

– G'alaba bilan tabriklayman. Jamoangizning Tojikistondagi yig'inlarini ham kuzatib bordim, o'rtoqlik uchrashuvlarini gollar shousiga aylantirishdi. Biroq bugungi bahsda birinchi bo'limdan keyingi holat "Ivan Vasilevich" kinosidagi Bunshaning taxtga o'tirishi va keyinchalik "Car-to nenastoyashhiy!" jumlasini eslatib yubordi. Ammo yakunda jamoa iroda ko'rsatdi. Umuman olganda, savolim shundan iborat: yig'inlar va tayyorgarlik qay darajada o'tdi, deb o'ylaysiz? Chunki "OKMK" transferlar borasida unchalik faol bo'lmadi.
– Endi, chetdan qaraganda "Ivan Vasilevich kasbini o'zgartiradi" filmidek tuyulishi mumkindir. Sizlar uchun bu balki kinodir, biroq biz uchun bu o'ziga yarasha mashaqqatli ish. Yuqoridan qaraganda oson tuyulishi mumkin. (Zaldagilarga qarata) Bu yerda kondicioner bormi? Salqinmi, yo'qmi? Futbolchilar – issiq jon, ular tinimsiz yuguradi. Bu issiq havo ularning tanasidan qanday o'tishini o'zlari yaxshi biladi, bu tabiiy holat. Lekin ular berilgan mashg'ulot yuklamalarini to'g'ri qabul qilishga va yaxshi ishlashga intilishdi. Mana shunday havoda o'zini qanday tutish kerakligini bilish muhim. Bu biz uchun kino emas, real holat. Oxirida ochiq futbol boshlandi, u yoqdan-bu yoqqa yugurish, to'g'risi, oson emas.



