O'zbekiston Superligasida "kuling-breyk" qanday tartibda amalga oshiriladi?

Оқил Абдубарноев
14 iyul 2026, 14:57
Yaqinda O'zbekiston futbol hakamlari markazi tomonidan Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi qoidalariga kiritilgan so'nggi o'zgarishlar yuzasidan maxsus seminar tashkil etildi.

Unda muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri – yozning issiq kunlarida Superliga uchrashuvlarida "kuling-breyk" (cooling break), yani futbolchilarning chanqog'ini bosishi va salqinlanishi uchun beriladigan tanaffuslar masalasi bo'ldi.

Ma'lumki, Jahon chempionatida har bir taym o'rtasida futbolchilarga salqinlanib olish uchun 2-3 daqiqalik maxsus vaqt ajratilgan edi. Shu munosabat bilan O'zbekiston ichki chempionatida bu jarayon qanday amalga oshirilishiga oydinlik kiritildi.

O'zFHM rahbari Mamur Saidqosimov mazkur holat bo'yicha quyidagi tafsilotlarni ma'lum qildi:

  • Tanaffus belgilash tartibi: Uchrashuv boshlanishidan avval o'yin komissari va bosh hakam birgalikda stadiondagi havo haroratini tekshiradi. Agar harorat yuqoriligi qayd etilsa, ular o'zaro maslahatlashgan holda har ikki taym o'rtasida futbolchilarga suv ichib olish uchun 1 daqiqalik tanaffus belgilashadi.

  • Mundial bilan farqi: Jahon chempionati bevosita FIFA bayrog'i ostida o'tkazilgani sababli, undagi "kuling-breyk"lar FIFAning maxsus reglamenti asosida (2-3 daqiqadan) tashkil etilgan.

  • Qo'shimcha vaqt berilishi mumkinmi? Mahalliy musobaqalarda odatda havo haroratiga qarab 1 daqiqalik suv ichish tanaffusi qo'llaniladi. Biroq, agar O'zbekiston Professional futbol ligasi (O'zPFL) tomonidan jazirama issiq tufayli tanaffus vaqtini 1 daqiqa emas, balki 2-3 daqiqagacha uzaytirish bo'yicha rasmiy tavsiya berilsa, hakamlar bu ko'rsatmadan foydalangan holda vaqtni oshirishlari mumkin.

Qo'shimcha ma'lumot o'rnida takidlash joizki, IFAB qoidalariga ko'ra, bunday tanaffuslar ikki turga: 1 daqiqagacha bo'lgan "suv ichish tanaffusi" (drinks break) va tana haroratini tushirishga mo'ljallangan 3 daqiqagacha bo'lgan "salqinlanish tanaffusi"ga (cooling break) bo'linadi. Ushbu tanaffuslarga sarflangan barcha daqiqalar taym oxirida hakam tomonidan asosiy vaqtga kompensaciya sifatida qo'shib beriladi. Mazkur qoidaning asosiy maqsadi – jazirama iqlim sharoitida futbolchilarning sog'lig'ini asrash va tibbiy xavfsizlikni taminlashdan iborat.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia