

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) VAR tizimining o'yinga aralashish vakolatlarini kengaytirdi, shuningdek, vaqtni cho'zish holatlariga qarshi kurashishning turli usullarini joriy qildi. Championat.com JCH-2026 musobaqasida hakamlar amal qiladigan barcha o'zgarishlarni bitta maqolaga jamladi. Biz esa sizlarga bularning o'zbekcha variantini taqdim etamiz.
1. VAR ikkinchi sariq kartochkalarni tekshiradi
Ehtimol, eng asosiy yangiliklardan biri - ikkinchi sariq kartochkalarning tekshirilishi. Biroq bu faqatgina ikkinchi ogohlantirish mutlaqo asossiz bo'lgan vaziyatlardagina amalga oshiriladi. Xuddi “Inter” - “Yuventus” uchrashuvidagi Per Kalulu bilan bog'liq mashhur vaziyat kabi: o'shanda Bastonining yaqqol simulyaciyasidan so'ng Kaluluga ikkinchi sariq kartochka ko'rsatilgan edi.
2. VAR burchak zarbalarini tekshiradi
Burchak zarbalarini tekshirish ham muhim o'zgarishlardan biridir. To'g'ri, bu borada ham cheklovlar bor. VAR endi jamoaga nohaq taqdim etilgan kornerlarni bekor qila oladi. Ammo agar biror jamoa burchak zarbasi ishlab olsa-yu, hakam adashib darvozadan to'p kiritishni ko'rsatsa, VAR jarayonga aralashmaydi.
Bu holat o'yinning cho'zilishiga olib kelishi borasida bahslar bor. Ko'rinishidan, yo'q. VAR faqatgina o'yinning qayta tiklanishi kechikmaydigan vaziyatlardagina aralashadi. Nazariy jihatdan, nohaq belgilangan burchak to'plari tezda tekshirilib, o'yin davom ettiriladi. Muhimi shundaki, JCH-2026 to'plariga maxsus chiplar o'rnatilgan bo'lib, ular to'pning maydonni tark etganini soniyalar ichida aniqlaydi. Biroq to'p aynan kimdan chiqib ketganini aniqlash biroz ko'proq vaqt talab qilishi mumkin.

3. VAR endi o'yin to'xtagan paytdagi qo'polliklar uchun ham aralashadi
Bu unchalik ko'zga tashlanmaydigan, lekin juda muhim yangilik. Ilgari futbolchi burchak zarbasi amalga oshirilishidan bir soniya oldin raqibini itarib yuborib, keyin gol urishi mumkin edi. Agar bosh hakam bu folni o'tkazib yuborgan bo'lsa, VAR qoidaga ko'ra vaziyatga aralasha olmasdi va faqat to'p o'yinga kiritilgandan keyingi holatni tekshirishi shart edi. Endi qoidalardagi ushbu kamchilik bartaraf etildi.
4. Vaqtni cho'zish holatlari qattiqroq nazorat qilinadi
O'tgan yili darvozabon to'pni qo'liga olgandan keyin o'yinga kiritish uchun sakkiz soniya vaqt berilishi haqida qoida paydo bo'lgandi. Oxirgi besh soniyani hakam qo'lini ko'tarib, barmoqlari bilan sanaydi. Agar darvozabon ulgurmasa, uning jamoasi to'p nazoratini yo'qotadi va raqib jamoaga burchak zarbasi beriladi.
Ushbu mavsumda guvoh bo'lganimizdek, darvozabonlarga baribir sakkiz soniyadan ko'proq vaqt berilmoqda. Hakam qoidabuzarlikni to'qqizinchi soniyada emas, balki biroz kechroq qayd etadi. Masalan, yakunlangan mavsumda APL va RPL o'yinlarida hakamlar “Byornli” darvozaboni Martin Dubravka va “Akron” posboni Ignat Terexovskiy to'pni 12 soniyalab ushlab turganidan keyingina hushtak chalishdi. JCH-2026 dan boshlab ushbu amaliyot o'yinning boshqa pallasiga ham ko'chadi.
5. O'yinchi almashtirishlar ham tezlashadi
IFAB va FIFA o'yinchi almashtirishlar ham o'yin tempiga salbiy ta’sir qiladi, degan qarorga keldi. Endilikda futbolchi o'z raqami tushirilgan tablo ko'tarilgan paytdan boshlab 10 soniya ichida maydonni tark etishi kerak. Agar ulgurmasa, uning jamoasi bir daqiqa davomida maydonda bir kishi kam bo'lib o'ynaydi. Shu bilan birga, maydonni tribunalarga eng yaqin bo'lgan tomondan tark etish qoidasi ham o'z kuchida qoladi.
6. Shifokorlar yordami sababli futbolchilar maydon tashqarisida bir daqiqa qolishadi
Agar maydondagi o'yinchiga tibbiy yordam kerak bo'lsa, u maydon tashqarisida roppa-rosa bir daqiqa o'tkazishi shart. APLning o'tgan mavsumida futbolchilar bunday vaziyatlarda 30 soniyaga maydondan chiqib turishardi.

7. Taktik taym-autlarga qarshi faqat “iltimoslar” bilan kurashiladi
Agar shifokor yordami darvozabonga kerak bo'lsa, unda hech kim maydonni tark etmaydi. Bu qoidalardagi yana bir tirqish edi. Murabbiylar o'yinchilarni zaxira o'rindig'i yoniga yig'ib, taktik ko'rsatmalar berish uchun darvozabonlardan jarohatni simulyaciya qilishni so'rashardi.
Bu borada qatiy cheklovlar joriy etiladi, ammo buning to'liq ijrosi, aftidan, qoidalarning keyingi tahririda aks etadi. ESPN ma'lumotlariga ko'ra, shifokorlar darvozabonga yordam ko'rsatayotgan paytda, maydondagi o'yinchilardan o'z joylarida qolish va murabbiylar shtabi yoniga bormaslik so'raladi. Agar futbolchilar baribir murabbiy yoniga borishsa, hozircha hech qanday jazo ko'zda tutilmagan.
8. Norozilik bildirib maydonni tark etgan futbolchilar chetlatiladi
Hakam qaroriga norozilik sifatida maydonni tark etgan har qanday o'yinchi to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka oladi. Xuddi shu qoida futbolchilarni maydondan chiqib ketishga chorlagan jamoa rasmiylariga ham tegishli. Agar jamoaning ushbu namoyishi uchrashuvning bekor qilinishiga sabab bo'lsa, u holda jamoaga texnik mag'lubiyat yoziladi. Bu qarorga Afrika Kubogidagi janjalli final sabab bo'ldi.
9. Og'izni yopganlik uchun maydondan chetlatish
Qoidalardagi yana bir band yaqindagi shov-shuvli voqeaga asoslangan. Gap, albatta, Janluka Prestiannining Vinisiusga aytgan gaplari haqida ketmoqda. Yevropa Chempionlar Ligasi o'yinida argentinalik futbolchi og'zini qo'li bilan yopib, braziliyalikka nimadir degan edi. “Real” hujumchisi esa raqibini irqchilikda aybladi.
Endi og'zini qo'li, elkasi yoki formasi bilan yopgan har qanday o'yinchi to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka olishi mumkin. To'g'ri, agar suhbat do'stona xaraktyerda bo'lsa, jazo qo'llanmaydi. Bu yerda hakamlar uchun unchalik oson bo'lmagan vazifa turibdi. O'yinchilar nuqtayi nazaridan esa, og'izni yopish - ortiqcha tavakkalchilik. Ayniqsa, o'rtada ozgina bo'lsa ham kelishmovchilik hidi anqib turganda.

10. Tanafsus 15 daqiqadan ko'proq davom etishi mumkin
Bu qoida faqat Nyu-Yorkda bo'lib o'tadigan final o'yiniga tegishli. AQSHda ananaviy ravishda sportning turli turlaridagi yirik o'yinlar tanafsusida shoular tashkil etiladi. Klublar o'rtasidagi JCH-2025 turnirida ham shunday bo'lgan edi.
FIFA JCH-2026 finalining tanafsusida Shakira, Madonna va BTS chiqish qilishini e'lon qildi. Biroq ularning chiqishlari qancha davom etishi hozircha aniq emas. Tashkilotchilar 15 daqiqalik vaqt ichiga sig'ishga harakat qilishlari haqida xabar berilgandi.



