Kamoliddin Tojiev: "Guruhda ikkinchi o'rinni olganimizning uyatli joyi yo'q"

Administrator
27 may 2026, 23:11
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Kattaqo'rg'on" (3:0) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi. Bunda "Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- O'yinni yaxshi boshladik, agar g'alaba qozona olmasak guruhda qolib ketishimizni bilardik. Buni hamma yaxshi tushunib turgandi. Avvalgi bahslarda ko'p vaziyat yaratib gol ura olmay kelayotgandik. Lekin bugun vaziyatlardan foydalana oldik. Shu bilan birga yaxshi o'yin ko'rsatdik deb o'ylayman.
- "Paxtakor" guruhdan ikkinchi o'rin bilan chiqdi. Bu natija amaldagi Kubok sohibi hamda bir necha bor Kubok g'olibi bo'lgan jamoa uchun qanchalik uyatli?
- Buning uyatli joyi yo'q, sababi guruhdan chiqdik va hali hammasi oldinda. Maqsadimiz keyingi o'yinlarda ham g'alaba qozonish.
- Agar jamoangiz keyingi bosqichda "Neftchi" bilan to'qnash kelsa...
- Bu o'yin, maydonga tushib futbol o'ynaymiz.
- Ikkinchi o'rin bilan chiqib 1/8 finalni safarda o'tkazish sizni qo'rqitmayaptimi?
- Endi vaziyat shunaqa bo'lib qoldi. Menimcha, bu haqda o'ylamagan maqul.
- Terma jamoa yakuniy ro'yxatiga kira olmagan "Paxtakor" futbolchilarining kayfiyati qanaqa?
- O'zingiz qanday deb o'ylaysiz? Baribir tushkunlik bor, futbolchilar bilan gaplashdik, hammasi oldinda. Ular hali yosh, keyinchalik yana terma jamoaga taklif olishadi.
- Bugun Shahzod Azmiddinov o'ng qanot himoyasida harakat qildi. Balki oldin shu chiziqda o'ynagandir, lekin uni markaziy himoyachi sifatida bilamiz. Nahotki "Paxtakor"dek jamoada o'ng qanot futbolchisi yo'q?
- U-21 jamoamizda o'ynab kelayotgan Bobur Karimov bor, faqat u jarohat oldi. To'g'risi, undan boshqa zaxiramiz yo'q.
- Bugun Vladimir Nazarov darvozani qo'riqlamadi.
- Mashg'ulotlarda Sanjar Quvvatov biz bilan birga bo'ldi. Nazarov terma jamoada edi. U yaqinda safimizga qaytdi, aytib o'tganingizdek, 30talik ro'yxatga kira olmagani uchun biroz tushkunlik bor. Shu bois Sanjarni darvozaga qo'ydik.
- Kubokning keyingi bosqichida akangiz Zayniddin Tojiev boshqaruvidagi "G'azalkent" bilan to'qnash kelishingiz mumkin. Agar shunday bo'lsa, bu siz uchun qanchalik qiziq bo'ladi?
- O'tgan gal ham aytgandim: juda qiziqarli bo'ladi. Buyog'iga kim bilan tushsangiz, hammasi qiziq bo'ladi deb o'ylayman. Biz jiddiy tayyorgarlik ko'rishimiz kerak.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif