

- O'yin haqida fikringiz?
- Afsuski, o'zimizning xatolar tufayli ikkita gol o'tkazib yubordik. Keyin esa hisobni tenglashtirishga o'zimizda kuch topa olmadik. Qarshi hujumlarda ham omadimiz kelmadi. Yangi stadion ochilishida g'alaba qozonishni xohlagandik, lekin muxlislarimizni xafa qilib qo'ydik. Buning uchun uzr so'rayman.
- Asadbek Samariddinov bugun maydonga tushmadi. Bu qanchalik ta’sir qildi?
- Asadbek asosiy futbolchimiz hisoblanadi. U jamoamiz to'purari va ko'p yordam berib kelmoqda. Uning yo'qligi bilindi va o'rniga tushganlar o'zlarini ko'rsata olmadi.
- O'tkazib yuborilgan qaysi goldan so'ng siz tuzgan rejalar o'zgarib ketdi?
- Ikkinchi goldan keyin. Birinchi goldan so'ng ham vaziyatni o'zgartirsak bo'lardi. Afsuski, ikkinchi goldan keyin umuman o'zimizga kela olmadik. O'yinimizda pala-partashlik boshlandi. "FarDU" qarshi hujumlarda o'ynashini bilgan holda tayyorgarlik ko'rgandik.
- Maydon holati zo'r ekan, faqat tablo yaxshi ishlamay qoldi.
- Bunda texnik kichik kamchilik kuzatildi, keyingi o'yingacha muammo bartaraf qilinadi.
- "Lochin" o'z paytida uchinchi o'ringa ko'tarildi, lekin hozir 7-o'ringa tushib ketdi. Buning sabablari nimada deb o'ylaysiz?
- Birinchi davradan keyin etti nafar futbolchi bizni tark etdi. Ularga yaxshi moliyaviy taklif bo'lgani uchun qo'yib yuborishni maqul ko'rdik. Jamoaga yangi qo'shilganlarning jismoniy holati zo'r emasdi. Ularni tiklab olishga ancha vaqt ketdi, natijada ko'p ochkolarni boy berdik. Oldin ham aytganman: 21-22 yoshli futbolchilar uchun "Lochin" ikkinchi imkoniyat hisoblanadi. Kim bu imkoniyatdan foydalanib o'zini ko'rsatsa, yuqoriga ko'tarila oladi.
- Ular bilan shartnoma yil yakuniga qadar emasmidi?
- Biz vaziyatni to'g'ri tushungan holda ish olib bordik. Superligadan taklif tushsa-yu, futbolchini ushlab o'tirsangiz yaxshi bo'lmasligi mumkin. Jamoa tuzishdan oldin ham shunday gaplashganmiz. O'ylaymanki, kelasi yil yana yaxshi jamoa tuzsak bemalol sovrinli o'rinlar uchun kurashsa bo'ladi.
- Hozirgi tarkib bilan keyingi mavsum sovrinli o'rinlar uchun kurasha olasizmi?
- Bazi nuqtalarga o'yinchilar olib kurashsak bo'ladi. Faqat yaxshi tayyorgarlik ko'rishimiz hamda klubning moliyaviy holati ham shunga monand bo'lishi kerak. Bu yil qishki yig'inni unchalik yaxshi o'tkaza olmadik, Jahon chempionati sabab o'yinlar tez boshlanib ketdi.
- Kelasi mavsum uchun nimalarni o'ylayapsiz?
- Bu borada rahbariyat bilan hali gaplashganimiz yo'q. Bunga keyinroq imkon bo'ladi deb o'ylayman.
- Klub legioner jalb etishni o'ylab ko'rmayaptimi?
- Legioner jalb etish uchun moliyaviy imkoniyatimiz u qadar zo'r emas.



