Pochettino “Manchester Siti” ishi haqida: “Bu juda achinarli holat”

Sherzod Nurmatov
29 sen 2026, 18:55
AQSH terma jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino “Manchester Siti” atrofidagi moliyaviy mojaroga munosabat bildirdi.

25 sentyabr kuni “The Athletic” va yana qator nashrlar "Manchester Siti" 2009 yildan 2018 yilgacha bo'lgan davrda APLning moliyaviy qoidalarini buzganlik bo'yicha 115 ta banddan 114 tasida aybdor deb topilgani haqida xabar bergandi.

"115 ta ayblovdan 114 tasida aybdor deb topilgan vaziyatda qanday jazo adolatli bo'lishini tushunish juda qiyin. Sababi "Nottingem" yoki "Everton" kabi boshqa klublar ham qoidalarni buzishgan va boshqacha sankciyalarga - ochkolardan mahrum qilish yoki jarimalarga tortilishgan edi. Bu chiqarilgan hukm ko'lamini hisobga olganda hayrat uyg'otadigan juda murakkab holat. Shuningdek, qoidalar shu darajada buzilgan ekan, nazorat organlari qayerda edi, degan savol ham o'rinlidir", – dedi Pochettino.

"Chelsi" va "Tottenxem" sobiq murabbiyining fikricha, ushbu qoidabuzarliklar "shaharliklar"ning o'tmishdagi yutuqlariga soya soladi.

"Bu juda achinarli holat, chunki erishilgan va nishonlangan narsalar, ehtimol, haqiqiy bo'lmagan. Biz sport adolati mavjud bo'lmagan davrni boshdan kechirdik. Agar ayblovlar isbotlansa, sodir bo'lgan narsalarni tuzatish juda qiyin bo'ladi. Hech bo'lmaganda bu holat kelajakda tenglik bo'lishiga kafolat bo'lib xizmat qiladi deb umid qilaman", – deya qo'shimcha qildi u.

Ingliz klubi qaror ustidan apellyaciya berishi kutilmoqda. “The Athletic” ma'lumotlariga ko'ra, "Manchester Siti"ga jarima, ochkolardan mahrum etish, sovrinlarni tortib olish va Chempionshipga tushirib yuborish xavfi mavjud.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Athletic