga qo'shib olishga harakat qilamiz.

- Nima deb o'ylaysiz, bugungi o'yinga qadar jamoaga shu stadionda g'alaba qozonish uchun nima yetishmagandi?

- Bu masala haqida juda ko'p o'ylayapmiz va bolalar bilan ham juda ko'p gaplashyapmiz. Lekin hozircha biror futbolchi aniq sababni aytib bera olmayapti. Biz ham buning sababini izlayapmiz: nima uchun shunday bo'lyapti? Masalan, safarda o'ynasak ham xuddi shu futbolchilar maydonga tushadi. Lekin uydagi o'yinlarga kelganda, jamoa umuman boshqacha bo'lib qoladi. Baribir futbolchilarimiz hali yosh. Ularga barqaror o'yin ko'rsatish uchun tajriba yetishmayapti. Xudo xohlasa, mana shunday o'yinlardan keyin ular toblanib, yaxshi tomonga o'zgarib boradi, deb o'ylaymiz. Lekin hozircha bu muammoning aniq sababini topa olmadik. Nima sababdan bunday bo'layotganini hali to'liq tushunib etganimiz yo'q.

- Adashmasam, bu Kubokda "Qo'qon-1912" bilan o'yindan keyingi birinchi uchrashuv bo'ldi. Orada boshqa o'yin bo'lmadi. Superliga va Proligada deyarli bir xil poziciyada turgan jamoalar bilan o'yin o'rtasida qanday farq bor?

- Farqi nimada... Bu jamoalar futbolchilari tengdosh. Ular bir-birini yaxshi taniydi. Yoshligidan o'zaro raqobat qilib kelgan. Shuning uchun bugun ularda xohish yuqoriroq bo'ldi. Baribir xohish, koncentraciya va har bir vaziyatga professional yondashish juda muhim. Bugun "Paxtakor" jamoasi har bir vaziyatda juda yaxshi harakat qildi. Maydonning istalgan qismida, istalgan burchagida to'p uchun kurashish, uni egallash va hujumni tezlashtirishga harakat qildi. Bizning bolalar esa qandaydir sekinroq harakat qildi. Go'yoki ikkinchi tezlikda o'ynayotgandek taassurot qoldirdi. Biroq futbolda koncentraciya juda muhim. Masalan, birinchi golni olaylik. Bungacha biz necha marta burchak to'pi tepdik, lekin foydalana olmadik. Keyin esa bitta burchak to'pi vaqtida koncentraciyani yo'qotdik, bitta vaziyatda futbolchini nazoratdan chiqarib qo'ydik va raqib gol urdi. Bu - futbol. Sizda mingta vaziyat bo'lishi mumkin, lekin ulardan foydalana olmasangiz, raqibda yarimta imkoniyat bo'ladi va u gol urib ketishi mumkin. Futbolning qiziqligi ham shunda. Shuning uchun bu futbolchilar bilan yanada ko'proq ishlaymiz, ko'proq gaplashamiz. Xudo xohlasa, bu muammolarga echim topamiz. Bu jihatlarni ularning ongiga singdirishga harakat qilamiz.

- Oxirgi savolim. Jamoa markazni boy berib qo'yganidan keyin Lazizbek Mirzaev maydonga tushdi va jamoa birdaniga hujumkor futbol o'ynay boshladi. Nima uchun Lazizbek Mirzaev asosiy tarkibda tushmadi?

- Rotaciya degan narsa bor. Masalan, bugun Lazizning o'rniga Nabatovni asosiy tarkibda tushirdik va u ikkita gol urdi. Lekin sariq kartochka olgani uchun uni almashtirishga qaror qildik. Aslida uni o'yin oxirigacha o'ynatish niyatimiz ham bor edi. Lekin shunday o'yinda sariq kartochka olganidan keyin uni ehtiyot qilish uchun zaxiraga oldik va Lazizni maydonga tushirdik. Chunki bundan oldingi o'yinlarda Laziz va Abdurahmon Abdullaev deyarli to'liq o'yinlarda birga harakat qilib kelishgan. Lekin bizda Alif ham bor. Bugun Ro'zimurodni ham maydonga tushirdik. U 2010 yilda tug'ilgan va Feruzning o'rnida yomon o'ynamadi. Xohlaymizmi-yo'qmi, biz bunday rotaciyalarni amalga oshirishimiz kerak. Chunki bizning maqsadimiz faqat bugungi natija emas. Biz futbolchilarni o'stirishni ham maqsad qilganmiz.

Shunday o'yinlarda yosh futbolchilarga imkoniyat bermasak, ular qachon rivojlanadi, degan savol ham bor. Shuning uchun biz bugun rotaciyalarni amalga oshirdik. Xudo xohlasa, yana bir futbolchimiz - Muhammadyusuf Mahmudov bor. Bugun u maydonga tushmadi. Oldimizda yana besh-oltita o'yin qoldi. Shu uchrashuvlarda u ham debyut qilib, o'yin amaliyotiga ega bo'ladi, deb o'ylayman. Umuman, jamoamizdagi futbolchilarning deyarli barchasi imkoniyat oldi, maydonga tushdi. Faqat bitta futbolchimiz - 2009 yilda tug'ilgan Mahmudov qolib ketdi. Xudo xohlasa, keyingi o'yinlarda unga ham o'yin vaqti va imkoniyat beramiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia