⭐️ Tajribali darvozabon, 1 tadan gol va assist qayd etgan xavbek, 52 yoshli murabbiy. Proligada 5-turning eng yaxshilari aniqlandi

Sherzod Nurmatov
27 apr 2026, 16:03
24-26 aprel kunlari O'zbekiston Proligasida 5-turdan o'rin olgan 7 ta o'yin bo'lib o'tdi.

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.

Tur murabbiyi - Nematillo Qutiboev (“Aral”)

“Aral” bu turda yorqin o'yin ko'rsatib, “FarDU”ni ishonchli hisobda mag'lub etdi (2:0). Nukusda kechgan bahsda 52 yoshli mutaxassis shogirdlari muxlislarga yoqadigan o'yin namoyish etdi va raqibdan ustunligini ko'rsatdi. Championat.asia ijodkorlari tajribali mutaxassisni tur murabbiyi deb topdi.

2.jpg

Tur futbolchisi - Saidumarxon Saidnurullaev (“Metallurg”)

“Metallurg” ortda qolgan turda Toshkentda “Paxtakor farm”ni tor-mor etdi (5:0). Uchrashuvda Saidumarxon Saidnurullaev mahoratini ko'z-ko'z qildi va “1+1” natija ko'rsatdi. Hujumkor yarim himoyachining goli va golli uzatmasi bekobodliklarga yirik g'alabani taqdim etdi desak adashmaymiz. Shunday qilib, Saidnurullaev Championat.asia talqinida 5-turning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.

3.JPG

Tur darvozaboni - Suhrob Sultonov (“Metallurg”)

Tajribali darvozabon “Metallurg” “Paxtakor farm”ni 5:0 hisobida dog'da qoldirishida munosib hissasini qo'shdi. U bahs mobaynida bir qator seyvlar namoyish etdi va darvozasidan to'p olib chiqmadi. Saytimiz xodimlari aynan 36 yoshli posbonni tur darvozaboni sifatida etirof etdi.

4.JPG

Tur goli - Abdug'ofur Haydarov (“Olimpik-MobiUz”)

“Olimpik-MobiUz” bu tur safarda “BuxDU”dan 4:1 hisobida ustun keldi. Hujumchi Haydarov bahsning 66-daqiqasida jarima maydonchasi ichida to'pni sherigidan qabul qilib oldi va chap oyoqdagi kuchli zarbasi orqali darvoza yuqori burchagini nishonga oldi. 21 yoshli futbolchining mazkur goli turdagi eng chiroylisi sifatida qayd etildi.

5.jpg


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia