

"Alamli mag'lubiyat bo'ldi, jamoa bugun bu mag'lubiyatga loyiq emas edi. Futbolchilar maydonda juda katta hajmdagi ishni bajarishdi. Afsuski, o'sha oxirgi daqiqalarda o'tkazib yuborgan golimiz bizni qimmatli ochkolardan mahrum qildi. Lekin to'xtab qolmaymiz, kurashda davom etamiz. Sababi hozir juda og'ir paytlarni boshdan kechiryapmiz. uch kun ichida ikkita juda qiyin o'yin o'tkazdik. Avvalo, "Paxtakor"ga qarshi o'yin ham o'ta og'ir kechgandi va undan keyin mana yana uch kundan keyin "Al-Ittihod" bilan o'ynayapmiz. Hozirgi holat shu. Xudo xohlasa, xatolarni ko'rib chiqib, tahlil qilib, keyingi o'yinlarda yaxshi natija qayd etish uchun harakat qilamiz", - deya gap boshladi Islom Ismoilov.
- Bugungi o'yinda qaysi elementda jamoa sal oqsadi deb o'ylaysiz? Qaysi jihatni yanada biroz yaxshilaganimizda mag'lub bo'lmas edik deb o'ylaysiz?
- Xo'p, o'sha o'tkazib yuborilgan gollarga e'tibor beradigan bo'lsak, ikkalasi ham juda oddiy holatda ro'y berdi. Birinchisi standart vaziyatdan, juda oddiy holatda va o'sha birinchi golda ham himoyachilar ortiga o'sha qanotdan kross bo'lyapti. U yerda ham oddiy vaziyat edi, o'sha vaziyatda bizning himoyachilar yutishi kerak bo'lgan to'p, lekin o'sha ikkita oddiy vaziyatda agar biz to'g'ri o'ynaganimizda bugun mag'lub bo'lmasdik. O'yin oxirida ham deyarli yo'q joydan o'zimizga gol olib keldik. Sababi o'sha raqib ham tushunib etgandi, ular ham unaqa yuqoriga o'ta olmay qolgandi. To'g'ri, ular ham vaziyat yaratishga harakat qildi, to'pni ko'p nazorat qilgan bo'lishi mumkin, bu hech narsa bermas edi ikkala jamoaga ham. Afsuski, o'sha ikkita vaziyatda koncentraciya yetishmagani bizni ochkolardan mahrum qildi.

- "Neftchi" qayta hujumga o'tishda yigitlar ozgina to'xtalib qolayotgandek. Shu nima sababdan tez hujumga o'tib ketishga ikkilanib qolishyapti...
- Endi bu yerda masalaning ikkinchi tomoni bor, raqib ham bunga qarshi o'ynayapti-da. Bugungi raqibimiz, ularda tarkibdagi futbolchilar, jahon darajasidagi futbolchilar, juda katta tajribaga ega. "Al-Ittihod" ular uchun juda katta pullar sarflab jamoaga jalb qilgan. Bu yerda raqib futbolchilarining ham saviyasini qayd etish kerak, ular aynan o'sha qarshi hujumga, kontratakaga chiqib ketayotgan paytimizda to'g'ri zonalarni yopa olishyapti va o'sha kontrpressingda yaxshi o'ynay olishgan hisobiga biz bu borada qiynaldik. Lekin shunday holatda ham biz juda ko'p vaziyatlar yarata oldik. Birinchi taymda ham juda ko'p imkoniyatlar yaratdik, ikkinchi taymda ham imkoniyatlarimiz bo'ldi. Taktik tomondan jamoa bugun deyarli bexato o'ynadi. Endi o'sha oxiridagi gol standart vaziyatdan bo'ldi. Umuman olganda, bugun futbolchilar kuchli raqibga qarshi munosib o'ynashdi va oddiy vaziyatdagi gol hisobiga ochkolardan mahrum bo'ldik. Raqib to'liq bizdan ustun edi demagan bo'lardim. Bu o'yinda biz umuman mag'lubiyatga loyiq emasdik. Kamida durangga loyiq o'yin ko'rsatdik. Endi o'sha savolingizga muxtasar qiladigan bo'lsam, tez qarshi hujumlarga chiqib ketishimizga raqib imkoniyat bermadi, ularning tarkibidagi darajasi baland futbolchilar.
- Zoran Marushich va Stipe Perica qaydnomadan o'rin olmadi. Bugungi o'yinda Markus Forssning o'yiniga qanday baho berasiz, u o'yin ritmidan biroz tushib qolmadimi? Yoki unga qarshi o'ynagan Danilo Perreyra yaxshiroq o'ynadimi? Markus Forss biroz sust bo'lib qolgani uchun faqat qanotlardan hujumlar ko'paygandek yoki faqat qanotlardan hujum qilish sizning ko'rsatmangiz edimi?
- Danilo juda yuqori darajadagi futbolchi. Masalan, istalgan raqibga o'ynash imkoniyatini berganda, u birinchidan hozir "Al-Ittihod"da o'ynamayotgan bo'lardi yoki bunday yuqori darajada o'ynamayotgan bo'lardi. Raqib ham maydonga qarshilik ko'rsatish uchun chiqadi va Forss juda katta hajmdagi ishni bajardi, asosan o'sha ko'proq pressinglarda qatnashishga to'g'ri keldi va ko'p kuch yo'qotgani hisobiga yakkakurashlar vaziyatlarida unchalik ustun kela olmadi. Bu baribir kam o'yin amaliyoti bilan ham bog'liq narsa. Umuman olganda, 10 balldan o'yiniga, 7-8 ball qo'ysa bo'ladi. Afsuski, Marushich bilan Perica ular jarohat olishgan, qisqa muddatda jamoaga yordam bera olishmaydi. Boshqa ilojimiz ham yo'q edi, faqat o'sha zaxirada Markus Forss va yosh hujumchimiz bor edi. Endi hali u futbolchi bu darajadagi o'yinlarga tayyor emas. Albatta, ularni ham asta-sekinlik bilan bu darajaga olib chiqamiz.
- Bugungi uchrashuvda jamoa taktik mag'lubiyatga uchragani yo'q, ko'proq shu nomlar hal qildi degan fikrga qo'shilasizmi?
- "Al-Ittihod" ham yaxshi o'yin ko'rsatdi. Endi baribir barcha narsada sifat, qiyin holatlarda sifat birinchi o'ringa chiqadi. Bizning futbolchilar ham bugun o'zining imkoniyat darajasidan baland darajada o'ynashdi. Bizning futbolchilar ham ulardan kam emas, istalgan raqibga qarshi o'ynasa bo'ladi va buni bugun maydonda ko'rsata olishdi. Afsuski, o'sha oddiy standart vaziyat. O'ylaymanki, bu golni biz o'zimizga-o'zimiz olib kelmaganimizda, raqibda boshqa hech qanaqa imkoniyat bo'lmasdi. O'sha oxirida uzun pasdagi yakkakurashni yutqazdik va raqib yuqoriga ko'tarilmaganimizni hisobga olgan holatda, raqib tezda qarshi hujumga o'tib ketdi. Rqib tarkibi kuchli bo'lgani bilan, lekin biz mag'lubiyatga loyiq emasdik. "Al Ittihod" ustunlik qilmadi.



