Mirjalol Qosimov: "Chiroyli o'yin guvohiga aylandik, lekin futbol 90 daqiqa davom etadi"

Оқил Абдубарноев
10 may 2026, 21:10
O'zbekiston kubogi 1-tur doirasidagi OKMK - “Metallurg” uchrashuvidan so'ng (3:3) mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o'z fikrlarini bildirdi.

– Bugungi o'yin haqida ularning fikrlarini tinglaymiz.

– Barchamiz derbi guvohi bo'ldik, qiziqarli o'yin o'tdi. Buni hisob ham ko'rsatib turibdi. Albatta, bu derbiga xos uchrashuv bo'ldi. O'ylaymanki, bundan faqat muxlislar yutdi. Chiroyli o'yin guvohiga aylandik, lekin futbol 90 daqiqa davom etadi. Ustunlik qilayotgan vaqtimizda bemalol g'alabani naqd qilib qo'yishimiz mumkin edi, biroq "Metallurg" jamoasi ham jon-jahdi bilan o'ynashga harakat qildi va yakunda uchrashuv durang bilan mukofotlandi. Hechqisi yo'q, keyingi o'yinlarga tayyorgarlik ko'ramiz. Futbol ham aynan shunisi bilan qiziq.

– Oldindagi kubok bahslariga jamoaning tayyorgarligi va munosabati qanday?

– Biz uchun farqi yo'q – kubok bahslari bo'ladimi yoki chempionatmi, har bir o'yinga yurakdan yondashamiz. Negaki, o'zimizning auditoriyamiz, sodiq muxlislarimiz bor. Avvalambor, biz ular uchun o'ynaymiz. Shuning uchun ham har bir uchrashuvda oxirigacha kurashib, iloji boricha g'alaba qozonish va chiroyli o'yin ko'rsatish orqali muxlislar ko'nglidan joy olishni maqsad qilganmiz. Futbol shunaqa – mag'lubiyatga uchramagan jamoaning o'zi yo'q.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia