Buzilgan avtobus, yangi transferlar va Jahon chempionati – Timur Kapadze OKMKga qarshi o'yindan so'ng nimalar dedi?

Оқил Абдубарноев
18 iyul 2026, 01:51
"Navbahor" bosh murabbiyi Timur Kapadze Superliganing 12-turi doirasida OKMKga qarshi o'yindan so'ng (2:3) matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin xususida gapirib o'tsangiz.

– Birinchi navbatda, OKMK jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Qiyin uchrashuv bo'ldi. Ob-havo sharoitini hisobga olganda, o'yinning og'ir kechishini bilardik. Lekin yaxshi tayyorgarlik ko'rgan edik, o'ylaymanki, g'alabani qo'ldan boy berdik. Umuman olganda, yigitlar yaxshi harakat qilishdi. Albatta, xatolar ham kuzatildi va OKMK bundan unumli foydalandi. Alamli mag'lubiyat bo'ldi, chunki, menimcha, bu o'yinda kamida durang qayd etilishi kerak edi. Oxirida biz hujumga zo'r berayotgan vaziyatda ular gol urib ketishdi. Bu – futbol, unda shunday holatlar bo'lib turadi.

Umuman olganda, albatta, xafamiz, chunki maydonda futbolchilar borini berishdi. Lekin ayrim vaziyatlarda yaxshiroq o'ynashimiz kerak edi. Muxlislarga ham rahmat aytaman, issiq bo'lishiga qaramasdan kelib, bizni qo'llab-quvvatlashdi. Ulardan uzr so'raymiz. O'ylaymanki, keyingi uchrashuvlarda g'alaba qozonib, ularni xursand qilishga harakat qilamiz. Bunga kuchimiz va imkoniyatimiz etadi, bunga ishonaman. Bugungi o'yinda ham ikkala jamoa maydonda murosasiz kurashdi, bunga barchangiz guvoh bo'ldingiz. Bizda ham, ularda ham imkoniyatlar bo'ldi. Afsuski, futbolda shunday bo'lib turadi. Biz ushbu o'yindan to'g'ri xulosa chiqarib, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.

– Birinchi savolim – transferlar orqali "Navbahor"ga kelgan yangi va yaxshi futbolchilar haqida fikringiz qanday va ulardan nimalarni kutyapsiz? Ikkinchi savolim – O'zbekiston milliy terma jamoasi yurtimizdagi oxirgi mashg'ulotini o'tkazayotganda kelib, ularni kuzatdingiz. O'sha paytda Fabio Kannavaro bilan o'zaro suhbatingizda qanday fikrlar bildirildi va terma jamoaning jahon chempionatidagi harakatini qanday baholaysiz?

– Yangi transferlarga to'xtaladigan bo'lsak, bugun ular bizga yordam bera olishmadi, chunki buning ayrim sabablari bor. Nasib bo'lsa, keyingi uchrashuvlardan safimizga qo'shilishadi. Abdullaevda kichik jarohat bor edi, hozir tiklanyapti, hammasi joyida. Jaloliddinov ham jamoaga endi qo'shildi, Kojoning transfer hujjatlari bilan bog'liq kichik masala bor. Muammo deganda, shunchaki ozgina vaqt kerak, erta-indin hal bo'lishi kutilyapti. Shuning uchun hech qanday muammo yo'q, jamoamiz yaxshi shakllangan.

Chempionatda ancha vaqt pauza bo'ldi. Ko'rinib turibdiki, qayerdadir tonus tarafdan, qayerdadir o'yin amaliyoti yetishmayapti. Biroq bu muammo emas. Terma jamoamiz ketishidan oldin esa, yigitlarga va murabbiylar shtabiga omad tilash uchun ularning oxirgi mashg'ulotiga bordim. Kannavaro bilan ham ko'rishib, omad tiladim. Yigitlarning barchasiga o'zimizning ishonchimiz va ezgu tilaklarimizni bildirdik.

– Katta pauzadan keyin bugungi futbolni ko'rdik. O'yin juda ham hujumkor va murosasiz o'tdi. Xatolar sonini juda ko'p deb bildim – ham individual, ham pozicion xatolar. Bu normal holat deb o'ylayman. Lekin bir jihat bor: statistikaga e'tibor qaratsak, Mirjalol Qosimovning "Navbahor"ga qarshi o'yinlaridagi statistikasi judayam hurmatga loyiq. Hammamiz hurmat qilamiz, lekin hurmat o'z yo'liga. O'zaro uchrashuvlarda "Navbahor"ning mag'lubiyatga uchrashida qandaydir ortiqcha hurmat sabab bo'lyaptimi yoki bugun shunchaki, o'zingiz aytganingizdek, har qanday natija qayd etilishi mumkin edi, lekin yana Mirjalol Qosimov jamoasi g'alaba qozonib ketyapti.

– Albatta, Mirjalol akani ustoz va aka sifatida hurmat qilamiz. Lekin bu – futbol, o'ylaymanki, maydonda unaqa narsa yo'q. O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik. Oldingi statistika – "Olimpik" bilan bog'liq.

– "Navbahor" va "Paxtakor" O'zbekiston chempionatlari tarixidagi minginchi uchrashuvlarini o'tkazishdi. To'g'ri, futbolda omaddan ko'ra mehnat va mahorat yuqoriroq turadi, lekin bugun qandaydir omadsizlik kuzatilganday. Chunki "Paxtakor" ham o'z uyida durang o'ynadi, "Navbahor" esa mag'lubiyatga uchradi. Qolaversa, omadsizlik deganimning yana bir sababi – o'yindan avval jamoa avtobusi buzilib qolgan ekan. Bular kichik detallar bo'lsa-da, shunday holatlarga qanday qaraysiz?

– Futbolda qandaydir detallar, albatta, ruhiyatga ta’sir qiladi. Lekin avtobus buzilishi o'yinga juda katta ta’sir qildi deb o'ylamayman. Yigitlar ham buni to'g'ri qabul qilishdi, bo'lib turadigan holat. To'g'ri, yoqimsiz vaziyat yuzaga keldi, yo'lda qolib ketdik, issiqda kutishga to'g'ri keldi. Qandaydir ta’sir etuvchi jarayonlar bor. Biroq bu – futbol. Kecha, masalan, "Neftchi" ham o'z uyida o'ynagani uchun "Buxoro"ga qarshi bahsda yutqazayotgan joyida o'yinni o'z foydasiga burib yubordi, o'zida kuch topa oldi. Har bir jamoa kurashyapti, ko'rinib turibdiki, oson o'yinlar yo'q. Bugungisi alamli mag'lubiyat bo'ldi, biz ko'prog'iga loyiq edik. Lekin futbolda shunday vaziyatlar bo'lib turadi va men buni to'g'ri qabul qilaman. Muxlislarimizning fikrini ham to'g'ri tushunaman. Ular, murabbiy sifatida, hammasi joyiga tushishini istashadi. Biz to'g'ri tahlil qilib, xatolarimizni ko'rib chiqamiz va ular ustida ishlaymiz.

– Jahon chempionatida finaliga Ispaniya va Argentina yo'l oldi. Siz ispancha futbolni yaxshi ko'rasiz. "Navbahor"ning ikkinchi goli shu uslubda urilgandek taassurot qoldirdi.

– Ispaniyaga qarab andoza olganimiz yo'q. Mundialda ayrim o'yinlarni kuzatyapman. Fransiya favoritdek ko'ringandi, ammo Ispaniya g'alaba qozonib ketdi. Ular bekordan-bekor eng kam gol o'tkazmagan, balans bor. Argentina tajriba orqali g'alaba qozonmoqda. Ikkalasi ham haqli.

– Jahon chempionati haqida savolim bor edi. Bu savolni Mirjalol Qosimovga ham berdim. Siz ham o'zbek futboli yulduzlaridan birisiz. Qolaversa, jahon chempionatiga chiqish yo'lida hissangiz bor. Har bir terma jamoa ishtirokidagi o'yinlari davomida VIP lojalarda o'sha mamlakat futboli afsonalarini ko'rdik. Sizga bu borada O'zbekiston futbol assotsiatsiyasidan taklif bo'lmadimi? Taklif bo'lmagan taqdirda ham o'z ixtiyoringiz bilan borish istagi yo'qmidi?

– Albatta, har bir vatandosh kabi biz ham o'sha yerda bo'lishni xohlardik. Nimaga endi bormaymiz? Lekin bunga imkoniyat bo'lmadi. Agar vaziyatga qarab, masalan, VIP-lojada o'tirganimizda, menimcha, zo'r bo'lardi. Buni, albatta, federatsiya o'ylagandir, balki o'ylamagandir, bunisini bilmadim. Lekin vaqt tig'izligi va ish sabab, biz ham yig'inda, jamoa bilan birga edik. Umuman olganda, alohida chaqiriq yoki taklif ham bo'lmadi. Shuning uchun mayli, dedik va shu yerdan turib ham muxlislik qildik. Eng asosiysi, o'sha yerda shuncha muxlisimiz bor edi, ular O'zbekiston bayrog'ining maydonda aks etgani – buning o'zi katta baxt. Bu narsalar bizni faxrlantirdi. Albatta, o'zimiz ham o'sha yerda bo'lishimiz mumkin edi, lekin nima bo'lganda ham, O'zbekiston har doim qalbimizda. Bundan-da yaxshiroq ishtirok etishimiz mumkin edi. Ilk Jahon chempionatida hayajon rol o'ynagandir. Biz ko'prog'iga loyiq edik, chunki futbolchilarning potencialini yaxshi bilaman. Eng asosiysi – ishtirok etdik va tajriba orttirdik.

– "Navbahor" stadioni deyarli tayyor holatga keltirilibdi. Shaxsan viloyat hokimi ham borib ko'zdan kechiribdi. "Navbahor" jamoasi o'z uyiga qaytishni va raqiblarni o'sha yerda qabul qilishni qachondan rejalashtiryapti?

– Aslida bu o'yin ham o'z uyimizda bo'lishi kerak edi. Maydon to'liq tayyor bo'lmagani uchun – maydon chimi yangidan qilindi – yana ozgina vaqt kerakligini aytib, iltimos qilishdi. To'liq tayyor bo'lsin degan maqsadda shu yerda o'ynaydigan bo'ldik. Endi hozir vaziyatga qaraymiz, balki keyingi uchrashuvni o'z uyimizda o'tkazarmiz. Bizga ham u yerda o'ynash muhim, chunki o'z maydonimiz va muxlislarimiz baribir biz uchun qo'shimcha kuch bo'ladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia