Ravshan Ermatov U-20 Jahon chempionati sanasi, yangi stadion ochilishi hamda Osiyo kubogi mezbonligi haqida gapirdi

Оқил Абдубарноев
14 iyul 2026, 14:10
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov mamlakatimiz futbolidagi yirik loyihalar, xususan, 2027 yilda bo'lib o'tadigan 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Jahon chempionati hamda infratuzilmadagi yangilanishlar haqida ma'lumot berdi.

Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni
2027 yil bo'lib o'tadigan yoshlar o'rtasidagi mundialni O'zbekiston va Ozarbayjon davlatlari birgalikda qabul qiladi. Kichik mundial kuz oylarida (sentyabr-oktyabr) o'tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu nufuzli musobaqaga yuqori saviyada tayyorgarlik ko'rish maqsadida FIFA bilan hamkorlikda maxsus mahalliy tashkiliy qo'mita – "LOC" ishchi guruhi tuzilgan. Hozirgi kunda mazkur guruh tomonidan barcha muhim yo'nalishlar bo'yicha ishlar olib borilmoqda:

  • Stadionlar va mashg'ulot maydonlarining holati;

  • Mehmonxonalar va yo'l infratuzilmasi;

  • Chiptalar sotuvi (tiketing) va marketing masalalari.

Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy stadion
Mezbonlik doirasidagi eng yirik loyihalardan biri – Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan zamonaviy stadion hisoblanadi. Ravshan Ermatovning takidlashicha, mazkur o'yingoh aynan 2027 yilgi Jahon chempionati arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan va bu xalqimiz uchun yana bir muhtasham sport inshooti sifatida taqdim etiladi.

Osiyo Kubogiga mezbonlik qilish rejalari
Shuningdek, O'FA rasmiysi infratuzilmaviy yangilanishlar kelgusida yanada yirik turnirlarni qabul qilishga zamin yaratishini aytib o'tdi. Ma'lumki, O'zbekiston o'z tarixida hali biror marta milliy terma jamoalar o'rtasidagi Osiyo Kubogiga mezbonlik qilmagan. Bunga asosan stadionlar sig'imi va infratuzilmadagi ayrim kamchiliklar sabab bo'lgan.

Ammo Yangi Toshkentdagi stadionning qurilishi, mavjud o'yingohlarning rekonstrukciya qilinishi va yangi arenalarning foydalanishga topshirilishi bu boradagi imkoniyatlarni kengaytiradi. Kelajakda O'zbekiston bunday yirik musobaqalarni, jumladan, kattalar o'rtasidagi Osiyo kubogini qo'shni davlatlar bilan hamkorlikda o'zida qabul qilishni maqsad qilgan. Ravshan Ermatov ushbu tashabbus o'zbek futboli muxlislariga manzur bo'lishiga umid bildirdi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia