Mirjalol Qosimov: "Ishtiyoq kuchli bo'lganda fikrlash pasayadi"

Абдулвосит Бектемиров
3 may 2026, 23:25
Superliganing 11-turidan o'rin olgan OKMK – "Neftchi" o'yinidan so'ng (0:0) olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Chempionga qarshi kutilgan o'yin edi. "Neftchi" jamoasida ajoyib futbolchilar yig'ilgan. Ikki jamoa ham ochiq futbol namoyish etishni yaxshi ko'radi. Bugungi bahs muxlislarga yoqdi, deb o'ylayman. Durang qayd etilishi nasib qilgan ekan. Yaratilgan vaziyatlarimizdan foydalana olganimizda barchasi boshqacha yakun topardi, ammo o'yin so'ngida gol o'tkazib yuborishimiz ham mumkin edi. Muxlislar yomg'irga qaramasdan o'yin so'ngigacha stadionda bo'lishdi va chiroyli o'yin guvohi bo'lishdi", - deya gap boshladi Mirjalol Qosimov.

- Birinchi bo'limda OKMK raqibga umuman o'yin bermadi. Ikkinchi bo'limda esa "Neftchi" ustunlik qila boshladi. Jamoangiz intensivlikni saqlab qola olmayotganiga nima sabab bo'ldi?

- Ishtiyoq kuchli bo'lganda fikrlash pasayadi. Vaziyatlarimiz bor edi. O'yinni nazorat qilishimiz kerakligini takidlagan edim. Raqibni to'psiz qoldirish va tezkor qarshi hujumlar orqali o'ynashimiz kerak edi. Ishtiyoq kuchli edi. Dilshod bir vaziyatda raqibni aldamasdan, to'pni sherigiga uzatganida uch nafar futbolchimiz uch nafar himoyachiga qarshi vaziyatga chiqar edi. Kiyinish xonasida ham bu haqda aytdim. Keyin esa to'pni yo'qotib, jamoani qiyin ahvolga solib qo'ydi.

- OKMKning ko'pgina gollariga vingerlar yoki boshqa poziciya o'yinchilari mualliflik qilmoqda. Hujumchilarning o'yinidan qanchalik qoniqyapsiz?

- Chempionat og'ir o'tmoqda. Kurashlarga boy. Chempion bilan o'ynaysanmi yoki autsayder, farqi yo'q. Mahoratga ham bog'liq. Mahoratni oshirish uchun esa futbolchi o'z ustida ko'proq ishlashi kerak. Yani o'zini majburlashi kerak.

- Jafar Irismetov yaqindagina Superliga klublari hujumchilar uchun alohida murabbiy yollash taklifini bergandi. Irismetovning taklifi haqida nima deysiz? Hujumchilar haqiqatdan ham kam gol uryapti-ku.

- Imkoniyat bo'lsa, albatta. Har bir chiziqda malakali mutaxassis bilan ishlagan yaxshi. Darvozabon, himoyachilar va yarim himoyachilar uchun alohida. Barchasi mablag'ga borib taqaladi. Biz ham Yevropaga o'xshab tahlilchi, nutriciologlar bilan ishlashni istaymiz. Rossiyada birga o'ynagan do'stlarim bilan ham bu haqda gaplashib turaman. Rossiyada ham bunday holatlarga katta e'tibor qaratishadi. Barchasi moliyaviy imkoniyatlarga bog'liq. Biz ham xohlaymiz.

- OKMK "Boxing Day"ni esa 3ta g'alaba, 3ta durang va bir mag'lubiyat bilan tugatdi. Jamoa ushbu zich taqvimdan qanchalik o'ta oldi? Ushbu vaqt mobaynida necha ochkoni qo'lga kiritishni maqsad qilgan edingizlar?

- Bu haqda hozir gapirib o'tdim-ku. Dastlabki daqiqalarda imkoniyatlarimiz bor edi, so'nggi daqiqalarda esa yutqazib qo'yishimiz ham mumkin edi. Xulosa o'zingizdan.

- Kecha "Neftchi" afsonasi Abdusamad Do'rmonov hayotdan ko'z yumdi. Terma jamoa safida birga o'ynagansizlar. Do'rmonovdan bilan bog'liq qanday xotiralar qolgan?

- O'yindan oldin bu haqda eshitdim. Ko'nglim xira bo'ldi. Bu yaratganing irodasi. Joyi jannatdan bo'lsin. Yaqinlariga sabr tilayman. "Paxtakor" va terma jamoada birga o'ynaganmiz. Hattoki chivinga ozor bermaydigan inson edi.


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: