

Biroq 11 iyun kuni Mexiko shahrida boshlanadigan turnir oldidan hayajon kuchayib borayotgan bir paytda, butun dunyo bo'ylab muxlislar so'nggi bir necha hafta ichida mashhur futbolchilardan biri jarohat olganda yoki o'z mamlakati tarkibidan chetda qolganini ko'rib, tez-tez nafaslarini ichiga yutishga majbur bo'lishdi.
Shu tariqa, sayyoramizning eng mashhur yulduzlaridan bazilari o'z terma jamoalari saralashdan o'ta olmagani sababli o'z mahoratini namoyish eta olmaydigan bir paytda, yo'llanmani qo'lga kiritgan mamlakatlar tarkibida ham jarohat yoki murabbiylarning ishonchini oqlay olmagani sababli turnirni o'tkazib yuboradigan o'yinchilarning kattagina ro'yxati shakllanib ulgurdi...
Koul Palmer (Angliya) Hozirgi kunda Angliyadan ko'ra kengroq tarkibga ega jamoalar kam va Tomas Tuxel yozdagi turnirda uzoqqa borish imkoniyatiga ega bo'lgan ikkita to'laqonli tarkibni bemalol yig'ishi mumkin edi. Shunga qaramay, "Uch sherlar" ustozi Koul Palmerni yakuniy 26 kishilik ro'yxatidan tushirib qoldirgani katta yangilik bo'ldi.
To'g'ri, Palmer o'tgan mavsum "Chelsi"da jismoniy holat bilan bog'liq muammolarga duch keldi, ammo uning asosiy tarkibda yoki zaxiradan maydonga tushib o'yin taqdirini o'zgartira olish qobiliyatiga shubha yo'q. U, shuningdek, penaltilarni sovuqqonlik bilan amalga oshiruvchi tajribali o'yinchi hisoblanadi, ammo Evro-2024 finalida Angliyaning goliga mualliflik qilgan futbolchi oradan ikki yil o'tib Shimoliy Amerikaga uchadigan samolyotdan joy olmadi.
Bu borada Palmer yolg'iz emas. So'nggi turnirlarning doimiy ishtirokchilari bo'lgan Fil Foden, Trent Aleksander-Arnold, Garri Maguayr va Lyuk Shou kabilar ham tarkibga kira olishmadi. Shu bilan birga, Premer-ligadagi individual yorqin mavsumiga qaramay, Morgan Gibbs-Uayt, Jarrod Bouen, Adam Uorton yoki Lyuis Xoll kabilardan hech biri yakuniy ro'yxatga kiritilmagani hayratga sabab bo'ldi.

Joao Pedro (Braziliya) Palmer kutilmaganda uyda qoldirilgan yagona "Chelsi" yulduzi emas. Karlo Anchelotti "Stemford Brij"da 20 ta gol urgan mavsumiga qaramay, Joao Pedroni Braziliya terma jamoasi tarkibidan chetda qoldirishga qaror qildi.
Pedro mart oyidagi o'rtoqlik o'yinlarining ikkinchisida – Xorvatiya ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g'alabada asosiy tarkibda maydonga tushganidan so'ng, "Selesao"ning orzu qilingan 9-raqamli libosiga asosiy da'vogardek ko'ringan edi. Biroq uning o'rniga "Brentford" hujumchisi Igor Tiagoga ishonch bildirildi.
Risharlison, Savio va Joelinton kabilarning ham tarkibdan chetda qolishi Anchelottining murabbiy sifatidagi ilk yirik turniri oldidan qanchalik boy tanlovga ega ekanligini ko'rsatadi.

Rodrigo (Braziliya) "Real Madrid"ning sobiq ustozi Karlo Anchelotti yozda o'zining sobiq shogirdlaridan biri Rodrigo xizmatidan foydalana olmaydi, chunki hujumchi mart oyining boshida tizza old xochsimon boylamidan jarohat oldi.
Jarohatdan endigina qutulib qaytgan Rodrigo "Real Madrid"ning "Xetafe" ustidan qozonilgan g'alabasi vaqtida o'ng tizzasidan shikastlandi. Ertasi kuni o'tkazilgan tibbiy ko'rikdan so'ng uning xavotiri tasdiqlandi. Bu esa 25 yoshli futbolchining 2022 yilgi turnirning chorak finalida Xorvatiyaga qarshi penaltilar seriyasida yo'l qo'ygan xatosini yuvish imkoniyatidan mahrum bo'lganini anglatadi.
Braziliya terma jamoasi jarohatlar qurboniga boshqalardan ko'ra ko'proq aylangandek ko'rinadi. Rodrigoning "Real Madrid"dagi jamoadoshi Eder Militao ham aprel oyida sonidan operaciya qilingani sababli musobaqani o'tkazib yuboradi. Militao so'nggi yillarda jismoniy holati bilan bog'liq muammolardan aziyat chekmoqda (xususan, 15 oy ichida ikkala tizzasidagi xochsimon boylamlarini uzib oldi) va endi oktyabr oyigacha safdan chiqdi.
Braziliyaning yo'qotishlari ichida eng umidsizlantiradigani ehtimol 19 yoshli Estevandir. U aprel oyida "Chelsi" safida o'ynayotganda orqa son mushagidan jarohat oldi va vaqtida tiklana olmadi. 19 yoshli iqtidor egasi so'nggi oltita xalqaro o'yinida beshta gol urganini hisobga olsak, yozda katta sahnada o'z mahoratini ko'rsata olmasligi chinakam achinarli holat.

Din Xyoysen (Ispaniya) Braziliya "Real Madrid"ning ikki vakilini tarkibga kirita olmagan bo'lsa, Ispaniya Jahon chempionatlari tarixida birinchi marta "Los Blankos" tarkibidan birorta ham o'yinchini ro'yxatga kiritmaslikdek tarixiy qarorni qabul qildi.
Bu borada eng kutilmagan qaror Din Xyoysenning chetda qolishi bo'ldi. U yozda "Bornmut"dan kelganidan so'ng "Bernabeu"da past-balandliklardan iborat birinchi mavsumni boshdan kechirgan bo'lsa-da, Luis de la Fuentening yozgi qaydnomasidan joy olishi, hatto Yevropa chempionlari safida asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilgan edi. Boisi, u "La Roxa" safida maydonga tushish imkoni bo'lgan so'nggi etti holatning oltitasida asosiy tarkibda qayd etilgandi.
Faoliyatining boshqa qutbida turgan faxriy o'ng qanot himoyachisi Dani Karvaxal ham uyda qoldirilgach, ehtimol o'z mamlakati uchun so'nggi o'yinini o'tkazib bo'lgandir.
Ispaniya ham jarohatlardan aziyat chekdi, bu boradagi eng e'tiborga molik yo'qotish Fermin Lopes bo'ldi. Gol va assistlar tizimida jami 30 ta samarali harakatni amalga oshirgan mavsum yakunida "Barselona" yarim himoyachisi oyog'ini sindirib oldi va operaciya qilindi, shu tariqa bo'lajak turnirni o'tkazib yuboradi. Shu bilan birga, "Portu" hujumchisi Samu Agexova fevral oyida xochsimon boylamini uzib olgan edi.

Eduardo Kamavinga (Fransiya) "Real Madrid"ning yana bir vakili uchun Fransiya bosh murabbiyi Dide Deshamdan yomon xabar keldi: u o'zining murabbiy sifatidagi so'nggi turnirida Eduardo Kamavingani tarkibdan chetda qoldirishga qaror qildi.
Kamavinga Ispaniya poytaxtida mavsumning ikkinchi yarmini qiyin o'tkazdi va allaqachon "Uch ranglilar" yarim himoyasidagi raqobatda o'z o'rnini yo'qotayotganini hisobga olsak, uning yakuniy 26 kishilik ro'yxatga kira olmagani ehtimol kutilmagan holat emas.

Ugo Ekitike (Fransiya) Desham bu vaqtga kelib Ugo Ekitikesiz harakat qilishga majbur ekanligini allaqachon bilardi, chunki hujumchi aprel oyida jarohat olgan va bu uni 2026 yilning qolgan qismida maydonga tushishdan mahrum qilgan edi.
Ekitike xalqaro maydondagi debyutini sentyabr oyida o'tkazgan bo'lsa-da, "Liverpul"dagi ajoyib debyut mavsumidan so'ng Fransiyaning hujum chizig'ida o'z o'rnini mustahkamlab olgandi. U Arne Slot qo'l ostida 17 ta gol urdi, shuningdek, mart oyida Fransiyaning Braziliya ustidan qozonilgan o'rtoqlik uchrashuvida g'alaba to'pini kiritgan edi.
Biroq u yozda turnirni uzoq manzildan kuzatishga majbur.

Xavi Simons (Niderlandiya) Evro-2024 yarim finaliga chiqqan Niderlandiya yozda chempionlik uchun kurashishga qodir ekanligiga ishonmoqda. Biroq aprel oyi oxirida Xavi Simons "Tottenxem" safida "Vulverxempton"ga qarshi o'yinda xochsimon boylamini uzib olgani tasdiqlangach, ularning umidlariga jiddiy zarba berildi.
Simons "RB Leyptsig"dan kelganidan so'ng Premer-liganing debyut mavsumida barqarorlik borasida qiynalgan bo'lsa-da, u hozirgi Jahon chempionati ciklida Ronald Kumanning eng ishonchli futbolchilaridan biriga aylangandi. Uning hujumda yo'q joydan xavf yarata olish qobiliyati o'yin taqdirini hal qiluvchi iqtidorlarga muhtoj bo'lib turgan "Apelsinranglar" tarkibida bilinadi.
"Manchester Yunayted" himoyachisi Matteys de Ligt ham shunga o'xshash vaziyatda. U noyabr oyining oxiridan beri "Old Trafford"da maydonga tusha olmasligiga sabab bo'lgan jarohati uchun belidan operaciya qilinishga majbur bo'ldi. De Ligt ushbu jarrohlik amaliyotini mundialdan keyinga qoldirishga umid qilgan edi, ammo oxir-oqibat taslim bo'lishga majbur bo'ldi.
Shuningdek, Kuman "Liverpul"ning tezkor qanot himoyachisi Jeremi Frimpongni va "AZ Alkmaar"ning yuqori baholangan hamda talabgir yarim himoyachisi Kes Smitni tarkibga kiritmaslikka qaror qildi.

Serj Gnabri (Germaniya) Germaniya Jahon chempionatiga Shimoliy Amerikada qanday qilib gol urishi borasidagi bazi savollar bilan yo'l olmoqda. Yulian Nagelsmann Serj Gnabrining "Nemis mashinasi" hujum chizig'i faoliyatini taminlashda asosiy rol o'ynashiga umid qilgan bo'lardi, chunki u tarkib e'lon qilinishidan oldingi ettita o'yinning to'rttasida gol urgan edi.
Biroq "Bavariya"dagi kuchli mavsumdan so'ng (bunda Gnabri Maykl Olise, Garri Keyn va Luis Dias kabi erkin hujum chizig'i ortida porlab, gol va assistlar bo'yicha ikki xonali ko'rsatkichlarni qayd etgan edi), u aprel oyidagi mashg'ulot vaqtida mushagidan shikastlandi. Bu esa xuddi 2018 yildagi kabi u terma jamoadan chaqiruv olmasligini anglatardi.

Kaoru Mitoma (Yaponiya) Yaponiya turnirning potencial "qora tulpori" sifatida tilga olinmoqda, chunki "Ko'k samuraylar" Osiyo qitasi nomidan qatnashadigan eng kuchli tarkiblardan birini yig'a olishgan. Biroq ular Jahon chempionatlari tarixida birinchi marta 1/8 finaldan o'tishni xohlashsa, o'zlarining eng yaxshi o'yinchisi – Kaoru Mitomasiz amalga oshirishlariga to'g'ri keladi.
Mart oyidagi o'rtoqlik uchrashuvida Angliyaga qarshi g'alaba to'pini kiritgan qanot vingeri Premer-liga mavsumining so'nggi haftalarida "Brayton" safida son orqa mushagidan jarohat oldi va turnirda sezilarli rol o'ynash uchun o'z vaqtida tiklana olmaydi.
Takumi Minamino dekabr oyida xochsimon boylamini uzib olib, safdan chiqqanligi sababli, Yaponiyaning hujum chizig'idagi imkoniyatlari jarohatlarsiz qanday bo'lishi mumkin bo'lgan bo'lsa, shunchalik kuchli ko'rinmayapti.

Jonni Kardozo (AQSH) Hech bir futbolchi Jahon chempionatini o'tkazib yuborishni istamasa-da, mezbon davlat sharafini himoya qilishga shaylanganlar uchun bu yanada og'riqlidir. Shu manoda AQSH terma jamoasi yarim himoyachisi Jonni Kardozoga achinmaslik qiyin, chunki u may oyida to'pig'idan operaciya qilinishga majbur bo'ldi va bu hol "Atletiko Madrid" futbolchisining Maurisio Pochettino tarkibiga kirish umidlarini puchga chiqardi.
U aprel oyida "Derbi Kaunti" safida axill payidan jiddiy jarohat olgan va musobaqani uydan kuzatishga majbur bo'lgan hujumchi Patrik Agemang safiga qo'shildi. Agemang AQSHning mart oyidagi ikkala o'rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushib, Portugaliya darvozasiga gol urgan va xalqaro gollari sonini 14 ta o'yinda oltitaga etkazgan edi, ammo endi bu raqamni oshirish uchun kutishiga to'g'ri keladi.

Luis Anxel Malagon (Meksika) Yana bir hammezbon Meksika ham turnir oldidan jarohat bilan bog'liq zarbaga duch keldi: asosiy darvozabon Luis Anxel Malagon KONKAKAF Chempionlar ligasida "Klub Amerika" safida axill payini jarohatladi.
Biroq bir o'yinchining Jahon chempionatidagi orzusi tugar ekan, bu boshqa birov uchun oldinga chiqish imkoniyatini beradi. Malagonning yo'qligi faxriy darvozabon Gilermo Ochoaga 41 yoshga to'lishi arafasida o'zining oltinchi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun eshik ochdi.

Kristof Baumgartner (Avstriya) Hozirda murabbiylar ham, muxlislar ham turnir oldidan o'tkazilayotgan o'quv-mashg'ulot yig'inlari va tayyorgarlik o'yinlarida jamoalarida boshqa jarohatlar bo'lmasligini so'rab duo qilishmoqda. Biroq katta turnir startiga sanoqli kunlar qolganda bir nechta asosiy o'yinchilar musobaqani tark etishga majbur bo'lishdi.
"RB Leyptsig"da17 ta gol urib, sakkizta golli uzatmani amalga oshirgan mavsumdan so'ng, Kristof Baumgartner yozda Avstriyaning asosiy futbolchisi bo'lishi kutilgan edi. Biroq o'z mamlakatining Tunisga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi oldidan o'tkazilgan chigalyozdi mashqlarida hujumkor yarim himoyachi to'satdan maydonni tark etdi.
Eng yomon holatdan xavotirlangan avstriyaliklar uchun ertasi kuni Baumgartnerga lat egan son mushagi operaciya qilinishi kerakligi va shu sababli u Shimoliy Amerikaga bormasligi tasdiqlandi.
Shotlandiya ham turnir oldidan o'tkazilgan o'rtoqlik o'yinlarining jabrini tortmoqda: asosiy yarim himoyachi Billi Gilmor "Xempden Park"da Kyurasao ustidan qozonilgan g'alabada tizzasidan jarohat oldi.

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CANNAVARO promokodi bilan 45 kun bepul"
Promokodni faollashtirish HAVOLASI



