

Ayniqsa, vodiyda bu o'zining cho'qqisiga chiqib ulgurgan. Bunda siz ajoyib muhit, muxlislar hayqiriqlari, qaynoq haroratni his qilasiz. Kecha bo'lib o'tgan "Andijon" - "Navbahor" uchrashuvi muxlislik nuqtayi nazaridan hozirgacha eng yaxshilaridan biri bo'ldi. Biz esa mazkur derbi yuzasidan o'z vaqtida ikki jamoada ham to'p tepgan Sanjar Asqaralievning mulohazalari bilan qiziqdik.
12 avg 2025, 19:00
Andijan — Navbakhor

0 – 1
Tugadi

"Darhaqiqat, kechagi bahs o'sha biz o'ynagan eski derbilarni yodga solib yubordi. Stadion to'ldi, atmosfera daxshatli edi. "Ultras burgut", namanganlik muxlislar chiroyli muhit yarata olishdi. Odam rohatlandi, bo'lar ekan-ku deb yubordim. Tabiiyki buni ko'rib yoshlik vaqtlarimiz ko'z oldimizga keldi. Stadionlar 1-2 soat oldin to'lar, joy qolmasdi. "Bobur Arena" ishqibozlar bilan to'lib toshdi",- deya gap boshladi sobiq to'p tepar.

"Endi o'yinga kelsak, ikki jamoa ham yopiq futbol o'ynadi. 89-minutgacha o'ta keskin vaziyat yuzaga kelgani yo'q, chunki ikki jamoa yutqazishni istamadi. "Navbahor" futbolchilarining tajribasi, terma jamoada o'ynagani sezildi. Bitta gol o'yin taqdirini hal qildi. Jamoalar muxlislar oldida uyalib qolmaslik uchun ham extiyotkor o'ynashdi shekilli. Lekin maydon atrofidagi muhit o'yindan yaxshi bo'ldi deb o'ylayman.
Bu yilgi "Navbahor" haqida, Lushchanga mahalliy va yosh futbolchilarni o'yinga tashlayotganiga tan berish kerak. U bolani o'ynatmasangiz qanday o'sadi? Shu jihat yoqyapti. O'tgan yili yulduzlar bo'lsa ham o'yinimiz yorqinmasdi. Lushchanda maza qilib ko'radigan o'yinlar bo'lyapti. O'yinda bir kishini ajratib o'tish qiyin. Lekin yetakchi va g'alabada asosiy rolni o'ynagan Ruslan Jiyanov yaqqol ko'zga tashlandi",- deydi Sanjar Asqaraliev.



