

La Liga madridliklarning "Valensiya"ga qarshi uchrashuvini 7 noyabr, shanba kuniga belgiladi. Holbuki, 4 noyabr, chorshanba kuni jamoa Afinada AEKga qarshi Chempionlar ligasi o'yinini o'tkazadi.
Shu tariqa, "Real"da "Valensiya" bilan o'yinga tayyorgarlik ko'rish uchun faqat payshanbaning ikkinchi yarmi va juma kuni qoladi. Klubdagi manbalarning ma'lum qilishicha, ushbu qaror futbolchilarda ham, murabbiylar shtabi xodimlarida ham "jiddiy norozilik va hayrat" uyg'otgan. Klubdagilar uchrashuvni yakshanba kuni o'tkazishda hech qanday muammo yo'q deb hisoblaydi: undan keyingi hafta na evrokuboklar, na Kubok bahslari bo'ladi.
Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan Ispaniyaning qolgan to'rt klubi esa o'z uchrashuvlarini 8 noyabr, yakshanba kuni o'tkazadi. "Betis" "Elche" mehmoni bo'ladi, "Vilyarreal" "Xetafe"ni qabul qiladi, "Atletiko" esa o'z maydonida "Barselona" bilan to'qnash keladi.
Shu bilan birga, "Barselona", "Atletiko" va "Vilyarreal" evrokubok bahslarini bir kun oldin - 3 noyabr, seshanba kuni o'tkazadi. Har uchala jamoa ham o'z uyida o'ynaydi: "Barselona" "Aston Villa"ni, "Atletiko" "Bavariya"ni, "Vilyarreal" esa "PSJ"ni qabul qiladi. "Betis" esa chorshanba kuni Germaniyada Dortmundning "Borussiya" klubiga qarshi maydonga tushadi.
Bundan tashqari, mazkur turdan so'ng darhol terma jamoalar o'yinlari sababli navbatdagi tanaffus boshlanadi. Shu bois "Real"dagilar nima sababdan futbolchilarga qo'shimcha bir kunlik dam berib, uchrashuvni yakshanba kuni o'tkazish mumkin emasligini tushuna olmayapti.



