Islombek Ismoilov: "Omad doim kuchlilarga kulib boqadi deyishadi"

Superliga 5-turdan o'rin olgan "Qizilqum" - "Neftchi" (0:4) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "Neftchi" bosh murabbiyi Islombek Ismoilov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalambor qo'lga kiritilgan ushbu g'alaba bilan jamoamizni, muxlislarni va uzoq yo'l bosib kelgan ishqibozlarimizni tabriklayman. O'yinga to'xtaladigan bo'lsak, "Qizilqum" juda yaxshi jamoa, ular "Paxtakor"ga qarshi ham ajoyib o'yin ko'rsatishgandi. So'ngra keyingi bahslarda g'alaba qozondi, yaxshi murabbiylar shtabi jamlangan. "Qizilqum" yaxshi futbol namoyish etishga harakat qilyapti.

Biz har bir o'yinga bo'lgani kabi bu uchrashuvga ham reja bo'yicha tayyorgarlik ko'rdik. FIFA kunlaridan keyin asosiy urg'uni jamoa holatini birxillashtirishga va o'yin uslubimizni takomillashtirishga qaratdik. Birinchi bo'limda jamoa yaxshi o'yin ko'rsatib, ikkita gol urishga muvaffaq bo'ldik. Tanaffusdan keyin ham ikki bor to'p kiritishning uddasidan chiqdik va yakunda g'alabaga erishdik.

Har turda turli antirekordlarni buzishga harakat qilyapmiz. Mana, 18 yildirki "Neftchi" Navoiyda g'alaba qozona olmay kelayotgan ekan, bugun shunga chek qo'yganimiz bizni yanada xursand qildi. Qolaversa bungacha har o'yinda uchtadan gol urgan bo'lsak, bugun to'rtta gol urishning uddasidan chiqdik. Bu ham xursand qildi. Albatta, g'alaba doim yoqimli, lekin bu bilan ovora bo'lib qolishimiz kerak emas. Chunki keyingi turda bizni jiddiy raqib "Paxtakor" kutyapti. Bugungi yutuqni tezroq esdan chiqarib navbatdagi bahsga hozirlik ko'ramiz.

- Stipe Pericaning zaxirada qolgani nima bilan bog'liq?

- Stipe biz uchun muhim o'yinchilardan biri. Hisob ishonchli ko'rinish olgach, boshqalarga imkon berishni maqul topdik. Har bir o'yinimizdan so'ng futbolchilar harakatini tahlil qilib chiqamiz va kim qancha daqiqa harakat qilishi lozimligini shunga qarab belgilaymiz. Shu reja asosida ish olib borishga to'g'ri kelyapti, chunki taqvim ancha zich. Kam amaliyotga ega futbolchilarga imkon berishni lozim topdik. Bugun 2007 yil tug'ilgan Nurmuhammad Abdug'aniev o'z debyutini o'tkazdi. Albatta, u ham juda iqtidorli futbolchi, U-20 terma jamoamizga nomzod o'yinchi hisoblanadi. Agar Nurmuhammad shu tempda davom etsa va ishlashdan to'xtab qolmasa kelgusi yillarda yana bir sifatli himoyachiga ega bo'lamiz.

- Bu savol g'alati tuyulishi mumkin, balki qulog'ingizga ham chalingandir. "Neftchi"ning hozirgi tarkibi bilan istalgan murabbiy natijaga erisha oladi" kabi gaplarga munosabatingiz qanday?

- To'g'risi, men uchun bu kabi gaplar oddiy hol bo'lib qoldi. Tarkibga keladigan bo'lsak, sifatli yaxshi saviyadagi futbolchilarimiz ko'p, lekin ularning hammasi bir paytda maydonda o'ynamaydi. O'tgan yilgi o'zakni saqlab qolgan holda jamoani kuchaytirish ustida ish olib boryapmiz. O'tgan yil bilan solishtirganda jamoamiz o'yinida o'zgarish bor deb o'ylayman. Futbolchilar o'sha-o'sha bo'lishi mumkin, lekin uslubimiz sal boshqacha. O'zingizga shunday savol bersam: o'tgan yilgi o'yin bilan bu yilgisi o'rtasida farq bormi?

- Ha bor.

- Ko'rdingizmi, hammasi harakat va maqsadga bog'liq. "Neftchi"dek jamoani boshqarish mening omadim deb o'ylayman. "Neftchi"dek klubni boshqarishni har bir o'zbekistonlik murabbiy xohlaydi desam yanglishmagan bo'laman. Shu bois buni o'zim uchun baxt deb bilaman va sizning savolingizni oddiy qabul qilaman.

- "Qizilqum" bugun bir nechta vaziyatlardan foydalana olmadi. Agar raqib gol urganida hisob bu qadar yirik ko'rinish olmasdi deb hisoblaysizmi?

- Aytib o'tganimdek, "Qizilqum" ham yaxshi shakllangan jamoa. Yirik hisobdagi yutuqni osonlikcha qo'lga kiritdik deya olmayman. Raqib ham astoydil qarshilik ko'rsatdi. Jamoada murabbiy imzosi ko'rinyapti. Lekin ikkinchi va ayniqsa uchinchi goldan keyin mezbonlar ruhan sinib qolishdi. Agar raqib to'p kiritganida o'yin kartinasi o'zgarib kyetishi ham mumkin edi. Omad doim kuchlilarga kulib boqadi deyishadi, o'ylashimcha, biz bugun g'alabaga haqliroq edik.

- Shimoliy Koreya U-16 terma jamoasi bilan bahsda raqib o'yinchisiga atayin qizil kartochka oldirish holati kuzatilgandi. Bugungi janjal ham shuning mantiqan davomi bo'ldimi?

- Yo'q, bunday demagan bo'lardim. Biz doim jamoa futbol namoyish etishini istaymiz va o'yin sifati yanada yaxshiroq bo'lishini xohlaymiz. Nega oxirgi bahslarda ko'p gol uryapmiz? Chunki maqsadimiz o'yin sifatini yaxshilashga qaratilgan. Biz hech qachon janjal chiqarishga alohida tayyorgarlik ko'rmaymiz, bunga harakat qilmaymiz ham. Maqsadimiz futbol o'ynash, g'alaba qozonish va muxlislarni xursand qilish. Janjalli holat o'yinning bir qismi, o'sha vaziyatda har ikki futbolchi qizishib ketdi deb o'ylayman. Alisher Odilov qizishib keta boshlagach, o'ng qanotga o'tkazdik, vaholanki bu rejamizda yo'q edi.

- Siz boshqargan U-17 terma jamoamiz futbolchilarini negadir klublar asosiy tarkibida ko'rmayapmiz?

- Terma jamoada iqtidorli futbolchilar ko'p va hammaning sekin-asta o'z payti keladi. Klublar ham sekin-sekin yoshlarga imkon beradi. Birdaniga katta oqimga qo'shilib kyetish oson emas. Shunga qaramay, Sadriddin Hasanov, Sayfiddin Sodiqov, Nurbek Sarsenbaev kabi futbolchilar maydonga tushyapti. Menimcha, may oyida bo'ladigan bo'ladigan Kubok o'yinlarida ko'plab yoshlarni ko'ramiz.

- Savolim yo'g'-u, lekin bir iltimos bilan chiqqandim. To'rtinchi golni 90-daqiqada uringlar, odamlar zerikib qolmasin deb aytgandim. Lekin baribir bugun 60-daqiqaga kelib hisob 4:0 bo'ldi. Shunga tilak bildiraman, "Paxtakor" bilan bo'ladigan bahsning 90-daqiqasida beshinchi golni ursanglar. Keyin yana bir gap bugun o'yinni ko'raman deb Farg'onadan bir muxlis "Moskvich"da yo'lga chiqib 800 kilometr yo'l bosdi. Endi yana shuncha yo'l bosib ortga qaytib ketadi. G'alabadan sarmast bo'lib o'zini "Jentra"da ketayotgandek his qilsa ajab emas.

- Albatta, bundan xabarimiz bor. Shaxsan viloyatimiz hokimining ham xabarlari bor. Nasib qilsa, Farg'onaga qaytib borganimizdan so'ng shu muxlis bilan birgalikda chiroyli tushlik qilamiz.


Manba: championat.asia