Portugaliya terma jamoasi Ronalduni qaytarishga umid qilmoqda

2 okt 2026, 23:32
Portugaliya Futbol Federatsiyasi terma jamoa hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan munosabatlarni tiklash ustida ishlamoqda.

Ronaldu milliy jamoa qarorgohini tark etganidan so'ng, mamlakatda bu voqea asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Federatsiya futbolchi bilan munosabatlar bunday keskin va noxush tarzda yakunlanishini istamayapti. Rahbariyat Ronalduning roziligi bilan kelasi hafta tomonlarni, jumladan, bosh murabbiy Jorje Jezushni ham yaqinlashtirishga harakat qiladi.

Federatsiya vaziyatni tinch yo'l bilan hal qilish va Ronalduning Portugaliya terma jamoasidagi faoliyati so'nggi voqealar bilan yakunlanmasligiga umid qilmoqda. Ular Krishtianuga terma jamoadagi faoliyatini hurmat va munosib tarzda yakunlash imkoni berilishi kerak, deb hisoblaydi.

Avvalroq federatsiya Ronaldu jamoa qarorgohini tark etganidan so'ng bayonot berib, e'tiborni sport natijalariga qaratgandi: "Butun delegaciya terma jamoaning yaqindagi uchrashuvlari va belgilangan maqsadlarga erishishga to'liq e'tibor qaratmoqda".

Ronaldu esa ijtimoiy tarmoqlarda vaziyatga munosabat bildirib, vaqti kelganda terma jamoani tark etishiga sabab bo'lgan voqealar haqida barcha portugaliyaliklarga haqiqatni aytishini bildirdi.

"Men har doim o'zimni bag'ishlab kelgan Portugaliya terma jamoasini nima sababdan tark etganim haqida vaqti kelganda barcha portugaliyaliklarga haqiqatni aytaman. Hozir esa Portugaliya va barcha jamoadoshlarimga omad tilayman", - deb yozdi Ronaldu.

Shu orada Lissabonning bir nechta joyida, jumladan "Eshtadiu da Lush" stadionidan aeroportga olib boruvchi yo'lda Ronalduni qo'llab-quvvatlovchi bannerlar paydo bo'ldi. Ularda futbolchi maqtalgan va Jorje Jezushning harakatlari tanqid qilingan.

gettyimages-2297696224-2048x2048.jpg

Ronaldu Daniyaga qarshi Millatlar ligasi o'yini oldidan Jezush bilan yuzaga kelgan ziddiyat sabab terma jamoa qarorgohini tark etgani xabar qilingan. Keyinchalik uning Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlagani haqida xabarlar tarqaldi.

Ronaldu Portugaliya terma jamoasi va xalqaro futbol tarixidagi eng yaxshi to'purar hisoblanadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: Marca