Sergey Tokov: "Yosh raqibning kattalarga qarshi o'ynashdan qo'rqmagani menga yoqdi"

Оқил Абдубарноев
24 may 2026, 21:42
O'zbekiston kubogi "F" guruhi 3-turidan o'rin olgan “Qoraqalpog'iston FA” - “Xorazm” (3:6) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Tokov matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– Uchrashuv haqida fikrlaringiz qanday?

– O'yin juda qiziqarli o'tdi, eng asosiysi – muxlislar xursand, ko'plab gollar urildi, chiroyli gollar bo'ldi. Ko'proq gol urmoqchi edik, lekin... kimdir o'yinga ruhiy tomondan to'liq tayyor bo'lmagan ko'rinadi. Yosh yigitlarni maydonga tushirdik, ularda vaziyatlar juda ko'p bo'ldi, ammo bu vaziyatlarni golga aylantirish uchun hozircha mahorat yetishmayotgani ko'rinib turibdi. Umuman olganda, barchani birinchi yarim yillik yakuni bilan tabriklamoqchiman. Davrani g'alaba bilan yakunladik, bu ham juda yaxshi. Eng muhimi, bu o'yindagi asosiy vazifamiz muxlislarni xursand qilish edi. Gol urishga ham, o'tkazib yuborishga ham ulgurdik. Men o'ylaymanki, eng asosiysi – muxlislar o'yindan mamnun. Oldinga harakat qilishda davom etamiz.

– Raqib haqida nima deya olasiz?

– Raqib – yosh yigitlar, ularda ishtiyoq yuqori ekanligi ko'rinib turibdi. Umuman olganda, kattalar jamoasiga qarshi o'ynashdan qo'rqmaganliklari menga yoqdi. Ular chiroyli gollar urishdi. Qanot vingeri, yigirmanchi raqam, juda tezkor va tirishqoq yigit ekan. Aslida, qarshilik ko'rsata oladigan bunday jamoalarga qarshi o'ynash yanada qiziqroq. O'ylaymanki, bu muxlislarga ham quvonish uchun qandaydir turtki beradi, muxlislar raqibning munosib qarshilik ko'rsatishini baribir yaxshi ko'rishadi. Raqib munosib o'yin ko'rsatdi, ularga ham omad tilayman. Ular o'zlarining Birinchi ligasida bejizga peshqadam emaslar. Murabbiylariga ham qoyil, yigitlarni ruhiy tomondan yaxshi tayyorlayotgani bilinib turibdi, yigitlar ham irodali ekan. Ularga faqat omad tilaymiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia