

O'yindan keyin "Xorazm" bosh murabbiyi Sergey Tokov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- To'g'risini aytish kerak, bunday maydonda to'p tepish yoqimli bo'ldi. Stadiondagi muhit ham ajoyib. Bir oy ichida beshinchi o'yinni o'tkazdik va o'ylashimcha, barcha jamoalarga oson bo'lmayapti. Bugun nimadir o'xshab, nimadir o'xshamadi. Birinchi taymda raqib himoyasini buzishga harakat qildik, "Qizilqum" qarshi hujumda o'ynadi. Ikkinchi taymda chetlatish ro'y berdi va biz himoyaga o'tib qarshi hujumlarda o'ynay boshladik. Uchrashuvda gol ko'rmadik va natija adolatli deb o'ylayman. G'alaba qozonish uchun ko'proq oldinga o'tish, hujum tashkil qilish kerak edi, lekin har ikki jamoaga kreativlik yetishmadi. O'yinda kurashlar, emociyalar ko'p bo'ldi, muxlislarga yoqdi deb o'ylayman.
- Jamoangiz yosh bo'lishiga qaramay qo'pol o'yin namoyish etdi. Ko'p bor tibbiyot vakillari maydonga tushdi. Bu nima bilan bog'liq?
- Futbolchilarimizni qo'pol demagan bo'lardim. Faqat bugungi emociya ancha yuqori bo'ldi, shunga bo'lsa kerak. Hakam maydonda edi va siz aytgandek qo'polliklar bo'lganida jazosiz qoldirmasdi. Hatto qizil kartochkali vaziyatni ham "qizil"ga tortmaydi deb o'ylayman. Yanayam hakamlarga boshqacha ko'ringandir. Futbolda kurash bo'lishi kerak. O'zbek futbolining muammosi shundaki, biz futbolchilarga kurashishga kam beramiz. Buni juda kam deb o'ylayman. Futbolda o'yinchilar kurashishi kerak, bu muxlislarga ham yoqadi. Agressiv futbol hammaga yoqadi. Qattiq o'yin tez fikrlashga va tez yugurishga o'rgatadi. Bizning uslubimiz esa biroz yumshoq.
- Bugun bir ochko qo'lga kiritdingizmi yoki ikki ochko yo'qotdingizmi?
- Agar chetlatishni hisobga olsak, bir ochko qo'lga kiritdik deb o'ylayman. Lekin shunda ham gol urishimiz mumkin edi. Ismoilov birga bir chiqib foydalana olmadi. Yarim soat 10 kishi bo'lib himoyalanganimizni aytsak, bir ochkoli bo'ldik deb o'ylayman.
- O'yinlar oralig'i qisqa bo'lyapti, bazilar tiklanishga ham ulgurmayapti. Bu degani jamoalar tarkibimi mukammal emasmi?
- Bu o'rinda men ikkita sababni ko'ryapman. Birinchisi, biz bunday tig'iz taqvimga tayyor emasmiz. Ikkinchisi, avvalgi turdan keyin uch nafar futbolchimizni yo'qotdik. Bizda zaxira o'rindig'i keng emas. Qolaversa sun'iy maydonda uy uchrashuvlarini o'tkazyapmiz. Bu ham qiyin bo'lyapti. Bugun uch nafar yetakchi futbolchimizsiz o'ynadik. Yoshlarga imkon berdik. Menga jamoamizdagi yoshlarning harakati yoqyapti. Ular sekin-asta raqobatni shakllantirib boradi.



