Bastoni: "Italiya hozirgi kunda dunyoning eng yaxshi besh futbolchisidan ikkitasiga qarshi o'ynaydi"

2 okt 2026, 22:59
Italiya terma jamoasi himoyachisi Alessandro Bastoni Fransiyaga qarshi bo'lib o'tadigan uchrashuv oldidan raqib hujumi va o'tgan yilgi Chempionlar ligasi finali haqida fikr bildirdi.

Italiya va Fransiya Millatlar ligasining 3-turida o'zaro bahs olib boradi. Bastoni uchun bu uchrashuv 2025 yilgi Chempionlar ligasi finalini ham yodga soladi. O'sha bahsda uning "Inter"i PSJga 0:5 hisobida mag'lub bo'lgan.

"O'sha kecha, afsuski, xotiramda og'ir iz qoldirdi. Hammamiz nima bo'lgani va uchrashuv qanday yakunlanganini bilamiz. Ehtimol, bu biz uchun eng yomon, ular uchun esa eng yaxshi kecha bo'lgandir. Shuning uchun yagona umidim - bu safar hammasi o'sha vaqtdagidan boshqacha kechishi.

Har bir futbolchidan ajoyib o'yin talab etiladi. Chunki hozirgi kunda dunyoning eng yaxshi besh futbolchisidan ikkitasiga qarshi o'ynaymiz, deb o'ylayman", - dedi Bastoni.

Himoyachi Usmon Dembele va Dezire Duega qarshi harakat qilish oson bo'lmasligini ta'kidladi.

"Bu juda murakkab vazifa. Dembele ham, uning hujumdagi sheriklari ham ajoyib futbolchilar. Biz himoyada juda ishonchli o'ynashimiz va maydondagi barcha 11 futbolchi sifatida bir butun jamoa bo'lib harakat qilishimiz kerak.

Fransiyaga muammo tug'dirishning yagona yo'li - o'z futbolimizdan voz kechmaslik va to'p nazoratidan qo'rqmaslik", - dedi Bastoni matbuot anjumanida.

O'xshash yangiliklar


Manba: Le Parisien