

Shimoliy Amerika qitasining uch yirik davlati – Amerika Qo'shma Shtatlari, Kanada va Meksika hamkorligida o'tkazilayotgan global musobaqa ilk marta 48 ta terma jamoani o'zida jamlaydi va bu orqali turnirning geografik, iqtisodiy hamda madaniy qamrovi keskin kengayadi.
Musobaqa formatining kengaytirilishi va qo'shimcha 16 ta o'rinning ajratilishi Osiyo (OFK), Afrika (KAF) va KONKAKAF mintaqalari vakillari uchun tarixiy imkoniyatlarni yaratib berdi. Strategik o'zgarish natijasida ilgari nufuzli musobaqada ishtirok etmagan to'rtta davlat – O'zbekiston, Iordaniya, Kabo-Verde va Kyurasao milliy terma jamoalari mundialning final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
O'zbekiston
O'zbekiston milliy terma jamoasi Markaziy Osiyo qitasidan Jahon Chempionatiga yo'llanma olgan birinchi va yagona davlat sifatida mintaqa sporti tarixida oltin harflar bilan yoziladigan natijani qayd etdi. Mustaqillikka erishgandan buyon "Oq bo'rilar" bir necha bor mundial ostonasida imkoniyatni boy bergan edi.
Saralash bosqichi davomida terma jamoa ichida murakkab murabbiylik almashinuvlari yuz berdi. Jamoani saralash ciklining asosiy qismida boshqargan tajribali mutaxassis Srechko Katanets sog'lig'i bilan bog'liq muammolar sababli o'z lavozimini tark etishga majbur bo'ldi. Shundan so'ng, o'zbek futboli afsonasi va eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilaridan biri Timur Kapadze vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida jamoani qabul qilib oldi va bosim ostida jamoani Jahon chempionati final bosqichiga olib chiqishdek mas'uliyatli va tarixiy vazifani muvaffaqiyatli uddaladi.
Jahon chempionatiga bir yildan kamroq vaqt qolganda, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi sport jamoatchiligining e'tiborini tortgan favqulodda va ambiciyali qaror qabul qildi. 2006 yilgi Jahon Chempionati g'olibi, Italiya terma jamoasining sobiq sardori va "Oltin to'p" sohibi Fabio Kannavaro O'zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. 52 yoshli mutaxassis bilan ikki yillik shartnoma imzolandi va u jamoani mundialga tayyorlash mas'uliyatini o'z bo'yniga oldi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi tarkibi:
Darvozabonlar: 1.O'tkir Yusupov, 12.Abduvohid Ne'matov, 16.Botirali Ergashev
Himoyachilar: 2.Abduqodir Husanov, 3.Hojiakbar Alijonov, 4.Farruh Sayfiev, 5.Rustam Ashurmatov, 13.Sherzod Nasrullaev, 15.Umar Eshmurodov, 18.Abdulla Abdullaev, 24.Behruz Karimov, 25.Avaz O'lmasaliev, 26.Jahongir O'rozov
Yarim himoyachilar: 6.Akmal Mozgovoy, 7.Otabek Shukurov, 8.Jamshid Iskanderov, 9.Odil Hamrobekov, 10.Jaloliddin Masharipov, 11.Oston O'runov, 17.Doston Hamdamov, 19.Aziz G'aniev, 22.Abbos Fayzullaev, 23.Sherzod Esanov
Hujumchilar: 14.Eldor Shomurodov, 20.Aziz Amonov, 21.Igor Sergeev
O'zbekiston terma jamoasi qur'a natijalariga ko'ra "K" guruhidan joy oldi va ushbu guruh juda xilma-xil futbol maktablarini o'zida jamlagan. Jamoaning raqiblari Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Yevropa grandi Portugaliya, Janubiy Amerikaning tezkor va texnik kuchli vakili Kolumbiya hamda Afrika qitasining jismoniy baquvvat jamoasi Kongo Demokratik Respublikasi hisoblanadi.
Jahonning yetakchi sport tahliliy kompaniyasi Opta tomonidan o'tkazilgan sun'iy intellekt simulyaciyalari va ma'lumotlar tahliliga ko'ra, O'zbekistonning ushbu murakkab guruhdan pley-off bosqichiga yo'l olish ehtimoli 12% deb baholanmoqda. Biroq, turnir formatidagi o'zgarishlarga ko'ra, eng yaxshi natija qayd etgan uchinchi o'rin egalari ham keyingi bosqichga o'tishi mumkinligi O'zbekiston uchun qo'shimcha imkoniyat hisoblanadi.

Iordaniya
Iordaniya milliy terma jamoasi o'z tarixida misli ko'rilmagan oltin davrni boshdan kechirmoqda. "An-Nashama" (arab tilidan tarjima qilinganda "Jasurlar", "Ricarlar" yoki "Mardlar" manosini bildiradi) laqabi ostida harakat qiluvchi jamoa Osiyo qitasining uchinchi saralash bosqichida o'z guruhida ikkinchi o'rinni egallab, ilk bor Jahon Chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma oldi.
Mazkur voqeaning davlat miqyosidagi ahamiyati shunchalik yuqoriki, Iordaniya Bosh vaziri Jafar Hassan butun mamlakat miqyosidagi favqulodda qarorni imzoladi. Unga ko'ra, milliy terma jamoa mundialda maydonga tushadigan kunlarda (17, 23 va 28 iyun) barcha davlat sektori va hukumat muassasalari xodimlari uchun rasmiy ish vaqti odatdagidan bir yarim soatga kechiktirilib, ertalab soat 10:00 dan boshlanadigan bo'ldi. Bunday qaror orqali hukumat o'z fuqarolariga turnirni tomosha qilish, tungi vaqtdagi translyatsiyalarni kuzatish va terma jamoani to'liq qo'llab-quvvatlash uchun maksimal sharoit yaratmoqda. Bu ijtimoiy hodisa sportning davlat siyosati va jamiyat hayoti bilan naqadar uzviy bog'liqligini namoyish etadi.
Iordaniya terma jamoasining yetakchisi va xalqaro maydondagi yuzi – Fransiyaning 1-ligasi vakili "Renn" klubi hujumchisi Musa Al-Tamari hisoblanadi. Al-Tamarining individual mahorati jamoaning umumiy hujumkor salohiyatini belgilab beradi. U saralash bosqichi davomida 7 ta gol urib, jamoaning asosiy to'purariga aylandi.
Biroq turnir oldidan jamoa jiddiy yo'qotishga uchradi. Arab kubogi musobaqasida tizzasidan og'ir jarohat olgan asosiy hujumchilardan biri Yazan Al-Naimat Jahon chempionatining 30 kishilik kengaytirilgan tarkibiga kiritilmadi.
Iordaniya milliy terma jamoasi tarkibi
Darvozabonlar: Yazid Abulayla, Abdulla Al Faxuri, Nur Bani Attiah.
Himoyachilar: Yazan Al-Arab, Abdulla Nasib, Ehsan Haddad, Muhammad Abualnadi, Salim Ubayd, Muhammad Abu Hashish, Husam Abu Dahab, Saed Al-Rosan, Anas Banavi, Mohannad Abu Taha.
Yarim himoyachilar: Nur Al-Ravabdeh, Nizar Al-Rashdan, Rajai Oyed, Mahmud Al-Mardi, Muhammad Al Davud, Amer Jamous, Ibrohim Sadeh.
Hujumchilar: Musa Al-Tamari, Ali Olvan, Muhammad Abu Zraiq, Ali Azaizeh, Odeh Faxuri, Ibrohim Sabra.
FIFA reytingida 63-o'rinni egallab turgan Iordaniya terma jamoasi musobaqada ishtirok etayotgan eng kuchli va murakkab guruhlardan biri – "J" guruhiga tushdi. Ularning guruhdagi asosiy raqibi Lionel Skaloni boshchiligidagi, amaldagi Jahon chempioni Argentina terma jamoasidir. Bundan tashqari, Afrikaning taktik jihatdan eng shakllangan jamoalaridan biri Jazoir va Yevropaning yuqori intensivlikka asoslangan vakili Avstriya ham shu guruhdan joy olgan. Iordaniya guruh bosqichi davomida AQSHning Portlend shahridagi Portlend Universiteti kampusini o'zlarining asosiy bazasi sifatida tanlagan.

Kyurasao
Jahon Chempionatlari tarixida mitti davlatlarning mo'jizalari tez-tez uchrab turadi, biroq Kyurasao milliy terma jamoasining 2026 yilgi mundialga yo'llanma olishi barcha statistik va demografik rekordlarni yangilab tashladi. Karib dengizi havzasida joylashgan, atigi 150,000 dan 180,000 gacha aholiga ega bo'lgan va umumiy er maydoni bor-yo'g'i 171 kvadrat milni tashkil etadigan ushbu orol-davlat, musobaqa tarixidagi eng kichik ishtirokchi mamlakat maqomini qo'lga kiritdi. Bu bilan ular 2018 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etib bu rekordni o'rnatgan Islandiyani ortda qoldirdi. Bir paytlar Gaiti va Kyurasao birgalikda KONKAKAFdan mundialga chiqqan ikkita Karib dengizi vakili sifatida ham tarixga kirdi.
Kyurasao aholisining kamligi sababli ichki chempionat orqali jahon darajasidagi futbolchilarni yetishtirishning iloji yo'q. Shuning uchun ularning rivojlanish modeli to'liq Niderlandiyada tug'ilib o'sgan va o'sha yerdagi yuqori darajadagi futbol maktablarida tahsil olgan diaspora vakillarini Kyurasao bayrog'i ostida birlashtirishga asoslangan.
Ushbu tizimning markaziy figurasi va jamoaning "yuragi" – 34 yoshli sardor Leandro Bakunadir. Angliyaning "Aston Villa" klubidagi tajribasi bilan yaxshi tanish bo'lgan Bakuna Kyurasao tarixida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar ro'yxatida birinchi o'rinda turadi (darvozabon Eloy Room bilan bir qatorda, 71 ta o'yin). U saralash bosqichida bor-yo'g'i bitta o'yinni o'tkazib yubordi va maydon markazida mutlaq yetakchilik qildi. Uning ukasi Junino Bakuna esa hujumkor yarim himoyada faollik ko'rsatib, saralash bahslarida 3 ta muhim golni kiritishga erishdi.
Jamoaning mudofaa qo'rg'onini Niderlandiyaning elit divizioni Eredivizieda to'p suradigan tajribali himoyachilar tashkil etadi. PSV Eyndxovenning jismonan baquvvat markaziy himoyachisi Armando Obispo va Saudiya Arabistonining "Abha" klubi vakili Yurien Gaari mudofaaning barqarorligini taminlaydi. Darvoza daxlsizligi esa ko'p yillardan beri "Mayami" klubida o'ynayotgan faxriy Eloy Roomga ishonib topshirilgan. Hujum chizig'ida kreativlik Angliyaning "Sheffild Yunayted" klubi yarim himoyachisi Tahit Chong va tajribali Jurgen Lokadiya zimmasidadir.
Kyurasao milliy terma jamoasi tarkibi
Darvozabonlar: Eloy Room, Tirik Bodak, Trevor Doornbush.
Himoyachilar: Armando Obispo, Yurien Gaari, Rishedli Bazur, Joshua Brenet, Sherel Floranus, Roshon van Eyma, Deveron Fonville, Shurandi Sambo.
Yarim himoyachilar: Leandro Bakuna, Junino Bakuna, Godfrid Rumeratu, Kevin Felida, Livano Komenensia, Arjani Marta, Tirese Noslin.
Hujumchilar: Tahit Chong, Jurgen Lokadiya, Jeremi Antonisse, Sonte Hansen, Kenji Gorre, Jervane Kastaneer, Brandley Kuvas, Jearl Margarita.
Qur'a tashlash marosimi natijalari Kyurasao uchun hech qanday engillik bermadi. Ular "E" guruhidan o'rin oldilar va bu yerda ularni Yevropaning gegemonlaridan biri, to'rt karra jahon chempioni Germaniya, Janubiy Amerikaning jismonan eng kuchli jamoalaridan bo'lgan Ekvador hamda Afrikaning Kot-d'Ivuar jamoasi kutib turibdi. Statistik jihatdan Kyurasao hatto guruhdagi o'zidan bitta oldinda turadigan Kot-d'Ivuardan ham reyting bo'yicha 48 pog'ona ortda joylashgan. Guruhdagi birinchi o'yin "nemis mashinasi"ga qarshi o'tadi va bu Kyurasao futbolchilari uchun ruhiy va taktik jihatdan eng katta sinov bo'lishi tabiiy. Biroq uchinchi o'rinni egallagan jamoalarning ham pley-offga chiqish imkoniyati borligi ularga umid bag'ishlaydi.

Kabo-Verde
Jahon chempionati debyutantlari orasida alohida etirofga loyiq jamoalardan biri bu - Afrika qitasining g'arbiy qirg'oqlari yaqinida joylashgan, atigi 600,000 atrofidagi aholiga ega bo'lgan orol-davlat Kabo-Verde terma jamoasidir. Kabo-Verdening mundialga yo'l olishi turnirning "eng yaxshi kayfiyat bag'ishlovchi hikoyasi" sifatida qaralmoqda. Musobaqa tarixiga nazar tashlasak, ular Jahon chempionatiga chiqqan eng kam aholiga ega davlatlar ro'yxatida yetakchilardan biri hisoblanadi va Afrika qitasidan bunday kichik davlatning chiqishi chinakam sensaciya hisoblanadi.
"Ko'k akulalar"ning bu natijasi qatiy taktik intizom va mukammal himoyaviy o'yin natijasidir. Saralash bosqichida ular "D" guruhida ishtirok etib, Afrika futbolining eng katta gegemonlaridan biri, avvalgi Jahon Chempionatlarida sakkiz marta qatnashgan Kamerun milliy terma jamoasini dog'da qoldirdilar. Kabo-Verde saralash cikli doirasida jami 10 ta uchrashuvning 7 tasida g'alaba qozonib, 23 ochko to'pladi va guruhda eng yaqin taqibchisi bo'lgan Kamerundan 4 ochkolik tafovut bilan to'g'ridan-to'g'ri birinchi o'rinni egalladi.
Kabo-Verdening yuzi va eng buyuk futbolchisi bu, shubhasiz, jamoa sardori Rayan Mendes hisoblanadi. Mendes milliy terma jamoa libosida eng ko'p o'yin o'tkazgan (97 ta o'yin) va eng ko'p gol urgan (22 ta gol) futbolchi rekordini o'zida saqlab turibdi. Uning qanotlardagi tezligi va katta musobaqalardagi boy tajribasi hujum chizig'ida Daylon Livramento, Garri Rodriges, Jovane Kabral va Villi Semedo kabi tezkor sheriklari bilan birgalikda raqiblarning ochiq qolgan zonalarini jazolashda muhim.
Kabo-Verde milliy terma jamoasi tarkibi
Darvozabonlar: Vozinya, Marsio da Rosa, Karlos Santos.
Himoyachilar: Roberto Lopes, Logan Kosta, Stiven Moreyra, Vagner Pina, Joao Paulo Fernandes, Sidni Lopes Kabral, Kelvin Pires, Yannike Tavares, Edilson Borjes.
Yarim himoyachilar: Jamiro Monteyro, Telmo Arkanjo, Kevin Pina , Laros Duarte, Deroy Duarte, Yannik Semedo.
Hujumchilar: Rayan Mendes, Daylon Livramento, Garri Rodriges, Jovane Kabral, Villi Semedo, Gilson Benchimol, Nuno da Kosta, Helio Varela.
Kabo-Verde turnir oldidan o'tkazilgan qur'a tashlash marosimiga ko'ra "H" guruhidan joy oldi. Bu guruhda ular jahon futbolining eng ko'zga ko'ringan grandlari hisoblangan Ispaniya va Urugvay terma jamoalariga, shuningdek, Osiyo mintaqasining gegemonlaridan biri bo'lgan Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib boradi.
Kabo-Verde guruhdagi eng past reytingga ega jamoa sifatida musobaqaga kirib kelayotgan bo'lsa-da, turnirning rasmiy tahlilchilari ushbu jamoa kuchli raqiblarning kayfiyatini buzuvchi va kutilmagan natija qayd etuvchi kuch sifatida harakat qilishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CANNAVARO promokodi bilan 45 kun bepul"
Promokodni faollashtirish HAVOLASI



