

Saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov bugungi kunda Kosovo chempionati vakili “Drenicha” jamoasida ishlayotgan mutaxassis bilan bog'landi va bir qator savollarga javob oldi.
- Tomas, 2012–2013 yillar davomida “Bunyodkor” klubida muayyan davr mobaynida faoliyat yuritgansiz. O'shanda o'zbek futbolining qaysi jihatlari sizni eng ko'p hayratda qoldirgan va aksincha, nimalar biroz ranjitgan?
- “Bunyodkor” klubida o'tkazgan davrim men uchun har tomonlama juda ijobiy va nihoyatda hayajonli bo'lgan edi. Bu loyiha ortidagi ulkan maqsad va rejalar bor edi. Klub kelajakka poydevor qo'yish va barqaror tizim yaratish yo'lida aniq strategiyaga egaligini ko'rgandim. Menda ushbu rivojlanish jarayoniga, ayniqsa, asosiy tarkib, yosh istedodlar va murabbiylar shtabi o'rtasidagi bog'lovchi bo'g'in sifatida o'z hissamni qo'shish imkoniyati paydo bo'ldi.
Infratuzilma sohasidagi o'zgarishlar ham kishida katta taassurot qoldirardi. Yangi stadion barpo etilishi, barcha sharoitlarga ega zamonaviy akademiyaning tashkil etilishi klubning yuksak ambiciyalaridan dalolat edi. Bu yerda uzoq muddatli istiqbolni ko'zlab sarmoya kiritilayotgandi - bunday tizimli yondashuvni har yerda ham uchratavermaysiz.
Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, to'g'risini aytsam, u yerda meni ranjitgan biror holat bo'lmagan deya olaman. Aksincha, men o'zbek futbolida yuqori ishtiyoq, katta maqsadlar va professionalizmni ko'rganman. Insonlar yangilikka ochiq, o'rganishga chanqoq va futbolga chin dildan mehr qo'ygan edilar.
- 2012 yil “Bunyodkor” OCHL Sharq mintaqasida kutilmagan natijalar qayd etgan edi…
- Ha, esimda. O'ziga hos ajoyib davr bo'lgan. Natija shunchaki zo'r edi.

- “Bunyodkor” klubi o'zining boy tarixi va kuchli akademiyasi bilan mashhur. Siz ishlagan davrda jamoa ichidagi muhit qanday edi va yosh futbolchilarning salohiyatini qanday baholagansiz? Ulardan birontasini Yevropa klublariga tavsiya qilganmidingiz?
- Jamoa ichidagi muhit yuqori darajada professional bo'lishi bilan birga, xuddi ahil oilani eslatardi. Xususan, murabbiylar shtabidagi hamkorlikni juda ijobiy xotiralar bilan eslayman. Biz bir-birimizni ham kasbiy, ham insoniy jihatdan mukammal to'ldirib turardik, fikr almashinuvlarimiz esa doimo o'zaro hurmat asosida, konstruktiv ruhda kechardi.
Mening vazifamning muhim qismi - yosh iqtidorlarni asosiy jamoaga integraciya qilishdan iborat edi. “Bunyodkor”da katta salohiyatga ega juda qiziqarli yosh futbolchilar bor edi. O'sha paytdayoq ko'plab yoshlarning texnik jihatdan yaxshi shakllangani va taktik ko'rsatmalarni tez o'zlashtira olishi yaqqol ko'rinib turardi.
Afsuski, klubdagi faoliyatim ularning Yevropaga transfer qilinishi uchun tizimli poydevor yaratish yoki aniq qadamlarni amalga oshirishga ozgina kamlik qildi. Shunga qaramay, ayrim futbolchilarning vaqti kelib xalqaro maydonda yanada yuqori darajaga chiqa olishiga ishonchim komil edi.
- Jahon chempionati ishtirokchilari soni 48 taga etkazilgani yillar davomida mundial ostonasida to'xtab qolgan O'zbekiston kabi terma jamoalarga qanchalik adolatli imkoniyat taqdim etdi? Bu kengayish turnir sifatiga salbiy ta’sir ko'rsatmaydimi?
- Musobaqada ishtirokchilar sonining ortishi, tabiiyki, o'yinlar soni ko'payishini anglatadi - yani miqdor oshadi. Tajriba shuni ko'rsatadiki, buning natijasida bazan sifatga putur yetishi mumkin. Shunga qaramay, men bu islohotga ikki yoqlama yondashaman.
Kichikroq federatsiyalar va endigina yuksalib kelayotgan futbol mamlakatlari uchun bu dunyo futbolining eng yirik sahnasida o'zlarini ko'rsatish uchun ulkan imkoniyatdir. Yillar davomida Jahon chempionati yo'llanmasiga bir qadam qolganda to'xtab qolgan O'zbekiston kabi davlatlar, nihoyat, o'z rivojlanish darajasini xalqaro miqyosda namoyish etish va balki katta sensaciyalar qayd etish uchun real imkoniyatga ega bo'lmoqdalar. Menimcha, O'zbekiston Jahon chempionati yo'llanmasini mutlaqo haqqoniy tarzda qo'lga kiritdi va bu yerda ularning eng asosiy syurprizlardan biriga aylanish uchun salohiyati etarli.
Boshqa tomondan, yetakchi futbol mamlakatlariga bo'lgan bosim yanada ortadi. Ular ko'proq o'yin o'tkazishlari kerak, xato qilishga haqlari deyarli yo'q va ulardan kutilayotgan natijalar juda yuqori. Natijada, turnir butunlay yangicha dinamika kasb etishi mumkin.

- O'zbekiston terma jamoasi bu musobaqada debyut qiladi. Bunday bosimga tayyor bo'lish uchun nima talab qilinadi?
- Avvalambor bir haqiqatni tan olish kerak: O'zbekiston Jahon chempionati yo'llanmasini mutlaqo haqqoniy tarzda qo'lga kiritdi. So'nggi yillarda mamlakatda futbol juda ijobiy suratlarda rivojlanib bormoqda.
Ushbu mashaqqatli yo'lni diqqat bilan kuzatib borgan inson sifatida shuni ayta olamanki, terma jamoa o'yinida tinimsiz o'sish ko'zga tashlanmoqda. Bugungi kunda ko'plab o'zbek futbolchilari xorijning top-klublari bilan shartnoma imzolagan yoki xalqaro maydonda katta tajriba to'plashga ulgurgan. Bu esa, o'z navbatida, jamoaning umumiy saviyasi va maydondagi o'ziga bo'lgan ishonchida yaqqol aks etmoqda.
Albatta, Jahon chempionati - butunlay boshqa daraja. U yerdagi raqobat, OAVning e'tibori va ayniqsa, ruhiy bosim Osiyo saralash bosqichidagidan tubdan farq qiladi. Endilikda bosh omil - jamoaning mana shunday yangi muhitga qanday moslasha olishiga bog'liq bo'ladi. Shu bilan birga, men O'zbekiston milliy terma jamoasida mazkur musobaqaning eng asosiy syurprizlaridan biriga aylanish uchun etarlicha salohiyat ko'rmoqdaman.
Yana bir jihatni unutmaslik lozim: bugungi kunda Osiyo jamoalari juda jozibali, tezkor va taktik jihatdan rang-barang futbol namoyish etishmoqda. Bu esa ularni kutilmagan va har qanday raqib uchun noqulay jamoaga aylantiradi.
- Germaniya terma jamoasi 2014 yilgi Jahon chempionligidan so'ng, ketma-ket ikkita mundialda guruhdan chiqa olmadi. Qizig'i, ular bir safar Koreyaga, keyingisida Yaponiyaga imkoniyatni boy berishdi. Bu yilgi Jahon chempionatidan nimalar kutyapsiz?
- Menimcha, bu safar nemislar uchun ijobiy o'zgarishlar sezilmoqda. Germaniya har qanday yirik turnirda doimo chempionlikka da'vogar hisoblanishi kerak.
Hozirgi jamoa ancha barqaror va umumiy jihatdan yaxshi muvozanatlashgandek taassurot qoldirmoqda. Tarkibda tajriba, mahorat va g'alabaga bo'lgan chanqoqlikning uyg'unligi yana yaqqol ko'zga tashlanyapti. Agar jamoa ichidagi mana shu balans to'g'ri saqlanib qolsa va futbolchilar o'zlarining bor salohiyatlarini namoyish eta olishsa, menimcha, kamida yarim finalga qadar yetib borish real vazifa hisoblanadi. Bu esa allaqachon juda salmoqli natija bo'lardi. Ayni paytda Germaniyada yirik turnir oldidan muxlislarning katta jo'shqinligi sezilmoqda.
Shu bilan birga, raqiblarni, ayniqsa, Osiyo jamoalarini aslo kamsitib bo'lmaydi. Yaponiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar so'nggi yillarda har qanday raqib uchun qanchalik noqulay ekanliklarini isbotlab bo'lishdi. Ularning tezkor, jozibali va taktik jihatdan moslashuvchan futboli muntazam ravishda hatto eng top-terma jamoalarni ham jiddiy qiyinchiliklarga duchor qilmoqda. Umuman olganda, Osiyo jamoalari hozir juda xavfli va kutilmagan raqibga aylanishgan.



