Pirs Morgan Ronaldu haqida: "Ha, bu O'zbekiston, ammo Messi ikkinchi darajali jamoalarga gol urganida sizlar hayratlanardingiz-ku"

Aslanov Jasurbek
24 iyun 2026, 23:32
Britaniyalik teleboshlovchi Pirs Morgan radioefirlaridan birida to'g'ridan-to'g'ri efirda Krishtianu Ronalduning buyukligi borasida bahs uyushtirdi.

Portugaliya terma jamoasining 41 yoshli hujumchisi JCH-2026 2-turi doirasida O'zbekistonga qarshi kechgan bahsda (5:0) dubl qayd etdi.

Pirs Morgan: "Xayrli tong. Yashash uchun qanday ajoyib kun, janoblar. Bilasizmi nima? Kecha men Ronaldu gol urishi va barcha tanqidchilarini noqulay ahvolga solib qo'yishi haqida prognozlar joylaganimda, o'g'illarim menga: “Dada, balki oshirib yuborayotgandirsiz. Agar gol urmasa-chi?” deyishdi. Men esa: “Sizlar shunchaki Krishtianu Ronalduni bilmaysizlar”, deb javob berdim. Oxirgi to'rt-besh kun davomida butun dunyo uni masxara qildi, undan nafratlandi, hisobdan chiqarib tashladi, uni 'o'tgan material' deb atashdi, Portugaliyani ortga tortyapti deyishdi. Kecha kechqurun esa u dunyoga yana bir bor jahon futboli tarixidagi eng sovuqqon va porloq hujumchi ekanini ko'rsatdi. Kim buning aksini o'ylasa, menimcha, u shunchaki xayoliy dunyoda yashamoqda.

Yigit 41 yoshda. U urgan ikkita gol hatto 21 yoshida ham g'ururlanish uchun sabab bo'lardi. Va bilasizmi, Ronalduning kecha kechqurun qilgan ishlarini ko'rib, menga qo'shilmaslikning iloji yo'q. U hech qanday 'qulagan uchuvchi' emas. 41 yoshida u futbolda qancha vaqt o'ynash mumkinligi chegarasini qaytadan belgilamoqda".

Radioboshlovchi Endi Goldshteyn: "Agar kimdir radiosini endigina yoqqan bo'lsa, Pirs Jahon chempionati finali haqida gapirmayapti. Bu O'zbekistonga qarshi o'yin edi. Buni unutmaylik".

Pirs Morgan: "Hali final emas. Haligacha. Lekin, bilasizmi, agar hammasi hozirgidek davom etsa, Angliya yaqin orada Portugaliya bilan to'qnash kelishi mumkin. Va, ochig'ini aytsam, ular kecha kechqurun qanday o'ynaganini hisobga olsak... Ha, bu O'zbekiston edi. Lekin sizlar ilgari Messi ikkinchi darajali jamoalarga gol urganida hayratlanardingiz-ku? Endi esa, to'satdan, Ronaldu O'zbekistonga gol urganida, bu hisoblanmaydimi?"

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: talkSPORT