Keyingi mavsumdan Superligada chipli to'plar va hakamlar uchun bodi-kameralar joriy etilishi mumkin

Оқил Абдубарноев
14 iyul 2026, 15:25
O'zbekiston futbol hakamlari markazi tomonidan Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi qoidalariga kiritilgan so'nggi o'zgarishlar yuzasidan maxsus seminar tashkil etildi.

Unda tashkilot rahbari Mamur Saidqosimov o'zbek futbolida hakamlik sohasiga zamonaviy texnologiyalarni kiritish rejalari haqida ma'lumot berdi.

Tadbir davomida Jahon chempionatida muvaffaqiyatli qo'llanilgan innovaciyalar – ichiga chip o'rnatilgan aqlli to'plar hamda hakamlar uchun mo'ljallangan bodi-kameralarning O'zbekistonda qachondan boshlab joriy etilishi haqida savol o'rtaga tashlandi.

Mamur Saidqosimov bu jarayonning o'ziga xos texnik talablari borligini tushuntirib o'tdi:

"Superliga va Proliga jamoalarini markazlashgan holda to'plar bilan O'zPFL taminlaydi. Agar chempionatimiz uchun chipli to'plar olinadigan bo'lsa, buning uchun hakamlarda o'sha to'pdan keladigan signalni qabul qila oladigan maxsus qo'l soati ham bo'lishi kerak".

Ma'lumot o'rnida, bunday sensor (IMU) o'rnatilgan to'plar va aqlli soatlar tizimi yarim avtomatlashtirilgan ofsayd texnologiyasi (SAOT) hamda golni aniqlash tizimida (Goal-line technology) hakamlarga juda katta yordam beradi va inson omili tufayli yuzaga keladigan xatolarni minimallashtiradi.

O'zFHM rahbarining takidlashicha, bu boradagi dastlabki amaliy qadamlar allaqachon boshlangan. Xususan, mundialdagi muvaffaqiyatli ishtirokini yakunlab, yurtga qaytayotgan tajribali o'zbekistonlik FIFA referisi Ilgiz Tantashev o'zi bilan bazi zamonaviy qurilmalarni olib kelishi kutilmoqda. Markaz ushbu jihozlarni o'rganib chiqib, mahalliy musobaqalar amaliyotida sinab ko'rishni maqsad qilgan.

"Jahon chempionatida qo'llanilgan texnologiyalardan bizning hakamlarda ham foydalanishni maqsad qilganmiz. Biroq buni bosqichma-bosqich amalga oshiramiz. To'liq joriy etilish muddatini hozir aniq ayta olmayman. Bu ishlarni 2027 yilgi mavsumda qo'llashga harakat qilamiz", – deya ta'kidladi Saidqosimov.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia