

– O'yin haqidagi fikr-mulohazalaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– Uzoq kutilgan milliy chempionatimizga ham qaytdik. O'yinga keladigan bo'lsak, haqiqatan ham qiziqarli bahs kutayotgan edik. Buning sabablari ko'p: ikki oydan ortiq vaqt davomida o'yin amaliyoti yo'q edi, qolaversa, chilla payti bo'lgani uchun ob-havo masalasidan biroz xavotirlanayotgan edim. Lekin ikkala jamoa ham bir-biriga munosib ekanligini ko'rsatdi. "Navbahor" ham yaxshi shakllangan jamoa. Yigitlarga o'yindan oldin bu issiq havoni hisobga olgan holda, albatta, ko'proq to'pni nazorat qilish kerakligini takidlagan edim.
Birinchi bo'limda ko'proq "Navbahor" jamoasi tashabbusga ega bo'ldi. Biz esa tezkor o'tkazib yuborilgan goldan so'ng (bu kutilmagan edi, yaqin burchakka chiroyli tarzda yo'llandi) o'yinni yana o'z qo'limizga oldik.
Shunga qaramasdan, yigitlarimiz qo'l qovushtirib o'tirmadi, issiq havoga qaramay oxirigacha kurashdi. Bu ruhiyatga ta’sir qiladigan jihat: harakat qilsang-u, vaziyatlardan unumli foydalana olmasang, issiq ham asabga tegadi. Lekin yigitlarga qoyil qolish kerak, oxirigacha kurashib, yakunda g'alabani ilib ketdik. Chiroyli o'yin bo'ldi, deb o'ylayman. Albatta, buni ko'rib chiqish kerak, o'ziga yarasha xatolarimiz ham bor. Keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz va "Navbahor" jamoasiga kelgusi bahslarda omad tilab qolaman.
– G'alaba bilan tabriklayman. Jamoangizning Tojikistondagi yig'inlarini ham kuzatib bordim, o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazildi. Birinchi bo'limdan keyingi holat "Ivan Vasilevich" kinosidagi Bunshaning taxtga o'tirishi va keyinchalik "Car-to nenastoyashhiy!" deyishini eslatib yubordi. Ammo yakunda jamoa iroda ko'rsatdi. Umuman olganda, savolim shundan iborat: yig'inlar va tayyorgarlik qay darajada o'tdi, deb o'ylaysiz? Chunki "OKMK" transferlar borasida unchalik faol bo'lmadi.
– Endi, chetdan qaraganda "Ivan Vasilevich kasbini o'zgartiradi" filmidek tuyulishi mumkindir. Sizlar uchun bu balki kinodir, biroq biz uchun bu o'ziga yarasha mashaqqatli ish. Yuqoridan qaraganda oson tuyulishi mumkin. (Zaldagilarga qarata) Bu yerda kondicioner bormi? Salqinmi, yo'qmi? Futbolchilar – issiq jon, ular tinimsiz yuguradi. Bu issiq havo ularning tanasidan qanday o'tishini o'zlari yaxshi biladi, bu tabiiy holat. Lekin ular berilgan mashg'ulot yuklamalarini to'g'ri qabul qilishga va yaxshi ishlashga intilishdi. Mana shunday havoda o'zini qanday tutish kerakligini bilish muhim. Bu biz uchun kino emas, real holat. Oxirida ochiq futbol boshlandi, u yoqdan-bu yoqqa yugurish, to'g'risi, oson emas.
– Yangi olingan futbolchingiz Peshich zaxiradan tushib, ikkita assist qayd etdi. Uning qanchalik moslashib ketishini hali vaqt ko'rsatadi, lekin yoshiga qarasak, 34 yoshda ekan. "OKMK"ning so'nggi paytlardagi siyosati tarkibni yoshartirishga qaratilgan edi. Ushbu transfer haqida ham fikr bildirsangiz.
– Albatta, bu malakali futbolchini transfer oynasining oxirgi kuni taklif qildik. Sababi, Noya bizga yordam bermaydi. Hamma yaxshi – uxlaganda, deyman. Hammasini vaqt ko'rsatadi. Lekin biz bu futbolchimizni chap qanotda ham, o'ng qanotda ham, markazda ham bemalol o'ynay oladigan, 3-4 ta poziciyani yopib bera oladigan o'yinchi bo'lgani uchun taklif qildik. Undan keragicha foydalanishni vaqt ko'rsatadi.
– Nega bu savolni beryapman, sababi "OKMK"ning oxirgi yillardagi transfer siyosatiga qarasak, masalan, Daci, Ruxadze yoki Riak kabi legionerlar kutilganidek muvaffaqiyatli o'ynamagani uchun selekciya borasida savollar tug'ilyaptimi?
– Bizda bitta joyimiz bo'shadi va biz shuni qisqa vaqt ichida to'ldirdik. Jamoada bo'lgan har bir o'yinchi – mahalliy bo'ladimi, chet ellik bo'ladimi – birinchi navbatda jamoa manfaati uchun harakat qilishi kerak. Men irodasiz maydonda shunchaki vaqt o'tkazib yuradigan odamni yomon ko'raman. Kelib qo'shildimi, jamoaga yordam berishi kerak. Shuning uchun ham Noya bilan xayrlashdik. U bizga yordam bera olmadi. Ularga vaqt, imkoniyat va sharoit berildi, lekin hech qanday ijobiy o'zgarish bo'lmadi. Peshichning esa foydasi tegadi, deb umid qilaman.
– Siz bilan o'tgan matbuot anjumanida gaplashganimizda "yosh futbolchilarimiz bor, ular o'zini ko'rsatsin, Jahon chempionatiga borishi kerak" degan edingiz. Mana, bugungi tarkibda ham yoshlar tushyapti. Umuman olganda, mana shu katta pauzadan keyin ko'p xato va kamchiliklar kuzatildi. Bugun hisob 6:6 ko'rinishida ham qayd etilishi mumkin edi. Pozicion va individual xatolar juda ko'p bo'ldi. Pauzadan keyingi ehtiyotkor futbolni ko'rmadik, aksincha, ochiq va hujumkor futbol guvohi bo'ldik. Bunga Jahon chempionatining ta’siri qanday? Yani, Jahon chempionatidagi kambeklarni (masalan, Angliya yoki Argentina ishtirokidagi uchrashuvlardagi kabi) bizning futbolga ta’siri bormi?
– Qarang, ruhiyat haqida gapirdik-ku. Shu yetishmaydi. Yaxshi yoshlar bor, lekin ular boshqa jamoalarda o'ynayapti, ularning agentlari boshqa jamoalar bilan ham aloqada bo'ladi. Men o'tgan yili yozda akademiya ochilganda ham aytgandim: bunga vaqt kerak. Daraxt ekkaningizdan keyin mevasini darrov bermaydi-ku. Bu ishlar yaxshi niyatda qilindi.
O'lmasaliev mundialni o'z ko'zi bilan ko'rdi. Avval ham yigitlarga ko'p aytardim, eng yuqori cho'qqi – Jahon chempionati. Chempionatimiz ham, boshqa musobaqalar ham o'sha yo'l sari eltadi. Nodir va Azizni ham terma jamoa bilan mundialga borishini istagandim, sababi o'sha paytda Sergeevda jarohat bor edi, boshqa hujumchilarning holati yuqori emasdi, faqatgina Shomurodov yuqori darajada edi. Shomurodov bo'lgan taqdirdayam, 10-15 daqiqa imkon berilishi mumkin edi.
Haliyam aytaman, hademay 4 yil o'tib ketadi, keyingi mundial uchun harakat qilinglar. Undan tashqari, Osiyo kubogi bor. Ular intilishi kerak. Ko'pgina yoshlarning eng yuqori maqsadi – avtomobil xarid qilish. Shu bilan o'sishdan to'xtaydi.
– Jahon chempionati haqida savolim bor edi. Har bir terma jamoa ishtirokidagi o'yinlari davomida VIP lojalarda o'sha mamlakat futboli afsonalarini ko'rdik. Xalqimiz sizni o'zbek futbolining afsonasi deb biladi. Sizga bu borada O'zbekiston futbol assotsiatsiyasidan taklif bo'lmadimi? Taklif bo'lmagan taqdirda ham o'z ixtiyoringiz bilan borish istagi yo'qmidi?
– Qur'a tashlash marosimiga borib keldim. Lekin bu yerda tushunarli sabablar bor: o'z jamoamni tashlab ketolmayman. Bu – ish. Vaziyat ishga ta’sir qilmasligi kerak. Borishni xohlagandim, lekin ish tufayli bora olmadim.



