FIFA UEFAni saylov oldidan Infantinoning obro'siga putur etkazishga urinishda aybladi

Sherzod Nurmatov
29 sen 2026, 19:20
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqini (UEFA) FIFA prezidenti Janni Infantino haqida noto'g'ri ma'lumot tarqatish kampaniyasini uyushtirganlikda ayblamoqda.

Bu haqda “Sky Sports” xabar berdi.

"UEFAning xatti-harakatlari g'arazli maqsadda va taqib qilish niyatida tashkillashtirilgan. UEFA hech qanday asossiz janob Infantino Jahon chempionati bilan bog'liq taklifdan shaxsan manfaat ko'rishni ko'zlagan, deb taxmin qilmoqda. Ushbu bayonotlar FIFA saylovi arafasida yangramoqda va janob Infantino haqida yolg'on axborot tarqatilmoqda. Sud ushbu asoslar orqali FIFA prezidenti sayloviga ta’sir o'tkazishga bo'lgan har qanday urinishni rad etishi lozim", – deyiladi bayonotda.

Avvalroq UEFA mundialni o'tkazish bo'yicha huquqlarning bir qismini xususiy investorlarga sotishni nazarda tutuvchi loyiha bo'yicha hujjatlarni so'rab olgandi. Shuningdek, tashkilot Infantinoga nisbatan vakolatlarini suiistemol qilish ayblovi bilan ish ochilishi mumkinligini istisno etmagandi.

Iyul oyida Infantino FIFAning asosiy erkaklar va ayollar o'rtasidagi musobaqalarini boshqarish uchun FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tuzishni taklif qilgani xabar qilingandi. Tashkilot hisob-kitoblariga ko'ra, loyiha 4,2 milliard dollar jalb qilishi mumkin edi. Futbol funkcionerlari va federatsiyalari tomonidan bildirilgan tanqidlardan so'ng Infantino bu g'oyadan voz kechgan.

Infantino 56 yoshda. U 2016 yildan buyon FIFAga rahbarlik qilib kelmoqda. Tashkilot prezidenti uchun navbatdagi saylov 2027 yilning mart oyida bo'lib o'tadi.

Avvalroq Infantino FIFA zaxiralaridan federatsiya a'zolariga ko'proq mablag' ajratishga tayyorligini ma'lum qilgan edi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Sky Sports