

Bu haqda “L’Équipe” nashri xabar tarqatdi. Manbaga ko'ra, Zidanning tayinlangani rasman qachon e'lon qilinishi hozircha ma'lum emas. Biroq tomonlar o'rtasida almashilgan hujjatlarda aynan 1 sentyabr ish boshlash sanasi sifatida belgilangan. Shu kundan boshlab Zidan va uning murabbiylar shtabi a'zolarining shartnomalari kuchga kiradi.
Shu tariqa, JCH–2026ning uchinchi o'rin uchun Angliyaga qarshi bahsi Dide Desham uchun Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi so'nggi uchrashuv bo'ladi. U 2012 yildan buyon "uch ranglilar"ni boshqarib kelib, 2018 yilgi Jahon chempionati va 2021 yilgi Millatlar ligasida g'olib chiqqan edi.
Zidan boshchiligidagi Fransiya terma jamoasi ilk rasmiy uchrashuvlarini Millatlar ligasi doirasida o'tkazadi. Francuzlar 25 sentyabr kuni mehmonda Turkiya bilan, 28 sentyabrda Belgiyaga qarshi, 2 oktyabrda o'z maydonida Italiya bilan, 5 oktyabrda esa yana Belgiya terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Eslatib o'tamiz, Zinedin Zidan murabbiy sifatida "Real" bilan ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan. U jamoani uch marta ketma-ket Chempionlar ligasi g'olibligiga olib chiqqan kam sonli mutaxassislardan biri hisoblanadi.



