Joan Laporta: "Ortiqcha kamtarliksiz aytganda, "Barselona" Yevropa va dunyodagi eng yaxshi futbolni ko'rsatmoqda"

Administrator
13 okt 2026, 20:29
"Barselona" prezidenti Joan Laporta Kataloniya klubi ayni damda dunyodagi eng sifatli o'yinni namoyish etayotganini ta'kidladi.

Bugun "blaugrana" Chempionlar ligasining umumiy bosqich 2-turi doirasida safarda "Galatasaroy"ga qarshi maydonga tushadi, uchrashuv 00:00 da boshlanadi. Mavsum startida "Barselona" barcha musobaqalarda o'tkazilgan 9 ta o'yindan 9 tasida g'alaba qozondi.

"Ortiqcha kamtarliksiz aytganda, "Barsa" Yevropa va dunyodagi eng yaxshi futbolni namoyish etmoqda. PSJ yoki "Bavariya" kabi boshqa ajoyib jamoalar ham bor, ular ham sovrinlarga da'vogarlik qilmoqda.

Boshqa tomondan, har doim kutilmagan holatlar bo'lib turadi va biz ularga tayyor bo'lishimiz kerak. Ammo futbol sifati nuqtayi nazaridan aynan biz hammadan yaxshi o'ynayapmiz, biz shou ko'rsatyapmiz. "Barsa" muxlislari va futbol ixlosmandlarining zavq olishi biz uchun muhim, biz odamlarga yoqadigan futbol o'ynamoqdamiz.

Muhit va jamoaviy ruh - asosiy omil. Flik, uning shtabi va Deku bunga erishdi. Ularning hamkorligi samara bermoqda, shu bois bu yerda shunday ajoyib muhit va yuqori intilish hukm surmoqda. Maydonga tushayotganlar o'z ishini a'lo darajada bajarmoqda, o'ynamayotganlar esa ulardan o'zib ketishga harakat qilmoqda.

Bu Chempionlar ligasi - dunyodagi eng nufuzli klublar turniri doirasidagi uchrashuv. Bahsga juda yaxshi sport formasida yetib keldik - kechagi mashg'ulot juda qizg'in o'tdi, futbolchilarning ishtiyoqi baland va bizda yaxshi umid bor", - dedi Laporta "Galatasaroy"ga qarshi o'yin oldidan.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: Marca